Olmoning "Barselona"dagi taqdiri nima bo‘ladi? Vaziyat haqida batafsil
"Barselona"ga Xans-Diter Flik istagi va "Evro-2024" turniridagi ajoyib harakatlari sababli olib kelingan Dani Olmoning jamoadagi taqdiri klubning uzoq yillik moliyaviy inqirozi tufayli so‘roq ostida bo‘lib qolmoqdami? Endi uni tarkibda ko‘rmaymizmi..?
Yaqin bir necha kun ichida futbol, aynan "Barselona" va Ispaniya futboli muxlislari orasida yuqoridagi kabi savollar ko‘p uchramoqda va albatta bular o‘z-o‘zidan emasligi aniq.
So‘nggi hafta davomida horijiy OAVda Olmo va "Barselona" haqida turli xil mavzudagi xabarlar tarqalmoqda. Ho‘sh, ularning qay biri haqiqatga to‘g‘ri keladi-yu, qaysilari feyk?
"Barselona" yozgi transferlar oynasida tarkibning yarim himoya chizig‘ini kuchaytirish maqsadida klub tarbiyalanuvchisi hisoblangan Dani Olmoni "RB Leyptsig"dan 55 million evro evaziga sotib oldi. Futbolchining "Evro-2024" turniridagi sermahsulligi, ko‘plab vaziyatlarda bog‘lam vazifasini bajarib bera olishi va bir necha pozitsiyalarda qiyinchiliklarsiz harakat qilishi "ko‘k-anorranglilar"ning e’tiborini tortdi. Bosh murabbiy lavozimiga kelganiga ko‘p bo‘lmagan Flik ham Evropa chempionini o‘z jamoasida ko‘rishga qarshi bo‘lmadi.
Moliyaviy inqiroz bo‘lishiga qaramasdan klub qanday ish tutdi?
Joan Laporta 2021 yilda prezidentlik lavozimiga qaytganidan beri "Barselona" futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun uzluksiz kurash olib bormoqda. Biroq, Olmo bilan bog‘liq vaziyat o‘ziga xos xususiyatlarga ega.
"Barsa"ning yangi o‘yinchilarni ro‘yxatga olishdagi muammolari La Liganing maosh chegarasi bilan bog‘liq. Ligadagi har bir jamoa o‘zi ishlab topayotgan daromadga qarab maosh chegarasiga ega va Blaugrana ancha vaqtdan beri o‘z chegarasidan yuqori faoliyat yuritmoqda. Klub Olmoni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun maoshlarni kamaytirish va daromad manbalarini ko‘paytirishga majbur bo‘ldi. Ular bunga avgust oyi oxirida Andreas Kristensenning uzoq muddatli jarohati tufayli erishdilar. La Liga klublarga jarohat olgan har qanday o‘yinchining maoshining 80 foizini boshqa o‘yinchini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ajratishga ruxsat beradi. Kristensen maoshining 80 foizi Olmoning uzoq muddatli shartnomasini qoplash uchun etarli bo‘lmasa-da, La Liga yangi maosh chegarasi qoidasini joriy etdi. Bu esa "Barsa"ga mavsumning dastlabki ikki o‘yinini o‘tkazib yuborgan ispaniyalik futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazish imkonini berdi.
Ushbu yangi qoida esa klubga Olmoni faqat 2024/25 yilgi mavsumning birinchi yarmida ro‘yxatdan o‘tkazish imkonini berdi. Ushbu muddat esa 2024 yil 31 dekabrda tugadi.
Biroq, bu Olmoning "Barselona"ni butunlay tark etganini anglatmaydi.
Futbolchi faqatgina La Liga bahslarida ishtirok eta olmaydi. Ispaniya Superkubogi, Ispaniya kubogi, Chempionlar Ligasi doirasidagi bellashuvlarda esa xavbek uchun hech qanday cheklov yo‘q. Bundan tashqari, Olmoning o‘zi ham klubda qolib, 2030 yilga qadar "Barselona" bilan ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritish niyatida.
Mazkur holat atrofida taqdim etilayotgan har qanday xabar ham haqiqatga yaqin bo‘lmasligi mumkin. Shunday ekan, voqea rivojini klubning so‘nggi qaroriga qadar kuzatish lozim.
Jahongir Inomjonov

Fikrlar