
"Navbahor"ga qarshi o‘yin oldidan "Al Hilol" haqida bilishimiz kerak bo‘lgan ma’lumotlar
18 sentyabr kuni OChL 1-truida “Al Hilol” – “Navbahor” bellashuvi bo‘lib o‘tadi. Toshkent vaqti bilan soat 23:00da start oladigan uchrashuv oldidan “Al Hilol” haqida ma’lumotlarni taqdim etamiz.
“Al Hilol” Saudiya Arabistoni poytaxti – Ar-Riyod shahri sharafini himoya qiladi va jamoa 1957 yil, 15 oktyabrda tashkil topgan.
Dastlab ushbu klub “Al Olimpiya” (Olimpiya klubi) deb nomlangan va 1958 yil, 3 dekabr kuni o‘sha paytdagi Saudiya Arabistoni qiroli Saud ibn Abdulaziz Al Saudning qaroriga ko‘ra, “Al Hilol”ga o‘zgartirilgan hamda ushbu so‘z arab tilidan tarjima qilinganida, yarim oy degan ma’noni anglatadi.
Ta’kidlash joizki, “Al Hilol” asos solinganidan buyon, 66 ta turli darajadagi sovrinlarni qo‘lga kiritgan va ayni paytga kelib, sovrinlar borasida nafaqat, Saudiya, balki, Osiyoda ham tengsiz klub sanaladi.
Aytish lozimki, jamoa 18 karra (Saudiya Arabistonida eng ko‘p) mamlakat chempioni va 4 karra Osiyo Chempionlar Ligasi (1991/1992, 1999/2000, 2019, 2021) g‘olibi hisoblanadi.
Bundan tashqari, “Al Hilol” 2 marta Osiyo Kubok egalari kubogi (1997, 2002), 2 marta Osiyo superkubogi (1997, 2000), shuningdek, 2 marta Arab Chempionlari kubogi (1994, 1995), 1 martadan Arab Kubok egalari kubogi (2001) va Arab superkubogi (2001), 2 marta Fors ko‘rfazi mamlakatlari klublari o‘rtasidagi chempionlar kubogi (1986, 1998) hamda Saudiya – Misr superkubogi (2001)ni qo‘lga kiritgan.
Kezi kelganida yana shuni ham aytish joizki, “Al Hilol” Caudiya futbolidagi barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan, Saudiya Arabistoni Premer ligasining ilk chempioni (1976/1977), Saudiyani boshqargan barcha qirollar davrida “Qirol kubogi”ni qo‘lga kiritgan Saudiyaning ilk jamoasi hisoblanadi (mamlakatning ayni paytdagi qiroli Salmon ibn Abdulaziz Al Saud Saudiya Arabistonining 7-qiroli hisoblanadi).
“Al Hilol” shuningdek, bir mavsum davomida “xet-trik”ka erishgan, ya’ni, 3 ta sovrinni qo‘lga kiritgan (chempionlik, kubok va superkubok) dastlabki Saudiya Arabistoni, arab va Osiyo klubi hisoblanadi.
E’tiborlisi, “Al Hilol” 2009 yilda Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi (IFFHS) talqiniga ko‘ra, Osiyoning XX asrdagi eng yaxshi klubi, deb topilgan.
Jamoani o‘tgan mavsumlar davomida bir qator mashhur xorijlik murabbiylar boshqarganini ham ta’kidlash joiz.
Jamoani ayni paytda portugaliyalik murabbiy Jorje Jezush boshqarmoqda. Mazkur mutaxassis “Al Hilol”da 2018 – 2019 yillarda ham murabbiylik qilgan.
“Al Hilol”ni “etakchilar” deb atashadi.
"Al Hilol" o‘tgan mavsumda Saudiya Arabistoni Premer-ligasida “Al Ittihod” (Jidda) va “An Nassr” (Ar Riyod) klublaridan so‘ng, 3-o‘rinni egallagan, OChL yo‘llanmasini esa Qirol kubogining 2022/2023 yillar mavsumi sohibi sifatida qo‘lga kiritgandi.
Ayni paytda “Al Hilol” tarkibida 9 nafar legioner to‘p tepmoqda. Bular: darvozabon – Yassin Bunu (Marokash, 32 yosh), himoyachilar – Kalidu Kulibali (Senegal, 32 yosh), Chan Xyon Su (Janubiy Koreya, 31 yosh), yarim himoyachilar – Ruben Nevesh (Portugaliya, 26 yosh), Sergey Milinkovich – Savich (Serbiya, 28 yosh) va braziliyalik hujumchilar – Neymar (31 yosh), Malkom (26 yosh) hamda Mishael Oliveyra (27 yosh) va Aleksandar Mitrovich (Serbiya, 29 yosh).
Jamoa uy uchrashuvlarini 1987 yilda qurib bitkazilgan, 67 000 (oltmish etti ming) nafar muxlisga mo‘ljallangan "Qirol Fahd" nomidagi xalqaro va 1971 yilda ochilgan, o‘z bag‘riga 22 500 (yigirma ikki ming besh yuz) nafar tomoshabinni sig‘dira oladigan "Shahzoda Faysal bin Fahd" stadionlarida o‘tkazadi. “Navbahor”ga qarshi kechadigan ertangi o‘yin ham "Shahzoda Faysal bin Fahd" o‘yingohida bo‘lib o‘tadi.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan oyda start olgan Saudiya Arabistoni Premer-ligasining joriy mavsum uy o‘yinlarini “Al-Hilol” mazkur stadionda o‘tkazmoqda.
Fikrlar