Oldimizda 5-tur: g‘alaba uchun kimda qanday imkoniyat bor?

  • 17 iyun, 2020, 23:27
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ushbu haftaning juma, shanba va yakshanba kunlari Coca-Cola Superliganing navbatdagi 5-tur bellashuvlari o‘tkaziladi. O‘tgan turdagi o‘yinlar hamda qayd etilgan natijalardan so‘ng oldimizda turgan yangi uchrashuvlar yanada shiddatli va murosasiz o‘tishini taxmin qilishimiz mumkin.

Umid qilamizki, oldinda siz bilan bizni bundan-da, qiziqarli va kutilmagan natijalar kutib turibdi. Axir barchamiz futbolni sog‘inganmiz, to‘g‘rimi?

Osiyo chempioni bo‘lgan, yurtimizning tajribali mutaxassislaridan biri Ravshan Haydarov ham hozirda chempionatimizni diqqat bilan kuzatmoqda. Shu sababli ushbu murabbiy Sports.uz uchun 5-tur oldidan har bir juftlikka to‘xtalib, jamoalarning imkoniyatlarini chamalab chiqdi.

“Qo‘qon-1912” – “Qizilqum”

- Ikkala klub ham o‘tgan turda mag‘lubiyatga uchrashdi. O‘ylaymanki, murabbiylar jamoalaridagi muammo va kamchiliklarni ko‘rib oldi. Shu bois o‘tgan vaqt davomida ular ana shu muammolar ustida ishlashayotgan bo‘lsa ajab emas. Albatta, Qo‘qonda jangovor uchrashuv bo‘ladi deb o‘ylayman. Masalan, “Qizilqum”da yo‘qotadigan narsa yo‘q. Qo‘qonliklar esa o‘z maydonida o‘ynashadi. Nazarimda, ustunlik 60x40 mezbonlar foydasiga.

“Paxtakor” – “Bunyodkor”

- O‘tgan turda “Paxtakor” Jizzaxda mag‘lubiyatga uchradi va bu amaldagi chempion uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘ldi. O‘ylashimcha, oldingi o‘yinni ko‘rib, tahlil qilgan holda tayyorgarlik olib bormoqdalar. Ular jamoalarni oson yutib bo‘lmasligini tushunib etgan bo‘lishlari kerak. “Bunyodkor”ga kelsak, ular o‘ynaydigan jamoa. Bosimi yo‘q, faqat o‘yinga chanqoq bo‘lgan klublardan biri aynan “Bunyodkor”dir. U erda futbolni mazza qilib o‘ynaydigan yigitlar yig‘ilgan. Albatta, juda qiziqarli uchrashuv bo‘ladi. Ikkala klublarning imkoniyatlarini teng baholayman – 50x50.

“Navbahor” – “Buxoro”

- Albatta, o‘yin sifati bo‘yicha “Navbahor” yuqorida. Qarshidagi ajoyib o‘yindan so‘ng ularning shijoati yanada kuchaygan. Jismoniy tayyorgarligi ham me’yorida. “Navbahor” o‘z uyida o‘ynaydi, garchi muxlislarisiz o‘yin o‘tkazsa-da, baribir jamoaning o‘yini yaxshiroq. Shunday ekan, maydon egalarining g‘olib chiqish imkoniyati katta – 70x30.

“Lokomotiv” – “So‘g‘diyona”

- Hozirgi paytda jamoalar har xil holatda. “So‘g‘diyona”ning “Paxtakor”ga qarshi ko‘rsatgan o‘yini yoqdi, ular aqlli o‘ynashdi. Qolaversa, jizzaxliklarning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchi ham ortgan. “Lokomotiv”da esa futbolchilar jamoaga moslashib olishlari lozim. O‘ylashimcha, ushbu juftlikda “So‘g‘diyona”ning imkoniyati biroz yuqori. Baribir jizzaxliklar “Paxtakor”ga qarshi yaxshi o‘yin o‘tkazishdi. Buning ustiga “So‘g‘diyona” futbolchilari jismoniy tarafdan ham yaxshi tayyorlanishgandi. To‘g‘risi, “Lokomotiv” – “So‘g‘diyona” ishtirokida juda qiziqarli uchrashuv bo‘ladi. Agar “Loko”da jarohatlangan o‘yinchilar safga qaytishsa hamda murabbiylar muammoli vaziyatlarga echim topa olishsa, balki o‘ylagan maqsadiga erishishlari mumkin. Menimcha, durang qayd etilishi ham mumkin.

AGMK – “Surxon”

- Bu erda ham jamoalar turlicha ruhiy holatdalar. Ko‘rinib turibdiki, AGMK jamoasi yaxshi holatda. Navoiydagi uchrashuvda olmaliqliklar yaxshi taassurot qoldirishdi. Jismoniy tayyorgarligi ham joyida. Tarkibida ham yaxshi futbolchilar jamlangan. Ayniqsa, individual mahoratga ega o‘yinchilar bisyor. Shunday omillar bo‘yicha AGMKning ustunligi bor. “Surxon”ga kelsak, albatta ushbu jamoada ham tajribali futbolchilar yig‘ilishgan. Menimcha, ulardagi muammo – bu jismoniy tayyorgarlik bilan bog‘liq. Ayniqsa, “Surxon”ning “Mash’al”ga qarshi ko‘rsatgan o‘yinida jamoa juda og‘ir ko‘rindi. Faqat yutqazayotganida harakat qilishni boshladi. Agar AGMK bilan uchrashuvgacha murabbiylar futbolchilarning jismoniy holatini biroz yaxshilashga erishishsa, bu boshqa gap. Biroq “Surxon” yana “Mash’al”ga qarshi o‘ynagandek harakat qiladigan bo‘lsa, u holda AGMKning g‘alaba uchun imkoniyatlari yuqori.

“Andijon” – “Metallurg”

- “Andijon”ning “Buxoro” bilan o‘tkazgan o‘yini menga yoqdi. Ayniqsa, jonli o‘yin bo‘ldi. Ko‘rinib turibdiki, andijonliklar futbolni ancha sog‘inib qolishgan. Bundan tashqari, “Buxoro” bilan “Andijon” turnir jadvalida yonma-yon edilar. Bunday bahs esa olti ochkolik ahamiyatga ham ega edi. Lekin o‘yin oxirida “Andijon” muvozanatni yo‘qotdi va xatolarga yo‘l qo‘ydi. Oqibatda g‘alabani qo‘ldan chiqarib yubordi. Albatta, “Andijon” o‘z maydonida muxlislari ko‘z o‘ngida o‘ynaganida g‘alaba uchun imkoniyatlari yanada oshgan bo‘lardi. “Metallurg” esa tajribali jamoa. “Lokomotiv”ni aqlli o‘yin va to‘g‘ri tanlangan taktika hisobiga yutib ketishdi. Tarkibida esa tajribali futbolchilar to‘plangan. G‘alaba uchun imkoniyat 40x60 “Metallurg” foydasiga.

“Mash’al” – “Nasaf”

- Baribir “Nasaf” jamoasi yaxshi holatda. Ayniqsa, klublarning sifatiga qaraydigan bo‘lsak, qarshiliklarda ustunlik bor. “Nasaf”da yaxshi tayyorgarlik bor, klubning o‘ziga yarasha an’analari mavjud. Turnir jadvalida ham “Nasaf” birinchi o‘rinda ketyapti. Tabiiyki, ular peshqadamligini saqlab qolish ilinjidalar. Klubning kayfiyati ham yaxshi. Garchi uchrashuv “Mash’al”ning maydonida bo‘lsa-da, baribir mezbon yoki mehmon ifodasi u qadar katta rol o‘ynamaydi. Chunki ikkalasi ham bir viloyat jamoalari. O‘ylaymanki, ustunlik “Nasaf” tomonida – 40x60.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!