O‘zbek el klassikosini kutyapsizmi yoxud Superligada navbatdagi super to‘qnashuvlar

  • 18 aprel, 08:44
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun Superligada 6-tur uchrashuvlariga start beriladi va 21 aprelga qadar davom ettiriladi. Ushbu turda ham juda qiziqarli, keskin bellashuvlar kutmoqda.

Tecno

18 aprel

“Qizilqum” – “Qo‘qon-1912”

Superliganing 6-turini boshlab beradigan “Qizilqum” – “Qo‘qon-1912” qarama-qarshiligi muxlislarning e’tiborida. Navoiyliklar uchun g‘alaba zarur bo‘lib turgan holatda raqibning “Qo‘qon-1912” ekanligi mezbonlarga bir muncha noqulayliklar tug‘dirishi tabiiy. Pro ligadan chiqqan ushbu klub o‘tgan turda ilk g‘alabasini qo‘lga kiritganidan xabardorsiz. Endi ular “Qizilqum” bilan uchrashuvda ham ijobiy natijadan umid qilayotganligi bor gap. Safardan ko‘ra uyida xavfliroq ko‘rinadigan “Qizilqum” jamoasi bu safar qanday natija qayd etarkin? Vaziyatni kuztamiz.

“Xorazm” – “Bunyodkor”

Urganchliklarning galdagi raqibi “Bunyodkor” hisoblanadi. Ilyos Zeytullaev boshchiligidagi “Qaldirg‘ochlar” joriy mavsumda ancha qiziqarli va tajovuzkor ko‘rinishmoqda. “Xorazm” garchi chempionatni g‘alabalar bilan boshlagan bo‘lsa-da, keyin hali barqarorlik etishmayotgani ko‘rindi. Bu safargi bahsda ham Hakim Fuzaylov jamoasiga qiyin bo‘lishi aniq. Lekin “Xorazm” kutilmagan natijalar ham qayd etishi mumkin. O‘tgan safar OKMKga qarshi bahsda qo‘shib berilgan oxirgi daqiqada gol o‘tkazib yutqazdi. Holbuki, ungacha “Xorazm” penaltidan foydalana olmadi. Endi “Bunyodkor” bilan bahsda yo‘qotilgan ochkoning o‘rnini to‘ldirish uchun o‘ynaydi. Lekin biroz ustunlik “Qaldirg‘ochlar” tarafida.

19 aprel

“Neftchi” – “Paxtakor”

Turning markaziy uchrashuvi Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘zbek klassikosi nomi bilan mashhur bo‘lgan “Neftchi” – “Paxtakor” qarama-qarshiligiga ortiqcha ta’rif shart bo‘lmasa kerak. “Paxtakor” kutilmaganda startni ko‘ngildagidek o‘tkaza olmadi va ketma-ket mag‘lubiyatlar girdobiga tushib qoldi. “Neftchi” esa uchta durangdan keyin o‘ziga kela boshladi va birin-ketin ikkita g‘alabani qo‘lga kiritdi. Agar hozirgi natijalardan kelib chiqadigan bo‘lsak, farg‘onaliklar o‘z uyida biroz imkoniyati yuqoriroqdek ko‘rinmoqda. “Paxtakor” mag‘lubiyatlar seriyasiga rozi bo‘lmasligi kundek ravshan. “Neftchi”ga esa chempionlik uchun kurashida ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q. “Istiqlol” stadioni shu kuni “yonadi”.

“Sho‘rtan” – “Mash’al”

Bir necha kun muqaddam O‘zbekiston Kubogida mazkur klublar Muborakdagi stadionda to‘qnash kelishgan bo‘lib, unda darvozalar daxlsiz qolgan. Bu safar ular chempionat doirasida kuch sinashishadi va endi “Sho‘rtan” mezbonligi ostida. Hali g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan Anvar Berdiev boshchiligidagi g‘uzorliklarni faqat g‘alaba qanoatlantiradi. Superligada aynan yutolmayotgan “Sho‘rtan” qoldi, xolos. Navbatdagi voha derbisi chempionat doirasida o‘tishi sababli Kubokdagi o‘yindan ko‘ra ancha jonli va keskin tarzda o‘tishiga shubha yo‘q.

“Buxoro” – “Nasaf”

Ulug‘bek Baqoev boshqaruvidagi “Buxoro” klubining galdagi raqibi Qarshining “Nasaf” jamoasi hisoblanadi. Bu ham o‘ziga yarasha qiziqarli juftlik va ishqibozlarning e’tiborini torta oladi. Buxoroliklar ham hali barqarorlikka erisha olayotgani yo‘q. Ro‘ziqul Berdiev jamoasi esa o‘yindan-o‘yinga yanada qo‘shib borishini bilasiz. “Buxoro” katta shijoat bilan natijaga erishishga harakat qiladi, “Nasaf” esa tajriba hamda jamoaviy o‘yin evaziga ko‘zlangan maqsadiga erishishi mumkin.

20 aprel

OKMK – Co‘g‘diyona”

O‘tgan turda Mirjalol Qosimov jamoasi “Xorazm”ga qarshi bellashuvda 90+8-daqiqada g‘alaba golini urib ketdi va juda qimmatli uch ochkoni qo‘lga kiritdi. “So‘g‘diyona” omadsizliklardan keyin endi o‘ziga kelayotgandek. Harqalay uyida “Paxtakor”ni yutdi, safarda “Dinamo” bilan durang qayd etdi. Navbatdagi bahs ham Ivan Boshkovich jamoasi uchun nihoyatda muhim sanaladi. OKMK ham, “So‘g‘diyona” ham bir-biriga munosib raqib sanaladi. Qosimov jamoasi ortiqcha shov-shuvlarsiz g‘alabalarini birma-bir qo‘lga kiritib bormoqda.

“Andijon” – “Dinamo”

“Burgutlar” 17 aprelda o‘z uyida O‘zbekiston Kubogi doirasida “Surxon”ni qabul qildi va uch kundan so‘ng ularning galdagi raqibi Samarqandning “Dinamo”si hisoblanadi. Superliga musobaqasidagi ushbu bellashuv ancha qiziqarli, hujumkor ruhda o‘tishini taxmin qilsa bo‘ladi. “Bobur arena”ga keladigan har qanday jamoaga juda og‘ir bo‘lishini hamma biladi. Chunki u erda ashaddiy ishqibozlar bor. Stadionda boshqacha muhit hukm suradi. Bu “Andijon”ga qo‘shimcha ustunlik beradi. Qolganini esa vaqt ko‘rsatadi.

21 aprel

“Surxon” – “Navbahor”

6-turni yakunlab beruvchi bahs – “Surxon” – “Navbahor” uchrashuvi ham turning markaziy to‘qnashuvlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Termizliklar o‘z uyida “Navbahor”ga qanday syurpriz tayyorlarkin? Sergey Lushchan jamoasi mehmonda ancha erkin va hamjihatlikda o‘yin namoyish etayotgani e’tiborga molik. Hozircha esa imkoniyatlar teng ko‘rinmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!