
“Navbahor”da ishlagan murabbiy “Manchester Yunayted”ni boshqarmoqchi
Rossiyalik mashhur futbolchi va murabbiy Andrey Kanchelskis “Manchester Yunayted”da bosh murabbiy sifatida ishlash orzusi borligini aytdi.
- Men “Manchester Yunayted”ning bosh murabbiyi bo‘lib ishlash uchun faoliyatimda erishgan barcha sovrinlarimni shu ishga alishgan bo‘lardim. Kim o‘sha erda ishlashni orzu qilmaydi deysiz?
Har bir odamning o‘z orzusi bor, lekin hech kim uni ochiq ayta olmaydi. Hammamiz o‘zimizdan kelib chiqib, orzu-havas qilamiz, - dedi Andrey Kanchelskis.
Kanchelskis Evropadagi faoliyati davomida “Manchester Yunayted”, “Everton”, “Manchester Siti”, “Fiorentina”, “Glazko Reynjers”, “Sautgempton”da o‘ynagan. Shuningdek, Saudiya Arabistonida “Al-Hilol” jamoasida to‘p tepgan.
Faoliyati davomida ikki marotabadan Angliya va Shotlandiya chempionligini qo‘lga kiritgan. Umumiy hisobda futbolchi ularoq turli darajadagi 20 ta sovringa ega chiqqan.
Andrey Kanchelskis 2018-2019 va 2019-2020 yillar davomida ikki marotaba “Navbahor” bosh murabbiyi bo‘lib ishlagan.
Fikrlar