
Olmaliqda markaziy bahs, Shatskixda debyut o‘yin yoxud Superliganing 10-turi oldidan
Bugun Superliganing 10-turiga start beriladi. 16-19 may kunlari siz bilan biz bir-biridan ajoyib 8 ta to‘qnashuvga guvoh bo‘lamiz. Maksim Shatskix “Andijon” bosh murabbiyi sifatida debyutini o‘tkazadi. OKMK – “Neftchi” qarama-qarshiligi esa turning markaziy o‘yini hisoblanadi.
16 may
20:00. “Surxon” – “So‘g‘diyona”
Superliganing 10-turi bugun Termizda ochib beriladi. Unda “Surxon” muxlislari qarshisida “So‘g‘diyona”ni qabul qiladi. O‘tgan safar O‘zbekiston Kubogi doirasida o‘z uyida birinchi liga vakili “Lochin”ga 1:3 hisobida yutqazib muxlislarini qattiq ranjitib qo‘ydi. O‘sha mag‘lubiyat tasodifligini isbotlash uchun “So‘g‘diyona”ni mag‘lub etishi shart. Aksiga olib jizzaxliklarning ham natijalari yaxshi emas. Oxirgi turda uyida “Sho‘rtan” bilan bahsda zo‘rg‘a mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Shu kungacha faqat 2 ta g‘alaba qozondi xolos. “Surxon” bilan “So‘g‘diyona”ni faqat ikki ochko ajratib turibdi xolos. Oxirgi paytlarda jizzaxliklar ustozi Ivan Boshkovichni kursisi qimirlab qolgani haqida quloqqa chalindi. Balki bu uning uchun oxirgi uchrashuv bo‘lishi ham hech gap emas.
17 may
18:00. “Buxoro” – “Dinamo”
Superligada ketma-ket 6 turdan beri yutqazib kelayotgan “Buxoro”ni bu safar “Dinamo”ga qarshi yana bir og‘ir uchrashuv kutyapti. Samarqand jamoasi hali mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelyapti. “Buxoro” bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev allaqachon iste’foga chiqishini aytgan, ammo rahbariyat uni qoldirishga ko‘ndirgandi. Shunga qaramay, jamoasi hamon yutqazishda davom etmoqda. “Buxoro” uchun g‘alaba suv va havodek zarur. “Dinamo” o‘yin bo‘yicha “Buxoro”dan ustunroq. Mezbonlar ruhiy tushkunlikka tushib qolgani bois ham o‘ziga kela olmayapti. Ko‘ramiz, bu safar Baqoev qanday o‘zgarish qila olarkin?
20:00. “Qo‘qon-1912” – “Nasaf”
Muxlislarni yana bir ajoyib bellashuv kutib turibdi. Har qanday jamoaga va shu jumladan “Nasaf”ga ham vodiyda o‘ynash qiyin. Ro‘ziqul Berdiev jamoasi chempionatda hali yutqazmagan bo‘lsa-da, O‘zbekiston Kubogidan chiqib ketdi. “Paxtakor”ga 6:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. “Qo‘qon-1912” o‘zidan yaxshi taassurot qoldirayotgani ham haqiqat. Bu shubhasiz jangovar o‘yin bo‘ladi. Bahrom Haydarov jamoasi “Ajdarlar”ga munosib qarshilik ko‘rsatishi shubhasiz.
20:30. “Sho‘rtan” – “Andijon”
13 may kuni “Andijon” klubiga Maksim Shatskix bosh murabbiy etib tayinlandi ertasidan ishga kirishdi. “Sho‘rtan”ga qarshi bahs esa Maksim Aleksandrovichning “Burgutlar”dagi debyut uchrashuviga aylanadi. Bilasiz, g‘uzorliklar chempionatda g‘alabasiz seriyani davom ettirib, ikki ochko bilan oxirgi pog‘onada. O‘tgan turda Jizzaxda tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqarib yubordi. Lekin Kubok doirasida jamoa guruhdan chiqishga erishdi va “Ishtixon”ni 6:0 hisobida engdi. Biroq bu safar chempionat doirasidagi bahs og‘ir o‘tishi tabiiy. Ustiga-ustak andijonliklar 5 ta uchrashuvdan beri mag‘lubiyatga uchramoqda. Shu bois muxlislar ham Shatskix boshchiligida mag‘lubiyatsiz seriyaga barham bo‘lib, g‘alabali seriya boshlanishiga umid qilishmoqda.
18 may
19:00. “Bunyodkor” – “Navbahor”
Toshkentda Ilyos Zeytullaev jamoasi Sergey Lushchan boshchilik qilayotgan “Navbahor” bilan to‘qnash keladi. “Bunyodkor” ochiq va hujumkor o‘yin ko‘rsatadigan jamoa. Bunday klubga qarshi “Navbahor” avvalo himoyadan o‘ynaydimi yoki Lushchan boshqacha taktika qo‘llamoqchimi? Buni o‘yin davomida ko‘rib olamiz.
20:15. “Xorazm” – “Mash’al”
Pro ligadan Superligaga chiqqan ushbu ikki klub o‘rtasidagi uchrashuv qanday o‘tarkin? Ikkala jamoa hujumkor o‘ynamoqchimi? Katta ehtimol Hakim Fuzaylov jamoasi mezbon sifatida hujumkor o‘ynamoqchi. “Mash’al” ham qarshi hujumda o‘z imkoniyatidan foydalanmoqchi, albatta. Ikkala jamoani ham durang qoniqtirmasa kerak.
21:00. “Qizilqum” – “Paxtakor”
Ushbu o‘yin 21:00 ga belgilandi va chempionatimizdagi eng kech vaqtda boshlanadigan uchrashuv bo‘lib turibdi. “Paxtakor”ga Kamoliddin Tojiev vaqtincha bosh murabbiy etib tayinlangach, jamoa ko‘proq gollar urib kelyapti va tabiiyki, natijalari ham yaxshilanyapti. “Qizilqum” Navoiydagi arenasiga qaytgach, muxlislarning oqimi ham ko‘paydi. “Paxtakor”ga qarshi o‘yinda ham stadion tomoshabinlar bilan to‘lishi mumkin. Kim kamroq xato qilsa o‘sha jamoa maqsadiga erishishi mumkin.
19 may
20:00. OKMK – “Neftchi”
Turning markaziy uchrashuvi shubhasiz Olmaliqda bo‘lib o‘tadi. Mirjalol Qosimov jamoasi oxirgi daqiqalarda nimalar qilayotganini va muhim g‘alabalarni aynan so‘nggi daqiqalarda ilib ketayotgani e’tiborga molik. “Neftchi” ham tajribali futbolchilari bilan g‘alabani o‘zi bilan olib ketishni maqsad qilgan. Maydonda qattiq jang ketadi, bu aniq. Qolgani esa futbolchilarning qanchalik aniq harakat qilishiga bog‘liq.
Fikrlar