
"Neftchi" uch nafar futbolchisidan voz kechdi
Yakuniga etgan chempionatda 9-o‘rinni band qilgan “Neftchi” tarkibida yangi mavsum oldidan o‘zgarishlar bo‘lishi muqarrar. Hozirdanoq bu borada ishlar boshlab yuborilgan.
Yaqinda “Navbahor”ni tark etgan Nurillo To‘xtasinov farg‘onaliklar bilan shartnoma imzolagani haqida xabar berganmiz. Shu bilan birga klubni uch nafar futbolchi tark etgani ayon bo‘ldi. Bu haqida “Neftchi” ustozi Vitaliy Levchenko Sports.uz jurnalisti Shuhratbek Jo‘raevga ma’lum qilgan.
Jumladan, rossiyalik posbon Evgeniy Konyuxov, serbiyalik himoyachi Darko Stanoevich hamda yarim himoyachi Salomat Quttiboev “Neftchi” bilan xayrlashgan. Shundoq ham ikki legioner, ayniqsa, Darko ko‘p vaqtini zaxirada o‘tkazdi. Mavsumning ikkinchi yarmida qo‘shilgan Quttiboev ham aftidan murabbiylar kutgan o‘yinni ko‘rsata olmagan ko‘rinadi.
Ma’lumot uchun, Konyuxov “Neftchi” safida 8 ta, Stanoevich 13 ta va Quttiboev 9 ta uchrashuvda maydonga tushgan.
Fikrlar