Oybek Kasimov - O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi!

  • 12.02.2020 13:35
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Olimpizm
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Bugun O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining navbatdan tashqari XXXVII Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev, MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi (O‘zRPA) mas’ul xodimi Shavkat Sultonov, MOQ vitse-prezidentlari Azizjon Kamilov hamda Saken Polatov, Ijroqo‘m vakillari va OAV xodimlari ishtirok etishdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masala MOQ Bosh kotibligiga nomzod saylash edi. Rustam Shoabdurahmonov mazkur lavozimga sohada katta tajribaga ega bo‘lgan Oybek Omilovich Kasimov nomzodini ilgari surdi. Assambleya ishtirokchilari bir ovozdan nomzodni qo‘llab-quvvatlashdi va Oybek Kasimov Milliy olimpiya qo‘mitasining Bosh kotibi lavozimiga saylandi.

- Assalomu aleykum, qadrli Assambleya ishtirokchilari. Ko‘rib turibman, bu joyda begona inson yo‘q. Barchamiz Rio Olimpiadasiga tayyorgarlik jarayonida elkama-elka ishlagan edik. Bungacha 2 yil vazirlikda sportimiz rivoji yo‘lida qo‘ldan kelgancha ishladim. Bu joy men uchun begona emas. Aminmanki, davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi va yordami bilan Tokio-2020 Olimpiadasidan xalqimiz va muhtaram Prezidentimizni xursand qilgan hoda yuzimiz yorug‘ bo‘lib qaytamiz, – dedi Oybek Kasimov.

Oybek Omilovich Kasimov 1980 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Faoliyati davomida “Paxtakor” futbol klubi, Toshkent shahar futbol federatsiyasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan. Rio Olimpiadasidan so‘ng ko‘rsatgan xizmatlari uchun davlatimiz tomonidan «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.

Assambleya davomida bir qator federatsiya mutasaddilari, jumladan, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi rahbari Ruslan Mustaev, O‘FA bosh kotibi Avaz Maksumov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev, O‘zRPA mas’ul xodimi Shavkat Sultonov so‘z olib, Oybek Kasimov haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi.

Tadbir yakunida MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov yurtimizda ommaviy sportni targ‘ib qilish, Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlikni yanada kuchaytirish va bu borada muhtaram Prezidentimizning jismoniy tarbiya va sport rivojini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelayotgani borasida gapirib o‘tdi.

- Oldimizda Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlariga sportchilarimizni munosib tayyorlash, terma jamoalarimizga barcha sharoitlarni yaratib berish vazifasi turibdi. Yaponiyadagi Olimpiada startiga esa bor yo‘g‘i 163 kun vaqt qoldi. Ayni paytda davlatimiz Olimpiadaga tayyorgarlik bo‘yicha bizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Xususan, sport federatsiyalarida shifokor, dietolog, psixolog, massajchi, matbuot-kotibi kabi yangi shtatlar ochildi va bu borada mutaxassislar eng shimarib ishga kirishishdi. Umid qilamizki, yaqinlashib kelayotgan Olimpiadada sportchilarimiz bunday e’tiborga o‘z g‘alabalari bilan munosib javob qaytarishadi, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Shuning bilan, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining navbatdan tashqari XXXVII Bosh Assambleyasi o‘z ishini yakunladi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Oybek Kasimovning yangi, aytish joiz bo‘lsa, qadrdon lavozimiga qaytgani bilan yana bir bor muborakbod etadi va yangi Bosh kotibning faoliyati davomida kuch-g‘ayrat va ulkan muvaffaqiyat tilab qoladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!