
Nursulton Ro‘ziboev sobiq UFC vakili bilan jang qiladi
O‘zbekiston MMA olamining mashhur vakillaridan biri Nursulton Ro‘ziboev yangi promoushen bilan shartnoma imzoladi va aynan ushbu promoushendagi debyut jangining sanasi va raqibi ham ma’lum bo‘ldi. Ya’ni, hamyurtimiz endilikda Bahrayn promousheni “Brave FC” turnirlarida o‘z jangini o‘tkazadi.
Biz ushbu ma’lumotlarga yanada oydinlik kiritish maqsadida Nursulton Ro‘ziboev bilan bog‘landik.
- Aslida, bu so‘ngi jangimdan avval hal bo‘lgan edi. Biroq, jangni o‘tkazib olgunga qadar, buni ovoza qilmaslikni ma’qul ko‘rdik. Chunki, “Open FC” promoushenida jang o‘tkazayotgandim. Bu promoushen mutasaddilari bilan ham gaplashib olganimizdan so‘ng, ma’lum qildik. Bahraynning “Brave FC” promousheni bilan beshta jangga shartnoma imzoladik. Endilikda faqat ushbu tashkilot turnirlarida oktagonga ko‘tarilaman. Ya’ni, erkin agent emasman. Istalgan promoushenda jang qila olmayman. Bu promoushenning nufuzi anchagina yuqori, deb ayta olaman.
Navbatdagi jangim 11 mart kuni Manama shahrida shvetsiyalik Andreas Stalga qarshi bo‘ladi. Ushbu raqibim o‘z vaqtida UFCda ikkita jang o‘tkazgan. Yaqindagina yarimo‘rta vazn toifasi chempioni Kamaru Usman bilan jang qilgan Gilbert Byorns bilan ham duch kelgan va ochkolar hisobiga imkoniyatni boy bergan. Xullas, oddiy jangchi emas. So‘ngi ikkita jangini g‘alaba bilan yakunlagan.
Ushbu promoushenda faoliyat yuritishning yana bir qulay tarafi shundaki, jarohatlar yiroqda bo‘lib tursa, jang kunlarini o‘zimiz belgilaymiz.
Niyatimiz ushbu promoushenda ham yaxshi natijalar qayd etib, yurtimiz sha’nini munosib himoya qilishdir va bunga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz!
Fikrlar