O‘FA yana bir murabbiyni futboldan umrbod chetlatdi

  • 10 iyun, 2019, 15:36
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi qoshida tashkil etilgan maxsus inspektsiya totalizator va kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etayotgan shaxslarga nisbatan keskin kurashib kelmoqda. Ana shunday chora-tadbirlar natijasida totalizator va kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etayotgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti xabar berib o‘tdi.

“Zarangari” futbol klubi rahbari Furqat Toirovning O‘zPFLga taqdim etgan xati asosida O‘FA maxsus inspektsiyasi surishtiruv ishlarini olib bordi. 

Xatda “Zarangari” futbol klubining besh nafar futbolchisi kelishilgan o‘yinlarda gumon qilinayotgani aytilgan bo‘lib, ularning ism-shariflari aniq ko‘rsatib o‘tilgandi. Keyinroq ma’lum bo‘ldiki, klub rahbariyatining o‘zi nohalol futbolga yo‘l ochib bergan va bu ishga unamagan futbolchilarni tuhmat tariqasida jamoadan chetlashtirish chorasini ko‘rmoqchi bo‘lgan. 

“Zarangari” futbol klubi rahbari Furqat Toirov “Zarangari”da moliyaviy muammolar borligini ro‘kach qilib, jamoaning barcha ishlariga endilikda Sherzod Sattorov javobgar bo‘lishini futbolchilarga rasman ma’lum qilgan (Sherzod Sattorov O‘zPFL ro‘yxatidan “Ittifoq-Buxoro” futbol klubi bosh murabbiyi sifatida o‘tgan). “Zarangari” futbolchilari F.Toirovdan hozirgi kungacha bo‘lgan moliyaviy hisob-kitobni qilishini talab qilishgan. Mana shu masalada muammo kelib chiqqan.

Keyinroq Sh.Sattorov barcha masalani o‘zi hal qilishini, kerak bo‘lsa transfer oynasi ochilmayoq yangi futbolchilarni jamoaga olib kelishga qudrati etishi haqida aytgan. Oylikdan tashqari pul ishlash niyatida bo‘lgan futbolchilar uning ko‘rsatmasi bilan totalizatorda ishtirok etishlari kerakligini uqtirmoqchi bo‘lgan. 

O‘FA maxsus inspektsiyasi Furqat Toirov hamda Sherzod Sattorovlarning futbolchilar bilan suhbatlari yozilgan audioyozuvni to‘liq qo‘lga kiritdi. Ma’lum bo‘ldiki, Sh.Sattorov hamda F.Toirov rejasiga unamagan futbolchilarni O‘zPFL orqali gumonlantirilib, ulardan xalos bo‘lishni istagan. Rahbarlardan farqli o‘laroq, futbolchilar alohida-alohida suhbatdan o‘tkazilganda, ularning fikrlari asosli bo‘lib chiqdi, jamoa a’zolari faktlar asosida ko‘rsatma berdilar.   

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘FA Intizom va odob-axloq (etika) qo‘mitasi qaror qabul qildi. Unga ko‘ra  “Ittifoq-Buxoro” jamoasi bosh murabbiyi Sherzod Sattorovning qilmishlari  kechirib bo‘lmas, deb hisoblandi va u bir umrga futbolga aloqador barcha faoliyatdan chetlashtirildi. Sh.Sattorov Buxoro viloyatidagi maktablardan birida jismoniy tarbiyadan ham dars berishi haqida aytib o‘tdi. Yosh avlodni uning kabi kishilar boshqarmasligi kerak deb hisoblanib, O‘FA qo‘mita qarorini mazkur maktabga ham taqdim etadi. Shuningdek, audioyozuvlarga ko‘ra, Sh.Sattorov O‘FA hamda O‘zPFLning ayrim xodimlarini haqorat qilgan, ularga jiddiy tuhmatlar yog‘dirgan. 

O‘FA Intizom va odob-axloq (etika) qo‘mitasi “Zarangari” futbol klubi rahbari Furqat Toirovni 1 yilga futboldan chetlashtirdi va 20 million so‘m jarima jazosi qo‘lladi. Keyingi tekshiruvlar jarayonida uning ham kelishilgan o‘yinlarga aloqadorligi fakti topilsa, jazo o‘zgartiriladi. 

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi futbol sohasida faoliyat yuritayotgan barcha insonlarni ogohlantiradi: murabbiy, fubolchi, mutaxassis — kim bo‘lishidan qat’i nazar kelishilgan o‘yinlarga aloqadorligi aniqlansa, belgilangan tartibda qat’iy jazoga tortiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘FA 2018 yil avvalida boshqa sabablar bilan O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayanni futboldan bir umrga chetlatgan edi, ammo oradan ikki hafta o‘tib «Bunyodkor» klubining Babayanni kafillikka olishi haqidagi xatga asosan, bu qaror bekor qilingani borasida xabarlar tarqalgan edi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
ахмад49
10/06/2019 17:02
УФА америка очибди,изласангиз ПРО лиганинг хаммасидан топилади,УФА дагилар сизлар йиригидан гапиринглар, мисол учун Металлург бекобод Пахтакордан уйинчиларни ижарага олдим деб эвазига хар доим Пахтакорга йирик хисобларда ютказиб беради,утган йили Металлург Пахтакорга 12 очко такдим этди,ёки хакамлар Асимов ва Ш.Косимовларнинг нохолис хакамликларидан гапиринглар ва хокоза.
&
Surxon turon
10/06/2019 16:21
Суперлигадан изланг тиқилиб ётибди бундай мураббий
АС МИЛАН
10/06/2019 16:03
Шунақа футбол клуби борлигини энди эшитим