
"Navbahor"dan kutilmagan yangilik!
Yurtimizda muborak Ramazon hayiti shukuhi kezib yurgan damlarda “Navbahor” jamoasining ko‘p ming sonli muxlislarining fidoyiliklariga hurmat tariqasida, qolaversa, qutlug‘ ayyom sovg‘asi sifatida 6 may kuni bo‘lib o‘tadigan Coca-Cola Superliga 7-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Bunyodkor” uchrashuviga kirish BEPUL qilib belgilandi.
Bu ham, albatta, futbol muxlislari auditoriyasini kengaytirish, stadionga tomoshabinlarni jalb qilish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning uzviy davomidir.
Shu munosabat bilan, muxlislarga 6 may kungi uchrashuvda Namangan shahridagi “Markaziy” o‘yingohiga bepul kirib, stadiondagi CIP sektordan tashqari boshqa barcha sektorlarga joylashishlari mumkinligini ma’lum qilamiz.
Stadionga tashrif buyuruvchilardan jamoat tartibi va muxlislik madaniyatiga qat’iy rioya qilishlari, xususan, huquq-tartibot organlari xodimlari, atrofdagi boshqa tomoshabinlar va futbol uchrashuvi rasmiylariga nisbatan hurmat saqlashlari lozimligini eslatib o‘tamiz.
Ushbu futbol bayramiga bevosita guvoh bo‘lishni istagan barcha millionlar o‘yini ixlosmandlarini “Markaziy” stadioniga chorlaymiz! Zero, fidoyiligi va jonkuyarligi bo‘yicha mamlakatimizda alohida o‘ringa ega bo‘lgan “Navbahor” muxlislari sevimli jamoamizni odatdagidek, yuqori saviyada qo‘llab-quvvatlab, bayramona muhit hosil qilishlariga aslo shubha yo‘q.
Eslatma: “Navbahor” – “Bunyodkor” uchrashuvi 6 may kuni soat 18:30 da boshlanadi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar
Навбахор-Бунёдкор ўйинида Навбахорга, Насаф-Пахтакор ўйинида Насафга омад тилайман!