"Navbahor"ga qaytish uchun "Paxtakor"dan o‘z transferimni sotib olganman. Uning narxi..." - Azim Ahmedovdan jiddiy gaplar

  • 5 avgust, 2021, 21:48
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Navbahor” klubining sardori va etakchisi, bir necha yildan beri jamoa sharafini himoya qilib kelayotgan Azim Ahmedov hamma vaqt muxlislarning diqqat-markazida bo‘ladi.

Uning “Qo‘qon-1912” darvozasiga standartdan kiritgan goli iyul oyining eng chiroyli goli bo‘ldi. Sports.uz muxbiri futbolchi bilan qiziqarli suhbat uyushtirdi. Unda Azim Ahmedov bir qator masalalarda jiddiy gaplarni aytdi.

- Azimjon, “Qo‘qon-1912” darvozasiga jarima zarbasidan kiritgan golingiz iyul oyining eng chiroyli goli, deb e’tirof etildi. O‘sha vaziyatni esga olsak, masofa ancha olis edi, zarbani shunchaki tavakkal tepdingizmi yoki hammasini aniq hisob-kitob qilganmidingiz?

- To‘pni jarima nuqtasiga qo‘ygan paytimda gol urishimni ko‘nglim sezdi. O‘yindan avval Viktor Romanovich ham agar uzoq masofadan jarima zarbasi belgilansa, darvoza tomon tepgin, deb ancha uqtirgandi. Gol urishimni sezgandim va tepgan to‘pim darvoza to‘ridan joy oldi.

- “Navbahor” vodiy derbisida muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. O‘yin qanday taassurot uyg‘otdi?

- Kamchiliklarimiz ancha ko‘p. Jamoamizga yangi futbolchilar kelgan. Ularni moslashib olishiga ham ikki-uchta o‘yin kerak. Yaxshi legionerlarni oldik. Ammo birinchi o‘yinda o‘zlarini ko‘ngildagidek ko‘rsata olishmadi. Lekin hammasini ko‘rdik, bilib turibmiz, ular yaxshi futbolchilar ekan. Shundoq ham qo‘qonliklarga qarshi uchrashuv biz uchun og‘ir o‘tishini sezgandik. Bizga faqat g‘alaba kerak edi. Natija uchun o‘ynadik. Turdan-turga o‘yinimiz yaxshilanib boraveradi. Shuning ustida ishlayapmiz.

azim7

- 12-turda Namanganda “Andijon”ga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyat jamoa uchun ham, muxlislar uchun ham og‘ir qabul qilindi. O‘sha uchrashuvdan keyin siz ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifangiz orqali muxlislarga rozi bo‘lasizlar, deya ketganingizga sha’ma qilgandingiz. Rostdan klubni tark etganmidingiz?

- O‘sha o‘yinda ko‘rgan bo‘lsangiz, rosa jon kuydirib o‘ynadik. Gol o‘tkazib yuborgan vaziyatda Ivan Solovyov xato qildi. Men hujumga ketgandim. To‘p oldirib qo‘yilganidan keyin hujumdan orqaga qaytib bordim, ammo ulgurmadim. Ko‘pchilik esa meni aybdor qildi. O‘shanda men haqimda yomon fikrlar bildirildi. Rosti, bunday gaplarni eshitaverib charchab ketdim. O‘zimga-o‘zim qaror qildim: bo‘ldi, jamoadan ketmasam bo‘lmaydi! Mana shunday fikrga kelgandim. Yaxshimi-yomonmi, bizga tosh otilaveradi. Hamma narsa jamoa sardorining boshida sinar ekan. O‘shanda o‘zim ham ruhan “sinib” qoldim. Shuning uchun ketaman degan postni qo‘ygandim. Lekin bunchalik shov-shuv bo‘lishini o‘ylamagandim. Keyin viloyat hokimi bilan gaplashdim. Samvel Babayan “Navbahor”ga kelgach, meni chaqirtirdi, gaplashdik. U menga motivatsiya berdi. Birinchi o‘yinni yutib olsak, hammasi iziga tushib ketadi, dedi. Xudoga shukr, yutdik. Xullas, shunday qilib, “Navbahor”da qoladigan bo‘ldim.

- Ma’lumotlarga qaraganda, oldingizda yaxshi takliflar bor edi. Muzokaralarga kirishganmidingiz?

- O‘sha paytda “Turon” bilan shaxsan o‘zim muzokara olib bordim. Ular “Andijon” bilan o‘yindan keyinoq menga qo‘ng‘iroq qilishdi. Klub vakillari bilan yaxshi gaplashib turgandik. Keyin “Navbahor”dagi o‘zgarishlardan so‘ng, Namanganda qoldim.

azim5

- Samvel Babayan kelgach, “Navbahor”da nima o‘zgardi?

- Birinchi o‘rinda tartib-intizom o‘zgardi. U ishga chanqoq odam, juda talabchan. Mayda detallargacha e’tibor beradi va jamoani yaxshi tarafga o‘zgartiryapti. Muhitni ham yaxshilayapti. Hammani birlashtiryapti. “Navbahor”ni bitta oilaga aylantirdi. Xudo xohlasa, buning mevasini ko‘ramiz.

- Mavsum boshida viloyat hokimi chempionlik vazifasini qo‘ygandi. Birinchi davradagi omadsizlikdan keyin poezd ketib bo‘ldimi?

- Har yili chempion bo‘lishni istaymiz. Bitta murabbiy keldimi, unga 3-4 yil vaqt berish kerak. Shota Arveladze ham kelib bir yilda hech nima qila olmadi-ku. Uch yil ichida “Paxtakor”ni o‘zgartirib, sovrinlarni yutdi. Bizda murabbiylarni ko‘p almashtirishadi. Endi bir murabbiyga moslashayotganimizda u ketadi va boshqasi keladi. Yangisiga moslashish jarayoni boshlanganida yana boshqasi keladi. Eng ko‘p murabbiy almashgani bizda bo‘lsa kerak. Bitta murabbiyga etarlicha vaqt berilsa, u jamoani chempion qiladi. Faqat hamma narsaga vaqt kerak.

azim1

- “Navbahor”ning chempionligiga necha yil kerak ,deb o‘ylaysiz?

- Vaqti keldi, menimcha. Hozirgi murabbiylarga etarlicha fursat berilsa, maqsadga erishamiz. Klubda hamma sharoit etarli. Xohlagan o‘yinchilarni olib berishyapti. Bundan buyog‘iga jamoani yanada jipslashtirishadi. Har yili tarkibda o‘zgarishlar bo‘ladi, 10 tasi ketsa, 15 tasi keladi. Endi hozirgi murabbiylarga vaqt berilsa, buning samarasini ko‘ramiz.

- Odil Ahmedovni milliy terma jamoada birga to‘p surganingizni kam bo‘lsa-da, ko‘rganmiz. Siz bilan akangizni “Navbahor”da ham birga ko‘rishimiz mumkinmi? Odil faoliyatini Namanganda tugatmoqchimi?

- “Navbahor”da tugataman, degan niyati bor edi. Keyin orada Namanganda akam to‘g‘risida har xil gap-so‘zlar bo‘lib ketdi. Shu bois, Xitoydan qaytganimdan so‘ng, futbolni tugataman, dedi. Klubga kelmasimdan oldin hammadan shuncha gap eshityapman, deb hayron bo‘ldi. Odamlar orasida Odil u qilyapti, bu qilyapti, qaysidir murabbiyni olib kelibdi, shunga o‘xshash gaplar tarqaldi. Shuning uchun Xitoydan keyin faoliyatini tugatmoqchi.

azim2

- Demak, akangizni fikri o‘zgaribdi-da....

- Gap-so‘zlar yomon ta’sir qiladi. Nimagadir biz to‘g‘rimizda shunday mish-mishlar chiqaveradida.

- Nima uchun shunaqa?

- Hayot bir tekisda ketmaydi. O‘yinimiz bir chiqadi, bir chiqmay qolishi mumkin. Ana shunday paytda o‘zingiz istamagan holda chuqurlikka tushib qolganingizda kamiga etmaganidek, muxlislar sizni aksincha qo‘llashni o‘rniga yana o‘sha chuqurlikka uloqtirishadi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali biz haqimizdagi bo‘lmag‘ur gap-so‘zlarni jo‘natishadi, uni eshitasiz va kayfiyatga ta’sir qiladi. To‘g‘risi, emagan somsaga ko‘p pul to‘layman. Men har doim “Navbahor” uchun jonimni berib o‘ynab kelganman. Buni bilganlar biladi. Muxlislarni ijtimoiy tarmoqda guruhi bor. Kimdir isbot dalilsiz nimadir desa hamma o‘shani gapiga qarab ergashib ketadi. Endi ularning gaplariga parvo qilmay qo‘ydim. Aks holda sog‘liqqa ancha zarar qilarkan.

azim6

- Baribir Odil Ahmedovni ukasi bo‘lganingiz uchun sizga ham boshqacha e’tibor beriladi. “Paxtakor”ga ketgan paytingizda keyinchalik akangizga o‘xshab xorijda to‘p surishingizni kutdik.

- Xudoga shukr, takliflar ko‘p bo‘lgan, hozir ham bo‘lib turibdi. Agar shu haqda nimadir desam, yana gap-so‘z ko‘payadi. Odamlar mendan xuddi Odil Ahmedovning o‘yinini kutishadi. Ukasi bo‘lganim uchun ham uning kabi o‘ynashimni xohlashadi. Odil Ahmedovda Xudo tomonidan berilgan talant bor. Men akamga havas qilib futbolchi bo‘lganman. Lekin mening o‘yin uslubim boshqacha, akamniki boshqacha. Aka-uka degani bir xil o‘ynaydi, degani emas-da. To‘g‘risi, Odil akamdagi iqtidor – bu tug‘ma talant. To‘g‘ri, men ham akamga havas qilib, unga intilib o‘ynashga harakat qilyapman. Bilmadim, negadir Odil Ahmedovni ukasi bo‘lganim uchunmi, meni ko‘pchilik tanqid qilaveradi. Boya aytdim-ku, Odil akam bilan bir xil o‘yinni kutadilar. Lekin unaqamas-da, hammani o‘yin uslubi har xil. Endi chetdagi takliflarga kelsak, “Paxtakor”da o‘ynab yurgan paytimda ham ko‘plab chaqiruvlar bo‘lgan, Qatardan va yana boshqa joylardan. Lekin Odil akam menga, Namanganga borib yordam ber, men shuncha yildan beri xorijda o‘ynayapman, ota-onamizni yonida bo‘lgin, uyda o‘ynagin, degan. Bilasizmi, “Navbahor”ga qaytib yordam berish uchun, namanganlik muxlislar oldida to‘p surish maqsadida cho‘ntagimdan pul sarflab, “Paxtakor”dan transferimni sotib olganman. “Navbahor”ga shuncha mashaqqat bilan kelgan bo‘lsam ham baribir ishqibozlar tanqid qilaveradilar. Agar menga pul kerak bo‘lganida “Paxtakor”dan o‘zimni-o‘zim sotib olib, bu erga kelmagan bo‘lardim-ku. O‘sha sarflagan pulimga bemalol boshqa biror-bir biznes qilsam ham bo‘lardi.

azim9

- “Paxtakor”dan transferingizni qanchaga sotib olgansiz?

- 800 million so‘mga sotib olganman. Hamma pulni o‘zimiz to‘laganmiz. “Navbahor” o‘zimning jamoam bo‘lgani uchun jon kuydirib, har tomonlama yordam bergim kelgan. Ammo bitta mag‘lubiyat yoki o‘yinimiz qovushmay qolsa, yana biz yomon bo‘lib qolaveramiz. Keyin raqamlarimni, instragramdagi sahifalarimni o‘zgartirib yubordim. Turli gaplarni eshitaverib charchab ketgandim.  

- Odil Ahmedovni ukasi bo‘lish qiyin ekanmi?

- Buni qiyin va xursandchilik tomonlari bor. Mana shunday insonning ukasi bo‘lganimdan faxrlanaman. Ammo bu Odilning ukasi, shuning uchun uni hurmatidan terma jamoaga chaqiryapti, akasi tufayli o‘ynatyapti, akasi aytib qo‘ygan, degan bo‘lmag‘ur gap-so‘zlarni gapirishadi. Odil akam mening o‘rnimga tushib, o‘ynab bermaydi-ku! Yaqinda milliy terma jamoamizda ikkita o‘yinda o‘ynadim, ko‘pchilikda yaxshi taassurot qoldi. Ammo odamlarni og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi.

azim3

- Chetdan tushgan takliflarni qabul qilmaganingiz tufayli attang qilib qolgan paytlaringiz bo‘lganmi?

- Juda ko‘p afsuslanganman. Yig‘ilishlarda meni sharmanda ham qilishgan. Axir o‘zingiz o‘ylang, qaysi odam shuncha pulga o‘zini sotib olib, bu erda o‘ynaydi?! “Navbahor”ga muxlislar uchun kelganman. Pul uchun bo‘lganida allaqachon chetga ketgan bo‘lardim. Jamoaga jonimni beraman, deb kelganman. Bunday yo‘l bilan kelish hech qaysi futbolchini qo‘lidan kelmaydi, buni tan olish kerak. Ammo buni tushunishmaydi, hayron qolaman. Menga alam qiladi.

- Klubdagi hozirgi vaziyatdan keyin sizda ishonch va umid uyg‘ondimi?

- Bizga birgina g‘alaba kerak edi. Gol urib olganimdan ham xursand bo‘ldim. Endi keyingi o‘yinlarda ham yaxshilab harakat qilamiz. Ammo hayot bir tekisda ketmaydi, past-balandliklardan iborat.

azim4

- O‘yinlar yana muxlislarsiz o‘tkazilyapti. Bu holat aynan “Navbahor” futbolchilariga qanday tuyulyapti: stadion to‘la ishqibozlar qarshisida o‘ynagan yaxshimi yoki bo‘m-bo‘sh tribunalar qarshisida bosimsiz to‘p surgan qulay ekanmi?

- Futbol tomoshabinlar bilan bo‘lsa maroqli bo‘ladi. O‘z uyimizda muxlislarimiz bilan ham yutib olamiz. Ammo “Andijon” bilan uchrashuvda o‘yinimiz qovushmadi. Negadir shu “Andijon” bilan Namanganda o‘ynasak, har yili o‘yinimiz yaxshi chiqmay qoladi. Bu safar ham muxlislarimiz xafa bo‘lishmasin, ularni xursand qilaylik, deb oldinga o‘tishga shoshildik, tribunadan gol ur, degan ovozlar eshitilyapti, shunga yarasha harakat qildik, ammo o‘xshamadi. Muxlislar stadionda bo‘lmasa, xuddi baraka yo‘qdek tuyuladi. Agar safarda “Qo‘qon-1912” bilan uchrashuvda stadionga ishqibozlar qo‘yilganida bizni muxlislarimiz ko‘p bo‘lardi. Baribir tomoshabinlar qarshisida to‘p surish boshqacha.

azim8

- Futboldan keyingi rejangiz qanday?

- Hali bu haqda o‘ylamadim. Futboldan keyin boshqa ish qilaman, menimcha, futbolga boshqa qaytmasam kerak. Futbolda baribir qiyin, murabbiylarni ham ko‘ryapman. Faoliyatimni tugatgach, biror-bir ish qilarman. Lekin hozir faqat futbolga e’tiborimni qaratganman.

- Faoliyatingizni “Navbahor”da tugatasizmi?

- Hozir muzokaralar bo‘lyapti. U er, bu erdan agentlar ham yozib turishibdi. Chempionat tugasin-chi, ko‘ramiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!