
Neymarning “Real”ga o‘tmasdan iloji yo‘qmi?
Braziliya media xo‘jayinlari 1 Liganing TV xuquqlarini sotib olishga qarshi chiqishdi, balkim ular hamyurti Ispaniyaga qaytishiga ishonishayotgandir? Ehtimol bu haqiqatga aylanar... Shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi, deyishgan.
“PSJ”ning gol mashinasi Neymar qiyin vaziyatda. U 1 Ligada bir qancha rekordlarni yangilashi mumkin. Ammo futbol dunyosi nazdida “Barselona”ning sobiq hujumchisi o‘sishdan ko‘ra pastga qarab sho‘ng‘imoqda.
U “Park de Prens”ga 222 million evro evaziga kelib qo‘shilganidan beri tinmay gollar urmoqda. O‘zining yangi klubidagi dastlabki mavsumida barcha musobaqalarda jami 28 gol urishga erishdi va bu borada Evropadagi uchinchi natijani qayd etdi. Fevralda uning jarohat olib ancha muddat maydondan tashqarida qolgan bo‘lishiga qaramay undan bunday samaradorlikni kutish qiyin edi.
Yangi mavsumda allaqachon ikki gol urishga muvaffaq bo‘lgan Neymar 2017-18-yilgi mavsumdagidek samaradorlikni ko‘rsatishi mumkin. Muammo Neymarning maydondagi sport formasi emas, aksincha “PSJ” u o‘ylaganchalik bo‘lib chiqmaganida.
O‘zining vatanida o‘smirlik chog‘ida “Santos”da ko‘rsatgan o‘yinlari evaziga yarim-xudogacha aylangan futbolchiga befarqlik kuchaymoqda deyishimiz mumkin.
1 Liga mavsumi Braziliya Tv larida namoyish qilinmaydi, bu esa muxlislarni qahramonining jasoratlari haqida hech narsa bilmasdan qolib ketishiga olib keladi.
Frantsiyaning top jamoasini Evropada pisand qilishmayotgan bo‘lsada, milliy chempionatda barcha raqiblarni osonlik bilan “er tishlatmoqda”.
Faqatgina Chempionlar Ligasida bosh sovrini ularning rejasidagidek amalga oshmayapti. Bu esa iste’dodli hujumchining iqtidorini shubha ostiga qo‘ymoqda.
Bundan tashqari “muhabbat shahri”da Neymar o‘z maqomini barchaga singdirishda muammoga uchramoqda.
Endigina Jahon Chempioniga aylangan yosh “yulduzcha” Kilian Mbappe nafaqat Neymarga tahdid tug‘dirmoqda, balki Ronaldu va Messilarga qarshi “Oltin to‘p” uchun kurashga yorib kirmoqda. Hozirda ko‘pchilik aynan frantsiyalik yosh iqtidor egasi so‘nggi o‘n yillikning qo‘shhokimlarini “taxtdan tushirish”ga qodirligiga ishonmoqda. Yaqin kelajakda esa “Park de Prens”ning suyuklisiga aylanishi Neymarning maqomiga rahna solishi mumkin.
Mbappe Frantsiya futbolining “tilla bola”si, uning jamoadoshi narxi va iqtidori debyut mavsumida unga hech qanday ta’sir qilgani yo‘q.
Uzoq vaqt “Kamp Nou”da Messining soyasida qolib ketgan Neymar endi yangi klubida yosh yulduzchaning soyasida qolib ketish xavfi ko‘ndalang turibdi.
Shu erda u uchun boshqa yo‘l ochilmoqda. “Real Madrid” ushbu yozda ikki qahramoni bilan xayrlashgach, yangi qahramonga judayam muhtoj.
UEFA Superkubogida “Atletiko”dan uchralgan mag‘lubiyat Zinedin Zidan va Krishtianu Ronaldularning yo‘qligi jamoaga jiddiy ta’sir qilganini isbotladi. Peres esa yangi Galaktika tuzish vaqti kelganini tushunib etdi.
Neymarning “Santyago Bernabeu”ga olib kelinishi klub muxlislarining xavotirini pasaytirgan bo‘lardi, futbolchining o‘zi esa boshlagan ishini oxiriga etkazish uchun ajoyib imkoniyat taqdim etilardi.
Bunday transferni amalga oshirish mantiqan oson bo‘lmaydi. O‘tgan yozda jahon transferi rekordi yangilangan edi. Bir yil o‘tib uni ortga qaytarish yana yangi transfer rekordini o‘rnatish kerak bo‘ladi. Parijliklar o‘z etakchisidan faqatgina 300 million evro evaziga ajralishi mumkinligini aytmoqda. Madridliklar esa futbolchiga aql bovar qilmas maosh – haftasiga 700 ming evro taklif qilmoqda.
Neymar ehtimol bu mavsumda ham kelasi mavsumda ham “Real”ga o‘tmasligi mumkin. Biroq u bir kun kelib albatta “oq libos”da o‘ynashini ko‘rsak kerak.
Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.
Fikrlar