
"Oxirgi marta o‘ynaylik" - shartnomasi tugayotgan Diyor Turopov "Nasaf" nima uchun yutqazgani, Sekeyraning ketishi va keyingi rejasini gapirdi
“Lokomotiv” klubi chempionatning so‘nggi turida Qarshida “Nasaf” bilan kuch sinashdi. “Temiryo‘lchilar” mazkur o‘yinda garchi birinchi bo‘lib darvozasidan to‘p o‘tkazib yuborsa-da, ikkinchi bo‘limda mehmonlar uchta gol urishni uddaladi.
Mazkur baxsdan keyin Sports.uz muxbiri “Lokomotiv” etakchilaridan biri Diyor Turopov bilan g‘alabali o‘yin, Sekeyraning ketishi va keyingi rejasi borasida suhbatlashdi.
- To‘g‘risi, uchrashuvdan oldin “Nasaf”ning g‘alabasini ko‘pchilik kutgandi. Chunki ular ikkinchi o‘rin uchun kurashayotgandi. Ammo “Lokomotiv” irodasini ko‘rsatdi va uchta gol urib 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Bunday qiziqarli kechgan bahsdan keyin bizga nimalarni ayta olasiz?
- O‘yin haqida taassurotlarmi? Biz bu uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. “Nasaf” ham yaxshi o‘ynadi. Ular O‘zbekiston Kubogi yarim finalida AGMKni yutib finalga chiqqanidan keyin o‘ylashimcha, biz bilan o‘yinga to‘liq tiklana olmadilar. Maydonda o‘ynayotgan futbolchilar buni yaxshi tushunishadi. “Nasaf” jamoasi dam olish kunlarida o‘zini kutilgan darajada tiklay olmadi. Shunaqa deb o‘ylayman. Qolaversa, ularning futbolchisi qizil kartochka bilan maydondan chiqib ketgani ham ta’sir qildi. “Lokomotiv”ni ham o‘ziga yarasha kuchli jihatlari bor. “Nasaf”dan ko‘ra, har jabhada yaxshiroq va chiroyliroq o‘ynadik. Hammasi adolatli bo‘ldi.
- “Lokomotiv” mavsumni g‘alaba bilan tamomladi va turnir jadvalida 6-pog‘onadan joy oldi. Nima deb o‘ylaysiz, jamoaning ko‘rsatgan o‘yini barchasiga mos tushdimi?
- 6-o‘ringa mos emasdik. Biz yuqori o‘rinlarga kurashgandik. Har bir o‘yindan keyin murabbiylar yaxshi o‘ynadik derdi va bizga ko‘rsatmalarni aytishardi. Siz ham ko‘rgan bo‘lsanglar, chempionatda 6-o‘rinda yakunlashga mos keladigan o‘yin ko‘rsatmagandik. Jamoamizning salohiyati bundan ko‘piga arzirdi. Ammo keraksiz joyda ochkolarni yo‘qotganimiz, 90-daqiqagacha yutib turib, undan keyin yutqazgan yoki durang o‘ynagan paytlarimiz bo‘ldi. 2-3 ta o‘yin natijamizga xalaqit qildi, deb o‘ylayman.
- O‘yindan oldin Sekeyraning “Lokomotiv”dan ketgani oxirgi turda jamoa o‘yiniga ham ta’sir qilsa kerak, deb o‘ylagandik. Portugaliyalik murabbiyning ketishini jamoa qanday qabul qildi? Shaxsan sizni munosabatingiz qanday bo‘ldi?
- Sekeyra yaxshi murabbiy edi. Jamoada ajoyib ishladi. Bizga evropacha o‘yinning qaysidir jihatlarini olib kirdi. Bunga aminman. Ketishi aniq bo‘lganidan keyin ortga qaytarib bo‘lmasdi. Bu xayol bilan yashab bo‘lmaydi. Jamoamiz uchun chempionatdagi oxirgi o‘yin edi. Balki kelasi mavsumda kimdir “Lokomotiv”da bo‘lmas. Shu sababli o‘zimiz uchun yaxshi o‘yin ko‘rsatishga kelishib, barchamiz harakat qildik. Oxirgi marta o‘ynaylik, natija ko‘rsataylik deb maydonga tushdik. Chunki boya aytganimdek, ertaga kimdir bu klubda bo‘ladi, yana kimdir yo‘q.
- Bizni qiziqtirayotgan savol: 2022 yilda ham Diyor Turopovni “Lokomotiv”da ko‘ramizmi?
- Bu savolingizga javobni ochiq qoldiraman. Hozir biror narsa deya olmayman.
- Lekin ayni paytda siz uchun takliflar bor...
- Ha, shunaqa desa ham bo‘ladi.
- Shartnomangiz tugayapti-a?
- Ha, shu yil tugaydi.
- Imkoniyatlaringizni yaxshi bilamiz. Shunday ekan, keyingi mavsumda sizni legioner sifatida ham ko‘rishimiz mumkinmi yoki bor e’tiboringizni o‘zimizni chempionatga qaratganmisiz?
- Bu narsa rejamda bor. Shu haqida ham o‘ylab turibman. Lekin hali barchasi oydinlashmagan. Shuning uchun aniq gap ayta olmayman. Barchasi aniq bo‘lganidan keyin nimadir desam mantiqqa to‘g‘ri keladi.
- “Lokomotiv”da siz uchun alamli va yoqimli o‘yinlar sifatida qaysi bellashuvlarni aytgan bo‘lardingiz?
- Menimcha, bu yil alamli o‘yinlar ko‘p bo‘ldi. O‘z maydonimizda AGMK bilan durang o‘ynadik. O‘shanda raqib oxirgi daqiqalarda gol urdi. Men esa sariq kartochkalarim to‘rttaga etgani uchun o‘ynamasdan chetdan kuzatdim. Shu uchrashuv alamli bo‘ldi. Har bir g‘alaba esa yoqimli bo‘ladi. Eng yoqimlisi? O‘z maydonimizda “So‘g‘diyona” ustidan g‘alaba qozonganimiz bo‘lsa kerak. Kubok bahsida bu raqibga qarshi oxirgi daqiqalarda gol o‘tkazib alamli tarzda yutqazgandik. Chempionatda esa o‘sha mag‘lubiyatga loyiq emasligimizni ko‘rsatish uchun o‘ynadik va yutdik.
- “So‘g‘diyona”ning ikkinchi o‘rinni egallagani siz uchun kutilmagan yangilik bo‘lmadimi?
- Yo‘q, kutilmagan yangilik bo‘lmadi. Bunga oddiy qaradim. Taqvim ham qiziqarli tuzilgan ekan deb o‘yladim. Sovrinli o‘rinlar uchun va ligada qolish uchun kurashayotgan jamoalar o‘rtasidagi kurash qiziq kechdi.
Fikrlar