
Otabek G‘ulomxo‘jaev: Ayrim o‘yinchilar maydonga tushganidan keyin futbolchi ekanligini esdan chiqarib qo‘ydi, shekili
Superliganing 3-turidan o‘rin olgan "Bunyodkor" va "Andijon" jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida "burgutlar" bosh murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jaev ishtirok etdi.
"Bunyodkor"ni g‘alaba bilan tabriklaymiz. O‘yin uchun tuzilgan rejamiz amalga oshmadi. Ba’zi futbolchilar bilan gaplashib olishim kerak. Ular maydonga tushganidan keyin futbolchi ekanligini esdan chiqarib qo‘ydi, shekilli.
Hech qachon hakamlarga e’tirozim bo‘lmagan. Hakamlar hafa bo‘lmasin, VAR futbolning jozibadorligini buzib qo‘ymoqda. "Andijon"ning o‘yinlarida VAR bo‘lmasligini xohlardim. Shuncha to‘xtalish bo‘ldi, biroq yakunda 3 daqiqa qo‘shib berildi. Menimcha, 7 daqiqa qo‘shib berilishi kerak edi. Qolaversa, VAR o‘yin tempini buzib qo‘ymoqda. O‘zi VAR nimaga aralashishi kerak? Bugun hatto autda ham hakam VAR'ga murojaat qildi. Bu bahona emas. Qolaversa, birinchi golda ham to‘p maydon tashqarisiga chiqib ketgandek ko‘rindi.
Qirg‘izistonlik legioner? U ikkita o‘yinda maydonga tushdi. To‘g‘risi, ushbu uchrashuvlar haqida eslashni ham xohlamayman. Uning o‘zi bilan gaplashib oldik. Ismini aytmayman, ular "Bunyodkor" akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Lekin ayrimlari maydonda o‘zidan boshqa futbolchi yo‘qdek harakat qilishdi. Ertaga o‘yinni tahlil qilib, xatolarini o‘zlariga ko‘rsatamiz. Ularning yoshini ham inobatga olish kerak. Ammo men uchun 18-19 yoshdagi futbolchi yosh emas. Balki, tajriba etishmagandir", - deya murabbiy so‘zlarini keltirmoqda SPORTS.uz nashri muxbiri.
Fikrlar