
Oliy liga: 1-davraning eng omadsiz 7 transferi
Oliy Liganing birinchi davrasi so‘nggi sarhisoblarini keltirishda davom etamiz. Bu safar «Erudit Sport» mavsum boshida katta maqsadlarni ko‘zlab yangi jamoasiga taklif etilgan, ammo o‘zini oqlamagan transferlar xususida fikr yuritadi. Quyida birinchi davraning eng omadsiz 7 transferi bilan tanishing.
MANSUR SAIDOV
Klubi: «Navbahor»
Ampluasi: yarimhimoyachi
1-davrada: 11-o‘yin, 654 daqiqa, 1 ta gol.
Farg‘onalik yarimhimoyachi Mansur Saidov yil boshida «Neftchi»ni tark etib, «Qizilqum» safiga qo‘shilgan bo‘lsada, mavsum boshlanish arafasida yana vodiyga qaytib, «Navbahor» jamoasidan o‘rin oldi. Namangan klubi tajribali futbolchiga ishonch bildirgan bo‘lsada, Saidov muxlislar kutgan o‘yinni namoyish eta oldi deyish qiyin. Oqibatda «Navbahor» Saidov bilan kelishuvni o‘zaro buzdi, Mansur yana Farg‘onaga yo‘l oldi.
ARTUR GEVORKYaN
Klubi: «Qizilqum»
Ampluasi: yarimhimoyachi
1-davrada: 15-o‘yin, 1223 daqiqa, 3 ta gol.
Yil boshida Artur Gevorkyanning «Lokomotiv»dan «Qizilqum» safiga qo‘shilishi Navoiy jamoasining sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borishi borasidagi taxminlarni yaratgandi. Ammo, kuchli tarkib – kuchli jamoa degani emasligi ma’lum bo‘ldi. Ayniqsa, Navoiyda biz «Nasaf»dagi «Qirol Artur»ni ko‘rmadik. Turkmanistonlik futbolchi jiddiy transferga qaramay, o‘z saviyasida to‘p sura olmayapti. Balki, ikkinchi davrada biz bilgan Gevorkyan qaytar…
RO‘ZIMBOY AHMEDOV
Klubi: «Navbahor»
Ampluasi: hujumchi
1-davrada: 6-o‘yin, 215 daqiqa, 0 gol.
Yil boshida Namangan jamoasi katta umidlar bilan Ro‘zimboy Ahmedovni yana «Andijon»dan «Navbahor»ga qaytargan bo‘lsada, xorazmlik tezkor forvard o‘zini ko‘rsata olmadi. 30 yoshli futbolchi gohida zaxirada qolgan bo‘lsa, aksariyat vaqtini jarohatini davolash bilan o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Bunday muammolar esa nomdor tarkibga ega «Navbahor»ni 12-o‘rinda tushishiga sabab bo‘ldi.
VOHID ShODIEV
Klubi: «Qizilqum»
Ampluasi: hujumchi
1-davrada: 12-o‘yin, 758 daqiqa, 0 gol.
2015 yilgi Osiyo Kubogida O‘zbekiston milliy terma jamoasida ajoyib o‘yinlar namoyish etgan Vohid Shodiev Malayziyadan «Qizilqum» safiga qaytib, haligacha gol nimaligini bilmay kelmoqda. Tajribali hujumchi 12 o‘yinda ishtirok etgan bo‘lsada, raqiblar darvozasini ishg‘ol etolmadi. «Qizilqum» «tishsiz» forvard bilan xayrlashgan bo‘lsada, Shodievni Qosimov «Bunyodkor»ga jalb etdi. Ko‘ramiz, Mirjalol Vohidni yana «uyg‘ota» olarmikan?
VADIM ChEMIRTAN
Klubi: «Bunyodkor»
Ampluasi: hujumchi
1-davrada: 7-o‘yin, 349 daqiqa, 2 ta gol.
O‘tgan mavsum Buxoroda porlagan moldavalik goleador, yil boshida «Bunyodkor»ga o‘tib, legioner nomiga mos bo‘lmay qoldi. Toshkentliklar safida 7 o‘yinda maydonga tushgan Chemirtan bor yo‘g‘i 2 ta golga mualliflik qilgan. Katta umidlar bilan taklif etilgan tajribali hujumchining kamtargina statistikasi uning omadsiz transfer bo‘lganligini anglatayotgandek. Bu fikrga Chemirtan qarshi bo‘lsa, ikkinchi davrada o‘zini ko‘rsatishi shart.
ALEKSANDR PIShUR
Klubi: «Sho‘rtan»
Ampluasi: hujumchi
1-davrada: 3-o‘yin, 169 daqiqa, 0 gol.
Ukrainalik «faxriy» hujumchi «Bunyodkor»dagi faoliyatidan keyin «Navbahor»da umuman o‘zini oqlamagan bo‘lsada, Aleksandr Volkov yil boshida Aleksandr Pishurni yana «Sho‘rtan»ga jalb etdi. Nomi ulug‘ legioner klubga zarari tekkan bo‘lsa hamki, foydasi tegdi deyish qiyin. Buni uning statistikasi aytib turibdi. «Chet el xo‘rozqandi»dan bu safar ham «Sho‘rtan» aziyat chekdi. Pishur 1-davraning eng omadsiz transferlaridan biri bo‘ldi.
NЬORE KRIZO
Klubi: «Lokomotiv»
Ampluasi: hujumchi
1-davrada: 2-o‘yin, 37 daqiqa, 0 gol.
Shubhasiz, joriy yilgi birinchi davraning eng omadsiz transferi Nore Krizo bo‘ldi. «Lokomotiv» yil boshida OChL va Oliy Liga o‘yinlari uchun afrikalik himoyachi Muhammad Kone va Nore Krizolar bilan safini to‘ldirgandi. Biroq, hujumchi legioner kutilganidek goleador emas, «puch yong‘oq» bo‘lib chiqdi. Krizo Oliy Ligada bor yo‘g‘i 2 o‘yinda 37-daqiqa to‘p surib, 1-davradan keyin «Lokomotiv»dan «tushib qoldi». Krizo misolida klublarimiz legioner tanlashda jiddiy boshqotirishlari shart.
Fikrlar