Osiyo futboli rivoji yo‘lida sheriklik ruhini yanada kuchaytirish masalalari muhokama etildi

  • 6 iyun, 2020, 20:27
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

OFKning Janubiy va Markaziy mintaqalardagi a’zo assotsiatsiyalari bosh kotiblari uchun tashkil etilgan onlayn konferentsiyasi o‘z ishini yakunladi. Har yili tashkil etiladigan ushbu konferentsiyada bu yil OFKning mintaqaviy assotsiatsiyalari rahbarlari ham qatnashdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, mazkur konferentsiyada O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bosh kotibi Avaz Maksumov ham ishtirok etdi.

Birinchi bor onlayn tarzda o‘tkazilgan yillik konferentsiyada Osiyo futboli rivoji yo‘lida OFKga a’zo mamlakatlar futbol assotsiatsiyalari o‘rtasidagi sheriklik aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari, shuningdek jahonda yuzaga kelgan vaziyatning Osiyo futboliga salbiy ta’siri va uning ijobiy echimlari keng muhokama etildi.

Shu bilan birga, qit’a futbol uyushmasi tomonidan amalga oshiriladigan dastur, loyiha hamda tashabbuslar bo‘yicha yanada to‘liqroq ma’lumot berildi. Xususan, Konfederatsiyaning tuzilmasiga yaqinda qo‘shilgan ikkita funktsiya – tijorat va xavfsizlik masalalari haqida ham kerakli ma’lumotlar almashildi.

Bundan tashqari, hozirgi qiyin sharoitda ham sport va axloqiy me’yorlarni ta’minlash, kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish zarur ekanligiga urg‘u berildi, bolalar va yoshlarni himoya qilish ham diqqat markazida bo‘ldi.

Konferentsiya Ruminiya futbol federatsiyasi prezidenti (mehmon spiker) Razvan Burleanuning futbolni rivojlantirishning strategik yondashuvi to‘g‘risidagi taqdimoti bilan yakunlandi.

Endi onlayn konferentsiya Sharqiy mintaqadagi bosh kotiblar uchun 11 iyun kuni bo‘lib o‘tsa, 25 iyun kuni Janubi-sharqiy zonada o‘tkaziladi. 30 iyun kuni esa yakuniy konferentsiya G‘arbiy mintaqada tashkil etiladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!