
Orzusi termamizni mundialga olib chiqish bo‘lgan Ilhom Mo‘minjonov diskvalifikatsiya, futbolga qaytishi va "Neftchi"dagi rejalari haqida ochiq gapirdi
Ilhom Mo‘minjonov yana katta futbolga qaytgan holda murabbiylik ishiga sho‘ng‘ib ketdi. Uning 2020 yil 31 dekabr kuni diskvalifikatsiya muddati tugashi bilanoq shu yilning 2 yanvar kuni rasman “Neftchi” bosh murabbiyi sifatida tanishtirildi.
Tarkibni esa Superligada to‘p surgan tajribali o‘yinchilar hisobiga kuchaytirdi. Mo‘minjonov o‘ziga qo‘llanilgan jazo, “Neftchi” taklifi va boshqa masalalar bo‘yicha Sports.uz saytiga o‘z munosabatini bildirdi.
“Uchta bosqichli yig‘in o‘tkazdik”
“Neftchi” yangi murabbiy boshchiligida mavsumga jiddiy tayyorlandi. Mo‘minjonov avvalo pro-liga uchun ko‘rilgan tayyorgarlik borasida o‘zining fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Yig‘in boshlaganimizga ikki oy bo‘ldi. Shu vaqt ichida jamoamiz 99 foizga almashtirildi. “Neftchi”ga tajribali o‘yinchilar bilan birga iqtidorli yoshlar ham jalb etildi. Ayrim yoshlar bilan ko‘p muddatli shartnomalar tuzildi. Selektsiya davomida murabbiylar shtabi bilan birgalikda kerakli futbolchilarni jalb qildik. Buning uchun rahbarlarimizga, ayniqsa, viloyat hokimi Xayrulla Bozorovga minnatdorligimizni bildiramiz. Jamoamiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Ikki oy mobaynida uchta bosqichli tayyorgarlik yig‘inini o‘tkazdik. Hozirgi kunda Farg‘onadamiz va pro-liganing ilk o‘yiniga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Qo‘lga kiritgan o‘yinchilarimiz bilan birgalikda nasib qilsa bu yil Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritamiz.
“Selektsiya ishlarida Anvar Soliev katta yordam berdi”
Chindan ham tarkib juda yaxshi tuzildi. Aksariyat o‘yinchilar Superligadan olib kelindi. Bu esa “Neftchi”ning maqsadi jiddiyligini ko‘rsatadi. Bosh murabbiy tajribali o‘yinchilarni qanday taklif qilingani xususida gapirdi.
- “Neftchi”ni qabul qilganimizdan keyin tarkibga tajribali o‘yinchilarni taklif qilish Anvar Soliev ikkimizga oson bo‘ldi, demagan bo‘lardim. Ayniqsa, Soliev selektsiya ishlarida katta yordam berdi. Futbolchilarni tarkibga qo‘shib olishda ularning “Neftchi” tarixi qanday ekanligini bilishlari ham qo‘l keldi. Axir bu O‘zbekistonning besh karra chempioni, to‘qqiz karra kumush medali sohibi. Klub hisobida yana bronza va kubok sohibi, degan unvonlar ham bor. Tajribali futbolchilar “Neftchi”ni xuddi “Paxtakor”dek tasavvur qilishadi. Tarkibni yig‘ishda katta qiyinchiliklarga duch kelmadik. Ular taklifimizga yo‘q, deyishmadi.
“Kubokda ham uzoqqa borishga harakat qilamiz, ammo asosiysi Superligaga chiqish”
“Neftchi”da yig‘ilgan tarkibni ko‘rib, go‘yoki birgina Superliga yo‘llanmasi uchun kurashish kamlik qiladigandek tuyulmoqda. Balki farg‘onaliklarning O‘zbekiston kubogida ham oldiga qo‘yilgan vazifasi jiddiydir. Bu borada Mo‘minjonov shunday dedi:
- 25 nafar futbolchidan iborat jamoani yig‘dik. Rahbariyat bizga pro-ligadan Superligaga chiqish vazifasini qo‘ygan. Bevosita O‘zbekiston kubogi va Liga kubogi musobaqalarida ham uzoqqa borishga intilamiz. Mahoratli o‘yinchilarimiz bor va ishlashda davom etamiz. Nafaqat Superliga yo‘llanmasi uchun, balki kubok bahslarida ham muvaffaqiyatli qatnashishga harakat qilamiz. “Neftchi”da ishlar ekansiz, buning mas’uliyati katta bo‘ladi va shuningdek, o‘ziga yarasha bosim ham sezilib turadi. Klub ikki yildan beri pro-ligada o‘ynayotgan bo‘lsa ham, o‘zbekistonlik mutaxassislar va muxlislar baribir “Neftchi”ning natijalariga befarq emaslar. Asosiy e’tiborimizni shijoatli o‘yinlar ko‘rsatib Superligaga chiqishga qaratamiz.
“Neftchi”ning mavqeini tiklash uchun ishga kirishganmiz”
Murabbiylarimiz orasida katta muddatli shartnomalar imzolanishini deyarli uchratmaymiz. Ammo Ilhom Mo‘minjonov bilan birdaniga to‘rt yilga mo‘ljallangan kelishuvga erishildi.
- 4 yillik shartnomaga kelsak, buni viloyat hokimi taklif qildi. O‘ylaymanki, “Neftchi” bilan uzoq muddatli shartnoma tuzib, muvaffaqiyatli ishlash har bir murabbiyning orzusi. Biz 4 yillik reja tuzib, “Neftchi”ning mavqeini tiklash ustida astoydil ishga kirishganmiz. Rahbariyatning bunday taklifiga yo‘q deya olmadim, - dedi murabbiy.
“Futboldan tashqarida menga havo etishmagandek bo‘ldi”
Shuningdek, ushbu murabbiy ma’lum vaqt futboldan chetda yurishiga to‘g‘ri keldi. Bu payt davomida bo‘lib o‘tgan ishlarni tahlil qilib, o‘zi uchun xulosalar chiqargan bo‘lsa ajab emas. Mazkur masala bo‘yicha “Neftchi” ustozi quyidagilarni aytdi.
- Ha, futboldan tashqarida bo‘ldim. 2019 yilning boshida diskvalifikatsiyaga uchrab, meni besh yilga chetlatishdi. Ikki yildan keyin menga ishlashim uchun imkoniyat berishdi va buning uchun O‘FA hamda PFL rahbarlariga rahmat aytaman. O‘tgan ikki yil davomida menga xuddi havo etishmagandek bo‘ldi. 8 yoshimdan beri futboldaman. O‘zimni futbolsiz, murabbiylar shtabisiz tasavvur qilishim qiyin. Albatta, o‘tgan vaqt davomida xulosalar chiqardim. 2016-2018 yillar mobaynida murabbiylikdagi natijalarimni yana takrorlashga va muxlislarining mehrini qozonishga harakat qilaman.
“Qaerdadir xato qilgandirman”
Diskvalifikatsiyadan oldin, u “Navbahor”da ancha samarali faoliyat olib borganini yaxshi eslaymiz. Ko‘rinib turibdiki, Mo‘minjonov “Neftchi”da ham o‘sha natijalarni takrorlash ilinjida. Shu bilan birga murabbiy orzusi haqida ham gapirdi.
- “Navbahor”dagi faoliyatim davomida borimni berib ishladim. Endi bo‘lar ish bo‘ldi. O‘zim kutmagan holda diskvalifikatsiyaga uchradim. Qaerdadir xato qilgandirman. Endi bunday xatolar takrorlanmaydi. Orzum O‘zbekiston milliy terma jamoasida ishlab, jahon chempionatiga olib chiqish. Bu har bir murabbiyning orzusi. “Navbahor”dagi natijalarni “Neftchi” klubida ham takrorlamoqchiman. Bundan keyin ham o‘sishda va izlanishda davom etmoqchiman. “Neftchi”dagi barcha sharoitlar qoniqtiryapti. Farg‘onalik muxlislarni bilasiz, ilgari jamoaning chempion bo‘lishida ham ularning hissalari katta bo‘lgan. Stadion ishqibozlar bilan to‘lardi. Ashaddiy, shijoatli muxlislar ko‘p. Ular jamoamizni qo‘llab-quvvatlab, duo qilib turishlarini xohlayman.
“Bu yili pro-liga ancha kuchayadi”
Bu yilgi pro-liganing fayzi va mavqei baland bo‘lishi kutilyapti. Axir u erda ishlayotgan murabbiy va futbolchilarga qarang. Buni Ilhom Mo‘minjonov ham tasdiqlab, qo‘shimchasiga shunday dedi:
- Pro-liga va uning formatini kim tuzgan bo‘lsa ham qoyil qoldim. Aminmanki, bu yilgi musobaqa o‘tgan yilgidagidan ancha kuchayadi. Bu yilgi pro-liga jamoalarida ishlayotgan murabbiylarni qarang. Qolaversa, tajribali o‘yinchilar ham yig‘ildi. Pro-ligada ham Superliga klublari bilan teng raqobat ko‘rsata oladigan jamoalar bor. PFL rahbarlari to‘g‘ri yo‘ldan ketishyapti. 1995-1997 yillardagi birinchi ligamiz mana shunday holatda kuchli o‘tardi. O‘zim ham futbolchi bo‘lib o‘ynaganman. Juda qiyin bo‘lardi. Hattoki, ikkinchi liganing saviyasi ham baland bo‘lardi. Mana, endi hozir o‘sha daraja qaytdi deb o‘ylayman. O‘tgan yili ham pro-ligada oddiy o‘yinlar bo‘lmadi. Hammasida intriga yuqori bo‘ldi.
Fikrlar