
"O‘ynashadi anjanchasiga" yoxud "Bobur Arena"da nimalar ro‘y berdi?
“Andijon”ning “Bunyodkor”ga qarshi o‘zaro o‘yinlar statistikasida “Burgutlar”ga hali “Qaldirg‘ochlar” ustidan g‘alaba qozonish nasib qilmayotgandi. Bu safar Aleksandr Xomyakov jamoasi qora an’anasiga barham berdi.
10 mart sanasida “Bobur Arena”dagi o‘yinda kutilganidek qaynoq atmosfera shukuhi sezib yurdi. Bu andijonliklarning ushbu mavsumda o‘z maydonidagi birinchi, ochilish o‘yini edi.
Mezbonlar shu kuni har jihatdan mehmonlardan ustunligini amalda ko‘rsata oldi. G‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq va chanqoq futbolchilarda kuchli edi. Qolaversa, andijonlik ishqibozlarning jon berib qo‘llab-quvvatlashlari, o‘zgacha yaratilgan performanslari ham “Andijon” a’zolariga qo‘shimcha kuch bag‘ishladi. Natijada dastlabki 10 daqiqa yakunlanmasidanoq stadion maydon egalarining golidan larzaga keldi. Bu vaziyatda Bektemir Abdumannonov golning yaratilishida katta hajmdagi ishni bajardi. U maydon markazidan kirib keldi va raqiblarini ortda qoldirib, jarima maydoni ichidagi Luka Zgurskiyga to‘pni oshirdi. O‘z navbatida rossiyalik hujumchi joriy mavsumdagi “Andijon”ning hamda o‘zining ilk golini kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
32-daqiqada mehmonlar legioneri hisobni tenglashtirdi. Ammo ushbu gol inobatga olinishi uchun ancha vaqt kerak bo‘ldi. VAR hakamlari obdon tahlil qilishdi va yakunda gol inobatga olindi. Ammo ushbu jarayon davom etayotgan mahalda “Bunyodkor” maydonda bir kishi kam bo‘lib qoldi. Usmonali Ismonalievga bosh hakam noo‘rin hatti-harakati uchun qizil kartochka ko‘rsatdi. “Andijon” esa tezda vaziyatni o‘zgartira oldi. Burchak zarbasidan uzatilgan to‘pni himoyachi Vladimir Bubanya ko‘kragi bilan darvozaga joylab qo‘ydi. Hakam tomonidan to‘xtalishlar uchun birinchi bo‘limga 11 daqiqa vaqt qo‘shib berildi. Shuning ichida “Burgutlar” uchinchi golni ham kiritishdi. Standartdan keyin jarima maydoni ichida yana bir himoyachi Islom Mamatkazin darvozani ishg‘ol qildi va u golini Makgregorcha nishonladi.
Tanaffusdan keyin ham tashabbusni o‘zida saqlab turgan “Andijon” qator golli imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Albatta, orada “Andijon” darvozaboni Igor Litovka ham raqibning zarbalarini qaytarib turdi. Lekin, baribir golga tortadigan o‘ta xavfli hujumlar mezbonlar tomonidan sodir etildi. 85-daqiqada Muhammadkarim Toirov o‘zining chiroyli zarbasi bilan hisobni 4:1 ga etkazgan bo‘lsa, oradan ko‘p o‘tmay zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan legioner Armin Boshnyak ham joriy mavsumdagi ilk golini urdi va uchrashuvga nuqta qo‘ydi. Qizig‘i, Boshnyak o‘tgan yili ham “Andijon”dagi dastlabki golini “Bunyodkor” darvozasiga kiritgan.
Bellashuvdan keyin “Andijon” futbolchilari tarixiy g‘alabasini jonkuyar muxlislari bilan birgalikda nishonladi va bunday onlar o‘zgacha zavqli onlarni taqdim etdi.
“Andijon” navbatdagi 3-turni 16 mart kuni Toshkentda “Surxon”ga qarshi o‘tkazadi.
“Andijon” – “Bunyodkor” – 5:1 (3:1).
10 mart. Andijon. “Bobur Arena” stadioni. 10140 tomoshabin.
Hakamlar: Aziz Asimov, Nikita Afinogenov, Shoxnur Yo‘ldoshev.
Zaxira hakami: Isroil Imomnazarov
VAR: Ilgiz Tantashev
AVAR: Maksim Nexochin
“Andijon”: Igor Litovka, Islom Mamatkazin, Vladimir Bubanya (Ildar Mamatkazin, 86), Abduvohid G‘ulomov, Muhammadkarim Toirov, Sherzod Esanov, Sardor Azimov, Farhod Bekmuratov (Levan Arveladze, 69), Farhod Sohibjonov (Armin Boshnyak, 63), Bektemir Abdumannonov (Demir Imeri, 63), Luka Zgurskiy (Shaxrom Samiev, 63).
“Bunyodkor”: Marin Lyubich, Mahmudjon Muhammadjonov, Najmiddin Normurodov (Farhod O‘tkurov, 71), Samir Jelkovich, Muzaffar Olimjonov (Bilol Tupliev, 77), Frane Kirjak (Rustam Azimov, 56), Usmonali Ismonaliev, Azizbek To‘lqinbekov, Mirjahon Mirahmadov (Rasul Yo‘ldoshev, 46), Temurxo‘ja Abduholiqov, Toni Yovich (Amir To‘raqulov, 56).
Gollar: Luka Zgurskiy, 7- 1:0. Samir Jelkovich, 32 – 1:1. Vladimir Bubanya, 42 -2:1. Islom Mamatkazin, 45+5 – 3:1. Muhammadkarim Toirov, 85 – 4:1. Armin Boshnyak, 89 – 5:1.
Ogohlantirishlar: Sardor Azimov, 10. Abduvohid G‘ulomov, 71 – Temurxo‘ja Abduholiqov, 64.
Chetlatish: Usmonali Ismonaliev, 34.
Fikrlar