
Neymar bo‘lmasa boshqasi. Messiga “sherik” bor
“Barsa”dagi moliyaviy ahvol har bir transferga jiddiy yondashishni talab etadi. Endi esa jamoa xarid qilmoqchi bo‘lgan futbolchi haqida gaplashamiz.
Luis bor bo‘lsa, nega yana hujumchi kerak?
Luis Suarez maydonga qaytgach, o‘zining eng yuqori darajasini namoyish etadi. Juda ko‘plab gollar aynan Suarez ishtirokida uriladi. Faqatgina uning yoshi borasida muammoni aytmasak, hozircha Luisni hisobdan chiqarish vaqti emas.
Lionel Messi Bartomeu bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda, ikkita familiya – Lautaro Martines va Neymarlarni aytib o‘tgan. Shundan so‘ng, agarda Neymar jamoaga olib kelinmasa, Messi ketishi mumkin degan mish-mishlar ko‘payib ketdi.
Boshqa xabarlarga ko‘ra, “Barselona” ham boshqa jamoalar singari pandemiya va karantin sabab ancha pul yo‘qotadi va futbolchilardan birini tanlashga to‘g‘ri keladi. Istalgan hujumchi bilan, xoh u Obameyang bo‘lsin, xoh Lautaro bo‘lsin, xoh Mbappe, faqat bittasi bilan shartnoma borasida kelisha oladi.
Agarda Neymar jamoaga qaytarilsa, katta ehtimol bilan Grizmann sotib yuborilishi mumkin. Ikkalasini bir vaqtda maydonda ko‘rish juda mushkul ish. Hozir esa jarima maydoni ichidagi hujumchi muammosi aktual mavzu bo‘lib turibdi. Suarezga o‘rinbosar emas, raqobatchi hujumchi kerak.
“Barselona” katta barterga tayyormi?
Bartomeu futbol olamida ayyor va aql bilan ish ko‘radigan prezident emasligini hamma bilib bo‘ldi. Nashrlar yozishicha, Bartomeu Lautaro Martines uchun “Inter” belgilab qo‘ygan 111 mln evro emas, undan kamroq pul taklif qilmoqchi.
Bu xato. Birinchidan, hech qaysi rahbar bunday reja qilayotganini oshkor qilmaydi. Ikkinchidan, 22 yoshli futbolchi transfer bozorida eng talabgor futbolchilardan biri bo‘ladi. Grand jamoalar uni o‘z safiga qo‘shib olish uchun harakat qiladi. Uchinchidan, Bartomeu Koutino, Dembele kabi futbolchilarga juda katta pul sarflagan, ular esa bu pullarni oqlaganlari yo‘q. Endi Lautaroga kelganda pulni iqtisod qilish, ahmoqlik bo‘ladi.
Bartomeuda ikkala futbolchini sotib olish uchun yaxshi imkoniyat mavjud. Parijliklar Neymarni 144 mln evroga qo‘yib yuborishga tayyor. Yoki Grizmann Parijga ketib, Neymar Kataloniyaga olib kelinishi ham mumkin. Albatta, frantsuz futbolchisi Vataniga qaytishni istasa. Lautaroni sotib olish esa yanada osonroq bo‘ladi, chunki “Barselona”da “Inter” qiziqishi mumkin bo‘lgan futbolchilar bisyor.
Aytishlariga qaraganda, Konte birinchi navbatda Arturo variantini ko‘rib chiqmoqda. Xulosa qilishga shoshilmaslik kerak, bu milanliklar Arturo Vidalni xarid qiladi degani emas. Yaqindagina ijtimoiy tarmoqlarda Arturo Vidal boshlab bergan o‘ziga xos chellenjga birinchi bo‘lib Messi javob berdi. Undan oldinroq esa Leo Arturo uning eng yaxshi do‘stlaridan biri ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Agar Arturo Messi bilan do‘stlashgan bo‘lsa, katta ehtimol bilan Seten futbolchini jamoada olib qoladi. Uning o‘rniga Artur yoki Rakitichlardan voz kechish ehtimoli bor.
“Inter” Lautaro uchun nafaqat Artur yoki Vidalni, balki Semeduni ham so‘rashi mumkin. Jamoa yangi futbolchi olishi uchun foydasi tegmayotgan o‘ng qanot himoyachisi ketgani ma’qulroq hisoblanadi. Dani Alvesh ketganidan so‘ng, uning o‘rniga munosib o‘ng qanot himoyachisi topilmadi. Balki Semeduning ketishi bu pozitsiya bo‘yicha ham rahbariyat yanada chuqurroq o‘ylab ko‘rishiga turtki bo‘lar. Hali Koutino va Dembelening kelajagi ham noma’lum. Usmonga belgilangan narx tufayli, uni sotish noreal ish. Ammo braziliyalik futbolchi APLning bir qancha jamoalari qiziqish bildiryapti.
Ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, “Barselona” ikkala xaridni ham amalga oshirishga tayyorlanyapti. Neymar Parijdan, Lautaro Martines Milandan olib kelinadi. Agarda ikkala transfer ham amalga oshsa, “Barselona” hujum chizig‘i yana daxshatli ko‘rinish oladi. Yoki Leo orqaroqqa o‘tib, hujumkor yarim himoyachi pozittsiyasida o‘ynashi, De Yong esa Buskets bilan bir chiziqda to‘p surishi ham mumkin. Shunda hujumda Neymar, Suarez va Lautaro uchligini ko‘rishimiz mumkin. Ko‘rib turganingizdek, istalgan uslubda o‘ynash uchun kimnidir qurbon qilish kerak.
Lautaro Martines Messiga munosib sherik bo‘la oladimi?
Juda ko‘p hujumchilar Leo Messi bilan o‘ynaganda qiyinchilikka duch kelishadi. Masalan, Iguain terma jamoada umuman o‘zini ko‘rsata olmadi. Leo bilan qalin do‘st bo‘lishiga qaramasdan, Aguero ham negadir terma jamoada o‘zini ko‘rsata olmaydi. Mauro Ikardi Messi bilan juda ajoyib tandemni hosil qilishi mumkin bo‘lgan hujumchilardan biri hisoblanadi. Afsuski, ikkala argentinalik futbolchilar bir-biri bilan kelisha olmaydi.
“Barselona”da Ibragimovich ham, Anri va Villa ham “kichkina diktator” bilan kelishib o‘ynash kerakligini tushunib etishgan. Aleksis Sanches ham hujumda effektiv tarzda harakat qila olmadi. Aynan chililik futbolchi hozir Lautaro “Inter”da qanday pozittsiyada bo‘lsa, “Udineze”da xuddi shunday pozittsiyada to‘p surar edi, ya’ni hujumchi bo‘lmagan hujumchi. Butun faoliyati davomida Messi faqatgina Suarez bilan kelishib o‘ynay oldi.
“Barselona” yana avvalgidek qudratli bo‘lishi uchun hujum chizig‘ini kuchaytirish zarur. Messi “qariya” futbolchilarni sotib olishga qarshi bo‘lishi mumkin. Masalan, Obameyangni. Balki Obameyang Lautaroning o‘rnini bosish uchun “Inter”ga o‘tar. Katta ehtimol bilan Martines “Barselona”ga olib kelinadi.
Messi intervyularidan birida aynan Neymar va Lautaroning jamoaga kelishini istayotgani haqida gapirgan. Suarez yosh argentinalik futbolchiga o‘z tajribasini ulashishini ham aytib o‘tgan.
111 mln Martinesga, 144 mln Neymarga to‘lash kerak bo‘lgan pullar haqida esa hech kim bosh qotirgani yo‘q. Balki, Grizmann, Koutino va Dembelelar sotib yuborilib, bu pullar to‘planar. Shundoq ham ular tarkibda o‘z o‘rnini topa olishmayapti.
Lautaro kelsa, Seten ikkita hujumchi bilan o‘ynash varianti ham mavjud bo‘ladi. Oldinda Martines va Suarez, sal orqaroqda Leo Messi. Neymar esa chaproqda to‘p suradi. Shunda ham o‘ng qanot uchun munosib futbolchiga ehtiyoj seziladi.
Messi ham Martinesga to‘xtalib o‘tdimi, yozda uni “Barselona”da kutamiz. Pochettino ham Lautaroning iste’dodiga shubha qilmayotganini bildirdi. “Lautaro Martines yana 3-4 yildan so‘ng bundanda kuchliroq futbolchiga aylanadi” – dedi argentinalik mutaxassis. “Barselona” esa bunday iste’dodni qo‘ldan chiqarmasligi kerak.
Fikrlar