
"Neftchi" yana yutqazdi. Ilhom Mo‘minjonov matbuot anjumanida iste’fo haqidagi savolga qanday javob berganini bilasizmi?
Farg‘onaning “Neftchi” klubi bu turda “Lokomotiv”ni qabul qilib 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida “Neftchi” bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Nima deyish mumkin? Bizda omadsizliklar davom etmoqda. Chuqurlikka tushib qolganimiz futbolchilarga ham ruhiy tarafdan ta’sir qilyapti, deb o‘ylayman. Bugungi uchrashuvda “Dinamo”ga qarshi bellashuvdagi kabi o‘yinimiz qovushmadi, ikkala bo‘limda ham. Har doimgidek standart vaziyatdan himoyachilarning qo‘pol xatolari evaziga gol o‘tkazib yubordik. Hujum chizig‘imizda ham ancha o‘yindan beri xavfli vaziyatlarni yarata olmayapmiz. Mashg‘ulotlarda ham ular bilan ishlayapmiz. Yana ko‘proq ishlaymiz, deb o‘ylaymiz. Vaqt ko‘rsatadi. 4 kundan keyin “Olimpik” jamoasiga qarshi o‘ynaymiz. Echinish xonasida ham futbolchilar qanday ahvoldaligimizni bilib turishibdi. Aytyapman-ku, ruhiy tomondan qiyin, bitta g‘alaba etishmayapti. Chempionatda beshinchi mag‘lubiyatimiz bo‘ldi. Borgan sari orqaga ketyapmiz. O‘ylaymanki, ustimizda ishlaymiz. Bu – futbol. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
- Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o‘yinni kuchaytira olishmayapti. Bunga nima deysiz?
- O‘zinglar ko‘rib turibsizlar, zaxiramiz tig‘iz. O‘tgan turda yoshlarga imkoniyat bera olmagandik, bu safar tushirdik. Chunki boshqa sifatli o‘yinchilarimiz yo‘q. Shu bois siz aytganingizdek, zaxiradagilar yordam bera olmayapti. Yana ishlashda davom etamiz. Oldinda o‘yinlar bor.
- Mavsum boshida selektsiyada o‘zingiz ishtirok etib, har bir o‘yinchi bilan gaplashib, jamoaga taklif qilgansiz. Muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda sizni iste’foingizni so‘rashyapti. Bunga qanday munosabat bildirasiz?
- Muxlislarga natija kerak. Har bir klubda ishqibozlar natija bo‘lmasa, murabbiydan iste’fo so‘rashadi.
- Bu Mo‘minjonovning oxirgi o‘yini bo‘lishi mumkin, degan gaplar ham bo‘ldi. Rostdan rahbariyat oldingizga ultimatum qo‘yganmidi? Iloji bo‘lsa, ochiq javob bersangiz.
- Oldimizda 4 kundan keyin yana o‘yinimiz bor. Navbatdagi uchrashuvlarga astoydil harakat qilamiz, o‘z ustimizda ishlaymiz. Sizga faqat shu javobni ayta olaman. G‘alaba qozonmagunimizcha ishlashda davom etaveramiz.
Fikrlar