
Olimpiyachilarimizdan yana tarixiy natijani kutib qolamiz!
2020 yil biz uchun o‘ta muhim musobaqa bilan boshlanmoqda. Oldingi yillardagidek yilning boshi hisoblangan yanvar oyi barchamizning diqqat-e’tiborimizni yana bir joyga jamlamoqda. Gap shundaki, 8-26 yanvar kunlari Tailandda U-23 Osiyo chempionati musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Albatta, bunday nufuzli turnirga olimpiya terma jamoamiz anchadan beri tayyorgarlik ko‘rib kelayotganidan muxlislarning xabarlari bor. Buning uchun futbolimiz rahbariyati olimpiyachilarimizga barcha shart-sharoitlarni yaratib berishdi va o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun ham munosib raqiblar tanlandi. Terma jamoamizning serbiyalik bosh murabbiyi Lyubinko Drulovich ham bir necha bor yaratib berilayotgan sharoit-u, imkoniyatlardan minnatdor ekanligini bildirib o‘tgandi. Vakillarimiz Dubaydagi yig‘indan so‘ng yanvar oyining boshlarida Tailandga yo‘l olishdi. Hech kimga sir emaski, barchamizning olimpiyachilarimizdan umidimiz katta.
Shu o‘rinda Osiyo chempionatining oldingi musobaqalariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, unda O‘zbekiston terma jamoasi ham doimiy ravishda ishtirok etib kelmoqda. Ushbu musobaqaga esa dastlab 2014 yili asos solingan. O‘sha yili ilk U-22 Osiyo chempionati Ummon mamlakatida o‘tkazilgandi. O‘shanda terma jamoamizga hozirgi kunda «Bunyodkor»ning murabbiylar shtabida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Shuhrat Maqsudov ustozlik qilgandi. Lekin Ummonda o‘tgan Osiyo chempionati terma jamoamiz uchun omadsiz o‘tgandi. O‘shanda guruhda terma jamoamiz Xitoyni 2:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, keyingi ikkita bellashuvda Iroq (1:2) hamda Saudiya Arabistoniga (0:1) mag‘lub bo‘lgan holda Toshkentga barvaqt qaytishgandi.
Keyingi Osiyo chempionati 2016 yili Qatarda o‘tkazilgan. O‘sha paytda olimpiya terma jamoamizga Samvel Babayan bosh murabbiy etib tayinlangandi. Tarkib ham iqtidorli o‘yinchilardan tashkil topgandi. Biroq bu safar ham terma jamoamiz yana guruhda qolib ketgandi. O‘shanda vakillarimiz dastlabki turlarda Janubiy Koreya bilan Iroqqa imkoniyatni boy bergandi. Uchinchi turda esa Yamanni 3:1 hisobida engishgan. Shunga qaramasdan Samvel Babayan boshchiligidagi terma jamoamiz guruhdan chiqa olmagandi.
2018 yilning yanvar oyida Xitoyda o‘tgan Osiyo chempionati esa o‘zbek futboli tarixining zarvaraqlaridan joy olgani barchamizga yaxshi ma’lum. O‘shanda Ravshan Haydarov bosh murabbiyligi ostida musobaqada ishtirok etgan terma jamoamiz chinakamiga qahramonlik ko‘rsatib haqli ravishda Osiyo chempionligini qo‘lga kiritishgandi. Ikki yil oldingi musobaqani shu daqiqalarda yana qayta eslash esa siz-u, bizga yoqimli onlarni eslatsa ajab emas. Yodingizda bo‘lsa, terma jamoamiz o‘sha Osiyo chempionatini mag‘lubiyat bilan boshlagandi. Dastlabki turda Qatar terma jamoasi yagona gol evaziga vakillarimizni mag‘lub etishgandi. O‘shanda terma jamoamiz qiyin vaziyatga tushib qolgandi. Chunki ikkinchi turda mezbon – Xitoyga qarshi o‘yinda yutqazadigan bo‘lsak, u holda terma jamoamiz uchun musobaqa muddatidan oldin o‘z nihoyasiga etgan bo‘lardi. Ammo o‘shanda futbolchilarimiz iroda namoyish etishib, Xitoyni ham, Ummonni ham engib keyingi bosqichga chiqishdi. Chorak finalda esa O‘zbekiston Yaponiyaga qarshi bahsda o‘ziga xos o‘yin ko‘rsatgan holda kunchiqar yurt vakillari darvozasiga javobsiz to‘rtta gol urgani barchamizning yodimizda. Yarim finalda esa yana bir asosiy raqobatchilardan biri Janubiy Koreya to‘qnash kelgandi va bu safar ham Haydarov jamoasidan chinakamiga master-klassni ko‘rganmiz va yirik 4:1 hisobidagi g‘alabani tantana qilgandik. Hal qiluvchi bahsda esa O‘zbekiston Vetnam bilan kuch sinashgan va o‘sha bellashuv qorli maydonda o‘tkazilganini haligacha hammamiz yaxshi eslaymiz. Qiyin sharoitda o‘tgan bahsda terma jamoamiz mardonavor o‘yin ko‘rsatib 2:1 hisobida g‘alaba qozonib Osiyo chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘lgandi.
Shunday ekan, olimpiya terma jamoamiz Tailandga amaldagi Osiyo chempioni sifatida tashrif buyurdi. Shuni ham aytish kerakki, olimpiya terma jamoamiz qit’a chempionatiga ilk bor xorijlik mutaxassis boshchiligida etib keldi. Buning ustiga serbiyalik Lyubinko Drulovich uchun ham bu terma jamoamiz bosh murabbiyligi ostida muhim sinov hisoblanadi. Darvoqe, 2013 yili Drulovich Serbiya yoshlar terma jamoasi ustozi sifatida Evropa chempionligini ham qo‘lga kiritganini alohida aytib o‘tish joiz. Demak, O‘zbekiston terma jamoasida har tomonlama chempionlar yig‘ilgan desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Chunki 2018 yilgi tarkibdan ham bir qator futbolchilar terma jamoamiz bilan birga Tailandga etib kelishgan. Qolaversa, chempion murabbiyga aylangan Ravshan Haydarovning ham Drulovichning murabbiylar shtabida borligi biz uchun plyus.
Murabbiylarimiz Osiyo chempionatida yurtimiz sharafini himoya qiladigan 23 nafar futbolchilar ro‘yxatini allaqachon e’lon qilishgan. Tarkib bo‘yicha murabbiylar bilan ortiqcha bahslashish noo‘rin. Negaki, Drulovich boshchiligidagi murabbiylar shtabi o‘zlari uchun eng maqbul bo‘lgan o‘yinchilarni tanlab olishdi. Shunday ekan, nega uni oldi yoki nega bunisini tarkibga olmadi, degan gap-so‘zlarga mutlaqo o‘rin yo‘q. Murabbiylar bugungi kunda eng kuchli bo‘lgan va foyda keltira oladigan futbolchilarni jalb etishdi. Buning ustiga terma jamoamiz musobaqagacha o‘tkazgan o‘rtoqlik uchrashuvlarida xam yaxshi taassurot qoldirishgan holda ketma-ket g‘alabalarga erishishgani ham e’tiborga molik. Demak, jamoamizning kayfiyati hamda ichki muhiti a’lo darajada.
Terma jamoamiz dastlabki o‘yinini 9 yanvar kuni Eron terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Bellashuv esa Songxla shahridagi 45000 ming muxlisga mo‘ljallangan «Tinsulanon» stadionida bizning vaqtimiz bilan 15:15 da boshlanadi. Vakillarimiz ikkinchi o‘yinini 12 yanvar kuni yana shu stadionda Xitoy terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi va bahs 18:15 da start oladi. Guruhdagi oxirgi bellashuvda esa terma jamoamiz Janubiy Koreya bilan kurashadi. Mazkur to‘qnashuv esa 15 yanvar kuni Bangkokdagi «Tammasat» stadionada soat 15:15 da boshlanadi. Hamma yaxshi tushunib turibdiki, asosiy maqsad Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdani iborat. Barcha sa’yi-harakatlarimiz esa aynan ushbu maqsadni amalga oshirishga qaratilgan. Ko‘z tegmasin, hozircha terma jamoamizning ishlari reja bo‘yicha ketmoqda. Endi esa hal qiluvchi bahslar boshlanish arafasida turibdi. Drulovichni esa aynan terma jamoamizni Olimpiadaga olib chiqishi uchun taklif qilganmiz. Shuning uchun serbiyalik mutaxassisning o‘zini ko‘rsatadigan payti keldi. Biz eng sara va iqtidorli futbolchilarimiz jamlangan terma jamoamizga ishonamiz va ularni qo‘llab-quvvatlaymiz. Umid qilamizki, O‘zbekiston terma jamoamiz 26 yanvar sanasigacha Tailandda qoladi.
Fikrlar