
"Neftchi" Vagiz Galiulinga qiziqyaptimi? Abror Ismoilov Rossiyaga ketadimi? Bosh murabbiy Vitaliy Levchenko qanday javob berdi?
Saytimiz orqali xabar berib o‘tganimizdek, “Neftchi” klubi mavsumlar oralig‘ida tayyorgarlik bosqichi uchun rejalarni ishlab chiqqan va unga ko‘ra, jamoa Toshkentda va Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazadi.
Tarkibda ham yangiliklar bo‘lishi tabiiy. Shu bois bosh murabbiy Vitaliy Levchenko bilan suhbatlashdik.
- Vitaliy Grigorevich, Turkiyaga borib kelibsiz-a?
- Ha, jamoa qishki yig‘inlarni o‘tkazadigan mehmonxona va mashg‘ulot maydonlarini borib ko‘rib keldim. Turkiyadagi birinchi yig‘in 6 yanvardan 20 yanvargacha davom etadi. Ikkinchisi 27 yanvardan 17 fevralgacha. Toshkentdagi birinchi yig‘inimiz esa 12 dekabrdan 24 dekabrga qadar olib boriladi.
- Klubga yangi bosh direktor tayinlandi. U bilan yangi maqsadlar haqida gaplashdingizmi?
- Yangi direktor bilan uchrashuv rejalashtirilgan. Unda barcha masalalarni muhokama qilamiz.
- Ja’far Irismetov “Neftchi”da ish boshlashi kutilayotgandi, lekin bu amalga oshmabdi. Nima uchun?
- Bu masalada to‘liq ma’lumotga ega emasman. Shu sababli bu savolga javob berishga qiynalaman.
- Nurillo To‘xtasinovdan tashqari yana qaysi yangi futbolchilar bilan kelishuvlarga erishildi?
- Yangi futbolchilar bilan muzokaralar olib borilyapti. Ammo men yangi o‘yinchilarning nomlarini hozir aytishga tayyor emasman.
- Eshitishimcha, Vagiz Galiulinga qiziqish bor ekan, shu rostmi?
- Ro‘yxatimizda ko‘plab malakali futbolchilar bor. Lekin hozircha shartnoma imzolanmagan. Shu sababli barcha ikir-chikirlarini ayta olmayman.
- Superliganing joriy yilgi mavsumdagi saviyasi qanday taassurot qoldirdi?
- O‘zbekiston chempionati etarli darajada yuqori. Chempionlik masalasi sovrini oxirgi turda hal bo‘ldi. Bu esa jamoalarning yuqori holatdagi raqobatbardosh ekanligini anglatadi.
- Superliga uchun ishlab chiqilgan yangi format sizga yoqdimi?
- Qog‘ozdagi yangi format yuqori darajada ekanligini anglatyapi. Yana o‘yinlar qo‘shiladi va dastlabki olti o‘rin uchun raqobat ancha o‘sadi. Ikkinchi guruhda ham o‘tish o‘yinlariga tushib qolmaslik uchun kurash yaxshigina kechadi.
- Jamoani yana kimlar tark etdi?
- Shahzod Ubaydullaev borasidagi vaziyat hozircha noma’lum.
- Shuningdek, Abror Ismoilovga Rossiyaning ikkita klubi qiziqayotgani haqida eshitdik. Uning masalasi nima bo‘lyapti?
- Ismoilov borasidagi vaziyatga yaqin kunlarda aniqlik kiritiladi, deb umid qilaman. O‘ylaymanki, biz bir to‘xtamga kela olamiz.
- Sizningcha, “Neftchi”ning “Mavsum-2022”dagi yaxshi futbolchisi kim bo‘ldi?
- Birgina futbolchini alohida ajratib ko‘rsatish to‘g‘ri emas. Biz bir jamoa sifatida kuchli ko‘rindik. Barcha maydonda nima qilishi kerakligini yaxshi tushunib turdi.
- Sizningcha, bu yil kim jahon chempioni bo‘ladi?
- Braziliya terma jamoasini aytgan bo‘lardim.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar