
Otabek Umarov Osiyo Olimpiya kengashining Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti etib saylandi
Hindistonning Nyu-Dehli shahrida Osiyo Olimpiya kengashi (OOK)ning 44-Bosh Assambleyasi o‘tkazildi. Assambleya kun tartibiga muvofiq, tashkilotning rahbarlik lavozimlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Tashkilotni vaqtinchalik boshqarib borayotgan Raja Randxir Singx OOK Prezidenti etib saylandi. Shuningdek, 5 ta mintaqaga vitse-prezidentlar ovoz berish yo‘li bilan aniqlab olindi.
Biz uchun ahamiyatli tarafi, Otabek Umarov O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Eron va Afg‘onistondan iborat Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha tashkilot vitse-prezidenti etib saylandi. Bungacha Otabek Muhammadalievich muddati qisqa bo‘lgan davr – Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish bo‘yicha vitse-prezident edi. Bu vaqtinchalik lavozim musobaqa yakunigacha amal qilsa, Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidentlik doimiy xarakterga ega va endi hamyurtimiz butun qit’amizdagi 5 mintaqadan birida Olimpizm rivojiga mas’ul bo‘ladi.
Qayd etish joiz, Otabek Umarovning so‘nggi yillarda sport boshqaruvida erishgan muvaffaqiyatlari alohida e’tirof etilib, bugun yanada mas’uliyatli lavozimga saylandi va endi u butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi Olimpizm harakatining rivojiga mas’ul bo‘ladi.
Tadbirda so‘z olgan Otabek Muhammadalievich qit’amiz sporti jahonda yanada katta e’tirofga sazovor bo‘layotgani, buning isboti o‘laroq Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida Osiyoning 4 davlati TOP-15 talikdan joy olgani, Prezidentimizning sportni qo‘llab-quvvatlashlari bilan O‘zbekiston o‘z tarixida eng yaxshi natijani qo‘lga kiritganini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, bildirilgan ishonchni oqlashga, mintaqada Olimpizmning pok va ezgu g‘oyalarini yanada keng targ‘ib qilishga va’da berdi.
Fikrlar