
Nurillo To‘xtasinov: O‘yindan oldin dadamga gol urishni va’da bergandim!
14 avgust kuni 9-turning qoldirilgan uchrashuvida autsayder “Buxoro” bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan “Bunyodkor” bu safar 10-tur doirasida “Metallurg” bilan kuch sinashib, raqibini 2:0 hisobida mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. O‘yinni o‘zgartirib yuboruvchi vaziyatlar esa ikkinchi bo‘limda yuz berdi. “Bunyodkor”ning iqtidorli yarim himoyachisi Nurillo To‘xtasinov birin-ketin ikkita gol urgan holda jamoasining g‘alabasini ta’minladi. Bellashuvdan so‘ng uchrashuv qahramoniga ayrim savollar bilan murojaat qildik.
- Nurillo, avvalo sizni va “Bunyodkor”ni qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan tabriklayman. Uchrashuv borasida qanday fikrdasiz?
- Albatta, pandemiyadan keyingi o‘yin qiyin bo‘ldi. Baribir chempionatimiz to‘xtab qolgani o‘z ta’sirini ko‘rsatardi. Shunga qaramay, o‘zimiz harakat qildik, ayniqsa, murabbiyimizning ko‘rsatmalari asosida o‘yin ko‘rsatdik. Barchamiz bir jamoa bo‘lib kurashdik. To‘g‘risi, bugun yutishimiz shart edi. Chunki bundan avval “Buxoro”ga qarshi qoldirilgan o‘yinda 1:1 hisobida durang o‘ynab qimmatli ikki ochkoni yo‘qotgandik. Bu safar esa Vadim Abramovning ko‘rsatmalarini puxta bajarishga harakat qildik. Muhimi, maydonga g‘alaba uchun tushgandik, buni uddaladik.
- Siz esa o‘yin qahramoniga aylandingiz va eng yaxshi futbolchi deb e’tirof etildingiz. Chunki kiritgan ikkita golingiz yakunda “Bunyodkor”ning g‘alabasini ta’minladi. Aytmoqchimanki, dublga erishishingizni kutganmidingiz yoki siz uchun syurpriz bo‘ldimi?
- Ikkita gol urishimni o‘ylamagandim-u, ammo bitta gol uraman deb maydonga tushgandim. Buni qarangki, bir emas, ikkita to‘p kiritdim, Xudoga shukr. Yashirmayman, ikkita gol urganim syurpriz bo‘ldi.
- Adashmasam, faoliyatingizda ilk bor bir o‘yinda ikkita gol urdingiz-a?
- Ha, bu birinchisi bo‘ldi. Faoliyatimda hali dubl qayd etmagandim.
- Shuni hisobga olganda, mazkur o‘yin faoliyatingizda o‘zgacha ahamiyat kasb etadimi?
- Shunday desa ham bo‘ladi. Bundan keyin ham undan-da ko‘proq gollar urishga harakat qilaman. Ayniqsa, bir o‘yinda ikkitadan ko‘proq gol muallifi bo‘lish uchun intilaman.
- “Metallurg”ning bugungi o‘yini xususida nima deysiz? Har holda ko‘pchilik bekobodliklardan ham jiddiy qarshilikni kutishgandi...
- “Metallurg” ham kuchli jamoa. O‘yin davomida ularda ham golga tortadigan imkoniyatlar bo‘ldi. Lekin biz ikkinchi bo‘limda “Metallurg”ga qaraganda kuchliroq o‘ynadik deb o‘ylayman. Birinchi bo‘limda esa bekobodliklar yaxshiroq o‘ynashgandi. Shunchaki, ikkinchi bo‘limda biz kuchliroq bo‘lib chiqdik.
- Aynan shu haqida so‘ramoqchi edim. Tanaffus chog‘ida Vadim Karlenovich sizlarga o‘yinni o‘zgartirib yuborish uchun qanday ko‘rsatmalar bergandi?
- Birinchi bo‘limdan keyin bosh murabbiyimiz bizga shoshilmaslikni, xotirjamlik bilan o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishimiz muhimligini aytdi. Shoshma-shosharlikka berilmaslikni, hujumga ko‘proq e’tibor qaratishimizni ta’kidladi.
- Kiritgan ikkita golingizni kimga bag‘ishlaysiz?
- Ota-onamga. Kecha Dadam bilan gaplashganimda gol urgin deb niyat qilganida, Xudo xohlasa, albatta uraman deb va’da bergandim. Birinchi golimni dadamga, ikkinchisini esa onamga bag‘ishlayman.
- Vaziyatga real qarasak, bu yil “Bunyodkor” qaysi o‘rin uchun kurasha oladi deb o‘ylaysiz?
- 2-3 – o‘rinlarga. Balki 1-o‘rin uchun ham kurashish imkoniga ega bo‘larmiz. Nima bo‘lsa ham biz sovrinli o‘rinlar uchun oxirigacha kurashamiz.
- Chempionatimizdagi ikkinchi tanaffusdan so‘ng yana sport formasiga qaytish qiyin kechmayaptimi?
- To‘g‘ri, biroz qiyinchiligi bo‘ldi. Lekin asta-sekin o‘zimizga kelyapmiz. Mashaqqatlar ortda qolyapti. Hammasi yaxshi bo‘ladi deb umid qilaman. Murabbiylarimiz tomonidan ham jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha ko‘rsatmalarni to‘liq bajaryapmiz.
Fikrlar