"Navbahor"ni deyarli tark etish arafasidaman" - Shahboz Jo‘rabekov

  • 10 dekabr, 2023, 09:24
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Joriy mavsumni “Navbahor” safida o‘tkazgan himoyachi Shahboz Jo‘rabekov o‘zidan yomon taassurot qoldirgani yo‘q. Asosan “So‘g‘diyona”dagi faoliyati orqali yaxshi tanilgan himoyachi ilk bor klubini o‘zgartirib, “Navbahor”ga ko‘chib o‘tgandi. Biroq futbolchi yangi mavsumni boshqa klubda o‘tkazmoqchi. Quyida u bilan suhbatni o‘qishingiz mumkin.

Tecno

- Shahboz, mavsum ham poyoniga etdi. Yil boshida "Navbahor"ga o‘tdingiz va bu erda bir yilni o‘tkazdingiz. Namangandagi faoliyatingiz haqida nima deya olasiz?

- Avvalambor, e’tibor qilib, suhbatga taklif qilganingiz uchun rahmat. Ha, bu yilgi chempionatimiz ham yakuniga etdi. Juda qizg‘in kurashlarga boy, har bir o‘yin jangdek bo‘ldi. Yil boshida jamoamni ilk bor almashtirdim. “So‘g‘diyona”dagi 8 yillik faoliyatimdan so‘ng yangi sahifa ochishni istadim. O‘zimni kuchli jamoada, kuchli futbolchilar orasida sinashga qaror qildim. Namangandagi faoliyatimga 100 balli sistemada 60 ball qo‘yaman. Qaerdadir o‘xshadi, qaerdadir oqsadi.

jo‘rabekov4

- “Navbahor”ni tark etdingiz. Bu siz uchun eng to‘g‘ri yo‘lmi? Bu qarorga kelishingiz kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lganingiz bilan bog‘liqmi?

- Ha, “Navbahor”ni deyarli tark etish arafasidaman. 2-3 kunda aniq bo‘lib qoladi. Albatta, bu to‘g‘ri yo‘l. Chunki men hozir ayni kuchga to‘lgan paytimda futbol o‘ynashni, o‘zimni yanada yangi qirralarimni ko‘rsatishni xohlayman. Zaxirada o‘tiradigan yoshda emasman, deb o‘ylayman. 2023 yilning ikkinchi davrasidan boshlab deyarli o‘yin amaliyotisiz qolib ketdim.

- Jamoa yakunda 3-o‘rinni egalladi. Siz bungacha “So‘g‘diyona” bilan kumush yutgansiz. “Navbahor”ga chempionlikni yutish uchun nima etishmadi?

- To‘g‘ri, faoliyatimda ilk bor bronza medaliga sazovor bo‘ldim. Bu yoqimli holat bo‘lishi mumkin. Lekin, baribir chempionlikka etmaydi. Ha, bungacha “So‘g‘diyona” tarixida ilk bor kumush medalni qo‘lga kiritganmiz. Bu savol ko‘proq murabbiyga berilsa yaxshi bo‘lardi.

jo‘rabekov3

- “Navbahor”da siz ko‘rgan eng yoqimli holat nima edi?

- Muxlislar to‘la stadionda futbol o‘ynash va g‘alabadan so‘ng shaxsan viloyat hokimining echinish xonasiga kirib qo‘llab-quvvatlaganini esimdan chiqarmasam kerak. Bu juda yoqimli edi.

- Oldingizda aniq takliflar bor. Faoliyatingizni qaysi klubda davom ettirasiz?

- Albatta, hammasiga vaqt davo. Hozir shoshib bir qarorga kelmoqchi emasman. Hammasi menimcha, yanvarda hal bo‘ladi. Alloh rizqimizni qaerga yozgan bo‘lsa, o‘sha joyda davom ettiramiz.

jo‘rabekov

- “Navbahor” OChLda qaergacha bora oladi, deb o‘ylaysiz?

- Avvalo, “Navbahor”ni finalgacha borishini tilab qilaman. Bilasizmi, bir qancha reja qilganimiz bilan Xudoni aytgani bo‘ladi. Keling, yaxshisi, vaqtni o‘ziga qoldiramiz. Natijasini vaqt o‘tib ko‘ramiz.

- Xorijda to‘p surish uchun sizda ilgari variant bo‘lganmi, legionerga aylanish istagingiz bormi?

- Xorijdan takliflar bo‘lmagan. Chunki menda agent yo‘q va milliy termada o‘ynamasangiz sizga yaxshi joydan taklif bo‘lmaydi. Albatta, nasib qilgan bo‘lsa, xorijda ham albatta to‘p suramiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Yunusov Bahrom
11/12/2023 10:18
Yarim yil travmada o'tib ketti