"Neftchi"ning mavsumdagi ilk goli muallifi: "Oldindan gapirmaymiz, hammasini bajarib oxirida gapiramiz"
“Neftchi”ni mavsumni ishonchli g‘alaba bilan boshladi. “Metallurg” maydonida farg‘onaliklar javobsiz uchta gol urib, muxlislarini xursand qilishdi.
Uchrashuvda birinchi golni raqib darvozasiga urgan Mirzohid G‘ofurov “Neftchi”ning “Mavsum-2023”dagi dastlabki gol muallifiga aylandi. Sports.uz jurnalisti ushbu o‘yinchi bilan bog‘landi.
- Balki “Neftchi”ning Bekobodda 0:3 hisobidagi ishonchli g‘alabasi bilan qaytishini kutmaganlar ham bo‘lgandir. Bahs haqida nimalarni aytgan bo‘lardingiz?
- Yaxshi o‘yin bo‘ldi. Bu chempionatdagi birinchi uchrashuv, qiyin bo‘lardi. Buning ustiga safarda o‘ynadik. Lekin hammasi biz uchun o‘ylaganimizdek kechdi. Chunki bu erga g‘alaba uchun kelgandik va niyatimizga erishdik.

- Javobsiz 3 ta gol urishinglarni kutganmidingiz?
- Hisobni emas, g‘alabani o‘ylagandik. Ishtaha ovqat paytida keladi, deganlaridek, o‘yin paytida rejalarimiz amalga oshaverdi. Shu bois hisob yirik ko‘rinish oldi. Eng asosiysi, uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Bekobodga g‘alaba uchun kelgandik, maqsadimizga erisha oldik. Hisob 0:0 bo‘lib turganida darvozabonimiz jamoamizni goldan qutqarib qoldi. O‘sha xavfli vaziyatni bartaraf etishi ham bizga qo‘shimcha kuch bo‘ldi. Uchrashuv mobaynida yirik hisob ko‘rinishiga keldi.
- “Neftchi”ning joriy mavsumdagi birinchi goliga mualliflik qildingiz. O‘yindan oldin aynan dastlabki gol o‘zim uraman, degan niyatingiz bormidi?
- Baribir gol urishim ham ko‘ngildan o‘tadi. Lekin muhimi bu g‘alaba. Kim gol urishidan qat’iy nazar “Neftchi”ning muvaffaqiyati biz uchun asosiysi. Albatta, birinchi golni men urganim yanada yoqimli bo‘ldi.
- “Neftchi”ning Bekobodda 0:3 hisobida g‘alaba qozonishining asosiy mohiyati nima bilan bog‘liq edi?
- Murabbiyning ko‘rsatmalarini bajardik. Barcha futbolchilar o‘zlariga yuklatilgan vazifani bajardi. Himoyada tartibli o‘ynaganimiz evaziga ham shunday natija bo‘ldi, deb o‘ylayman.

- “Metallurg”ni 0:3 hisobiga mos o‘yin ko‘rsatdi, deb o‘ylaysizmi?
- Qaysidir vaziyatda shunaqa bo‘ldi, yana qaysidir holatlarda ular ham kuchli ko‘rindi. Omad biz tomonda edi. Aytyapman-ku, murabbiyning ko‘rsatmalarini barcha futbolchilar yaxshi bajarishdi. Shuni hisobiga natija qoniqarli chiqdi. “Metallurg”ni kuchsiz raqib deb o‘ylamayman. Ular ham yaxshi shakllangan jamoa.
- Nihoyat, “Neftchi”ni endi sovrinli o‘rinlar uchun kurashishda ko‘rishimiz mumkinmi? Real maqsadi qanday?
- Hamma o‘yinda maydonga g‘alaba uchun tushish va buni amalga oshirish. Mavsum endi boshlandi. Oldinda bir nima demaylik. Chempionat davomida kuchimizni isbotlab, keyin oxirida gapirsak bo‘ladi. Oldinda har qancha gapirsak ham bu og‘izda qolib ketishi mumkin. Hammasini amalda bajarib, keyin gapirsak to‘g‘ri bo‘ladi. Biz har bir uchrashuvda muxlislarimizni g‘alabalar bilan xursand qilmoqchimiz.
- “Paxtakor”ning o‘z maydonida “Olimpik” klubiga yutqazib qo‘yishini kutmaganmidingiz?
- Bir tomondan amaldagi chempionning mag‘lubiyatini kutilmagan natija desak ham bo‘ladi. Ammo ikkinchi tomondan qarasak, o‘tgan yili ham raqobat zo‘r bo‘lgandi va kuchli yoki kuchsiz jamoa sifatida ajratilmagandi. Shunga yarasha kuchsiz uchrashuvlar bo‘lgani yo‘q. Bu chempionatimiz o‘sib borayotganidan dalolat. “Olimpik”ni “Paxtakor” ustidan g‘alaba qozonib mavsumni boshlagani chempionat yanada qiziqarli o‘tishini bildirib turibdi. O‘ylashimcha, shunga o‘xshagan natijalar chempionat davomida ko‘p bo‘ladi.
Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar