
"Osiyo Ayaksi" - "Nasaf" uchun chinakam sinov endi boshlanadi!
"Osiyo Ayaksi" sifatida qit’amiz futbol ishqibozlarida yaxshi taassurot qoldirayotgan "ajdarlar" 4-tur o‘yinidan so‘ng kvartetda ikkinchi pog‘onani zabt etib turibdi. Xo‘sh, keyingi bosqichga chiqish uchun minimum necha ochko kerak? Voqealar rivoji qanday ko‘rinish oladi? Bugun shu va boshqa aktual savollarga javob izlashga urinamiz.
Kvartetda ikkinchi bo‘lib ham guruhda qolib ketish mumkinmi?
Afsuski, shunday. OFK g‘arb va sharq jamoalarini ikkiga ajratgan holda, musobaqani markazlashgan formatda o‘tkazmoqda. Endilikda, 5 ta guruhdagi birinchi pog‘onani egallaganlar bilan biralikda faqat 3 ta eng yaxshi ikkinchi o‘rin sohiblari pley-off yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Xo‘sh, ushbu statistikaga suyanadigan bo‘lsak, "Nasaf" hozir eng yaxshi 3 jamoadan birimi?
1. "Al-Rayyan" - 7 ochko;
2. "Al-Ta’avun" - 7 ochko;
3. "Al-Ahli" - 6 ochko;
4. "Nasaf" - 5 ochko;
5. "Al-Quva" - 4 ochko.
Agar ochkolarga qaralsa, "Nasaf" keyingi bosqichga chiqish uchun guruhda birinchi o‘rinni egallashga urinib ko‘rishi shart. Ro‘ziqul Berdiev shogirdlarini oldinda oson bo‘lmagan o‘yinlar kutmoqda. Gap shundaki, "ajdarlar" ikki bor durang qayd etgani bois keragidan ortiqcha ochko yo‘qotib bo‘ldi. Endi ularni o‘rnini oldindagi ikki turda to‘ldirish shart. Keyingi bosqichga chiqish masalasini hal qiluvchi o‘yinlarda "Nasaf"ni qanday natija qanoatlantiradi?
Navbatdagi ikki turdagi juftliklar
23 aprel:
"Nasaf" - "Al-Sadd";
"Al-Faysali" - "Al-Vehdat".
27 aprel:
"Nasaf" - "Al-Vehdat";
"Al-Faysali" - "Al-Sadd".
Qolgan ikki o‘yinda Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari chinakamiga sinovdan o‘tadi. Gap shundaki, barcha ikkinchi o‘rinni egalalgan klublar pley-off yo‘llanmasiga ega bo‘lmasligi sababli maksimum ochko jamg‘arishi shart. Aks holda, hatto ikkita durang ham (buning uchun "Al-Faysali" o‘z o‘yinlarida g‘alaba qozonishi kerak!) ikkinchi o‘rinni naqd qilish uchun etarli edi. OFK turnirdagi jamoalar sonini oshirish maqsadida qilgan reformasi "ajdarlar"ga pand berib qo‘ymasligi uchun qolgan 2 bahsda imkon qadar ko‘proq ochko to‘plash shart. Yo‘qsa, 2-pog‘onani egallab ham turnir bilan erta xayrlashish ehtimoli yuqori.
Hal qiluvchi "to‘qnashuv"
"Al-Sadd" Iordaniya klubiga imkoniyatni boy berganiga qaramay, uni hisobdan chiqarishga hali erta. Qatarliklar endi bor e’tiborini "Nasaf"ga qarshi bahsga qaratishi aniq. Xavidan so‘ng o‘zini ancha oldirib qo‘ygan "Al-Sadd" va "ajdarlar" o‘rtasidagi o‘yin ko‘p narsani hal etib bersa ajab emas. "Nasaf"ni o‘ziga yaqin turganini sezgan "Al-Faysali" birinchi o‘rinni boy bermaslik uchun ham "Al-Vehdat"ga qarshi bellashuvda katta kuch bilan harakat qiladi. Birinchi davraning so‘nggi uchrashuvida "Al-Sadd"ga yirik hisobda mag‘lubiyatga uchragach, "o‘yindan chiqqani" taxmin qilingan "Al-Vehdat" yana kurashga qo‘shildi. O‘z navbatida, iordaniyaliklar ham "Al-Faysali" bilan to‘qnashuvda bor kuchini maydonga tashlaydi. Umuman olganda, 5-turdagi bahs guruhdan kim keyingi bosqichga yo‘l olishini aniqlashtirib berishi mumkin.
"Al Sadd" bilan o‘yinda kim favorit?
Barchasi o‘yinga jamoalarning qanday yondashishi bilan bog‘liq. Ro‘ziqul Berdiev "Al-Sadd"ga qarshi bahsga qanday o‘yin sxemasini tanlashi ko‘p narsani hal etib beradi. "Ajdarlar" ustozi oldida ikki yo‘l bor: "Al-Sadd" bilan ochiq futbolga kirishish yoki markazni ularga topshirgan holda, qanotlarga suyanib, ikkinchi raqam ostida harakat qilish. Ikkinchi variantga suyangan "Nasaf" birinchi davrada sal qolsa qatarliklarni mag‘lub etishi mumkin edi. Afsuski, vaziyatlardan foydalana olmagani bois "ajdarlar" endi ancha murakkab ahvolda qolmoqda. Shu o‘rinda yana bir faktni alohida e’tirof etish lozim. "Al-Sadd" bu Arveladzening "Paxtakor"i bilan Toshkentda 2:2 o‘ynagan jamoa emas. Raqibda har jabhada pasayish bor ekanligi ko‘zga tashlanib turibdi. Ularni "Al-Vehdat" ochiq o‘yinda taslim etgan bo‘lsa, "Al-Faysali" ekonom futbol bilan mag‘lubiyatga uchratdi. Guruh o‘yinlari avvalida kvartet favoriti sifatida deyarli barcha "Al-Sadd"ni ko‘rsatgan edi.
Juda katta ishonch kreditlari bilan omadsizlikka uchragan Xavi Grasiya shogirdlari hozir ruhan ancha ezilgan. "Nasaf"dan farqli o‘laroq, qatarliklardan ko‘proq narsa kutilayotgani fakt. Bu bosim yakunda "ajdarlar"ning maydonda erkinroq to‘p tepishiga olib kelishi mumkin, qolgani maydondagi futbolchilarga bog‘liq. Murabbiy ko‘rsatmasi to‘liq bajarilsa, bu "Al-Sadd"ni engish mumkin. Agar ulardan 3 ochko olsak, keyingi bosqichga bir qadam tashlagan bo‘lamiz. Durang yoki boshqa natija "Nasaf" muxlislarini 6-tur o‘yinlarini hech qanday intrigasiz tomosha qilishga majbur qiladi.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar