"O‘lim guruhi"ning "qurboni"ga aylangan "Paxtakor"!

  • 26.05.2019 16:06
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 5
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Futbol ba’zan shunday beshavqat bo‘lib ketadiki, yuz bergan vaziyatga chidashning o‘zi bir mashaqqatga aylanib qoladi. O‘tgan haftada esa barchamiz uchun juda alamli bo‘lgan mag‘lubiyatni xazm qilishga majbur bo‘ldik. “Paxtakor”ning “Al Ahli” bilan uchrashuvda oxirgi daqiqalarda o‘tkazib yuborgan goli tufayli shuncha mehnat chippakka chiqdi va buning oqibatida “Sherlar” og‘zidagi oshini oldirib qo‘ydi. Lekin futbolda mana shunday alamli mag‘lubiyatlar bilan shirin g‘alabalar doim yonma-yon yuradi. Bu safar esa futbolning alamli mag‘lubiyatini o‘zimizda yana bir bor his qilib ko‘rishga majbur bo‘ldik.

Ha, bu qanchalik og‘ir va qayg‘uli bo‘lmasin, buni qabul qilishimizga to‘g‘ri keladi. Lekin bu shunday mag‘lubiyat ediki, hech kim “Paxtakor”ni keyingi bosqichga chiqa olmagani uchun tanqid qila olmaydi. Chunki Shota Arveladze boshchiligidagi jamoaning guruh bosqichida namoyish etgan o‘yinlari borasida katta e’tirozlar yo‘q. Alamlisi, “Paxtakor” keyingi bosqichga chiqishga to‘la munosib edi. Biroq futbolda doim ham siz o‘ylagan rejalar amalga oshavermaydi. Lekin “Paxtakor” sen boshingni tik tut, erga tushirma! Zero, “sherlar” mardonavor o‘yin ko‘rsatdi.

paxtakor3

Biz “Al Ahli”ga qarshi o‘yini haqida ortiqcha to‘xtalib o‘tirmoqchi emasmiz. Boisi bo‘lar ish bo‘lib o‘tdi va buni endi ortga qaytarishning sira iloji yo‘q. Ammo “Paxtakor”ning Osiyo Chempionlar ligasidagi umumiy kartinkasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ijobiy taassurot qoldirdi. Chempionlar ligasiga qur’a tashlangan paytidayoq “D” guruhi “o‘lim guruhi” deya e’tirof etilgandi. Undagi klublarga qarang: Osiyoning etakchi va obro‘li klublari – “Al Sadd”, “Al Ahli” va “Persepolis”. Eronning “Persepolis” klubi o‘tgan yili Osiyo Chempionlar ligasining finaligacha etib borgandi. “Al Sadd” esa o‘z vaqtida ushbu nufuzli musobaqani yutib, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etgan. “Al Ahli” ham ushbu musobaqani yutish uchun da’vogarlardan biri edi. Ko‘pchilik esa o‘yinlarga qarab “Al Sadd” bilan “Paxtakor”ning keyingi bosqichga chiqishini kutishayotgandi. “Persepolis” esa birinchilardan bo‘lib ushbu guruhning “qurboni”ga aylangandi. Afsuski, uning sherigi sifatida ko‘pchilik kutganidek “Al Ahli” bo‘lib chiqmadi.

Shota Arveladze “Paxtakor”da ish boshlagan dastlabki yillarda ko‘plab tanqidlarga uchragandi. Uning boshchiligidagi jamoaning o‘yinida rang-baranglik yo‘q edi. Ammo Evropa futbolini ko‘rib, o‘zi uchun katta tajriba to‘plagan mutaxassis “Paxtakor”dagi uchinchi mavsumiga kelibgina o‘zining o‘ylagan taktik uslublarini to‘liq amalga joriy eta boshladi. Aslida esa murabbiyning bir jamoani shakllantirish uchun kamida uch yil vaqt kerakligi haqida ko‘p gapiriladi. Buni esa Arveladze misolida ko‘rishimiz mumkin. “Paxtakor”dagi uchinchi yiliga kelib, jamoa o‘yinida uning imzosi yaqqol ko‘rina boshladi. Ochig‘i, Shota Yustinovich bilan “Paxtakor” OChLda uzoqroqqacha bora olishiga ishonayotgandik ham. Guruhdan chiqishiga esa shubhamiz deyarli qolmagandi, hisob. Endi esa u O‘zbekiston chempionatida muvaffaqiyatlar qozonishi lozim.

Aksiga olib, Toshkentning boshqa bir klubi – “Lokomotiv” ham Osiyo Chempionlar ligasida muvaffaqiyatsizlikka uchragan holda muddatidan oldin guruhda qolib ketishi aniq bo‘lib ulgurgandi. Shu bois hech bo‘lmaganda “Paxtakor”ning keyingi bosqichga chiqishi bizni biroz ovutishini kutayotgandik. Shunday ekan, ikki etakchi jamoalarimizning guruhda qolib ketishlari albatta har tomonlama achinarli va qayg‘uli vaziyatdir. Bu esa kelasi yili bo‘ladigan OChL musobaqasi uchun o‘z-o‘zidan O‘zbekistonga beriladigan kvotalarni yanada kamayishiga olib keladi. Aslida esa “Paxtakor”dan ko‘ra “Loko”ning guruhi nisbatan engilroq ko‘ringandi. Biroq shunda ham “temiryo‘lchilar” bundan foydalana olishmadi. Ko‘pchilik esa uning guruhida “Paxtakor” bo‘lganida qiyinchiliksiz keyingi bosqichga chiqishiga ishonishlari haqida ham ko‘p gapirishdi. Ammo nima bo‘lganda ham biz endi OChLni shunchaki tomoshabin sifatida kuzatishga majburmiz.

Paxtakor

“Paxtakor” “Al Ahli”ga qarshi uchrashuvdan oldin Farg‘onada “Andijon” bilan o‘ynaganidan xabaringiz bor. Yirik hisobda g‘alaba qozongan bellashuvda jamoaning asosiy tarkibidagi ayrim etakchilar zaxirada qoldirilganini ko‘rib, klub matbuot xizmatiga baribir Shota Arveladzening xayolida “Al Ahli” bilan uchrashuv turganligi bois etakchilarga dam beribdi-da deganimda, yo‘q, Arveladzedan ham ko‘ra, balki futbolchilarning xayollarida keyingi o‘yinning ma’suliyati turibdi deya javob bergandi. Tan olaylik, o‘shanda “Paxtakor” katta qiyinchilikka duch kelmay g‘alaba qozongandi. Tabiiyki, Saudiya safariga yaxshi kayfiyatda jo‘nab ketishgan. Oxirgi turdagi uchrashuvning ahamiyati naqadar jiddiyligini esa har bir “paxtakor”chi ich-ichidan his qilib turgandi ham. Agar adolat nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, keyingi bosqichga “Al Sadd” bilan birga “Paxtakor” chiqishi kerak edi. Hattoki, taqdir bizga shunday vaziyatni ham yaratib bergandiki, “Al Ahli” – “Paxtakor” bahsidan oldin Eronda “Persepolis” – “Al Sadd” uchrashuvi nihoyasiga etgan va unda mezbonlar o‘zlari uchun keraksiz uchrashuvda 2:0 hisobida zafar quchishgandi. Agar “Paxtakor” Saudiyada g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, guruhda birinchi o‘rinni o‘ziniki qilib olishi ham mumkin edi. Qisqasi, yutqazmasa bo‘ldi edi. Biz esa “Al Sadd”ning mag‘lubiyatdan keyin shirin hayollarga berildik. Axir “Paxtakor” bu yil kuchaygan va o‘yini ham shakllangan edi. Shuning uchun Arveladze jamoasidan endi g‘alabani kuta boshlagandik. Lekin o‘zimizning orzu-havaslarimizni o‘ylab “Al Ahli”nikini unutib qo‘yibmiz, chog‘i. Negaki, ularni ham keyingi bosqichga olib chiqish uchun faqat g‘alaba kerak edi. O‘yin davomida esa ko‘rganingizdek, vaziyat o‘zgarib turdi. Ayniqsa, “Paxtakor” yutqazayotgan mahalda g‘alabani unutib, durangga umid qila boshlagandik. O‘yin oxirlaridagi Igor Sergeevning goli esa o‘sha umidlarimizning ro‘yobi sifatida xizmat qilayotgandek bir paytda hakam tomonidan qo‘shib berilgan to‘rt daqiqaning ikkinchisida mezbonlar tomonidan kiritilgan ikkinchi gol “Paxtakor”ning ustiga quyilgan sovuq suv kabi aks-sado berdi. Adolat nuqtai nazaridan olib qaraganda, bizning jamoamiz keyingi bosqichga chiqishga to‘la-to‘kis munosib edi. Ammo “o‘lim guruhi”da hech kim “qurbon” bo‘lishni istamagani uchun oxirgi soniyalargacha qattiq jang kechganini shundan ham bilsa bo‘ladi.

“Paxtakor” guruhdan chiqa olmagan bo‘lsa-da, bu klubning katta loyihalar asosida ish boshlagan ulkan rejalariga aslo soya solmasligi kerak. Superklubga aylanishni maqsad qilgan klubga g‘alaba va muvaffaqiyatsizliklar aslo ta’sir ko‘rsatmasligi lozim. Shunday ekan, hayot davom etadi...

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
devdev
26/05/2019 16:42
Ўзбекистонда ҳакам билан ютишнинг оқибати шунақа бўлади...так что ҳалол ўйна Пахтакор
&
Ahadhon
26/05/2019 18:04
Batarbusun.g'iromliga.
&
AzizGazieff-Marco Simic 55 PFK Pakhtakor Tashkent Uzbekistan GoLions
26/05/2019 20:07
Paxtakor Super!!
&
xumoyun
26/05/2019 21:31
Battar bo‘llaring g‘irramkor
Fazliddin Abdurahmonov
26/05/2019 19:12
Paxtakor zur uynadi uzbdagi eng kuchli va uzbek futboli uchun nimadir qilayotgan bulsa bu paxtakor . Shunchaki omadi kilmadii . Paxtakordi gapirayotganlar osio chimpionlat ligasuda lakamatifdi uyinini kurdiylami . Menimcha kurmagan sizlar kuradigan uyin ham qilgani yuqdaa paxtakordi uyin zur chiqdi kurdiyla
&
ахмад49
27/05/2019 09:17
Европада бунака холатда бош мураббий истефо беради,Сиз журналистлар жамоа маглубиятга учраса хам кукларга кутариб мактовлар ёгдирасизлар бу сизларнинг конингизда бор, натижа хар йили шундай булиб колаверади.