“O‘zbek Kanelosi”ning Shoxjahon Ergashev borasidagi shov-shuvga munosabati qanday?

  • 14 iyul, 2019, 14:56
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 1
  • Boks
CHERY AUTO

Xusniddin Po‘latov havaskor boksda quloqqa kam chalingan ism-sharif hisoblanadi. Lekin yaqin ikki-uch yilning ichida ushbu bokschimiz professional yo‘nalishda o‘ziga xos tarix yaratdi. Hozirda, 69 kg vazn toifasida WBA Asia kamariga ega bo‘lib turgan yurtdoshimiz, endi, bir vazn quyi 66.7 da ham ushbu kamar uchun ringa ko‘tariladi. Quyida, “O‘zbek Kanelosi” nomi bilan mashhur ushbu charmqo‘lqop ustasi bilan bo‘lgan suxbatni e’tiboringizga xavola etamiz.

Sports.uz ma’lumotnomasi

Xusniddin Po‘latov 1991 yil 3 sentyabrda Andijon viloyati, Paxtaobod tumani, Madaniyat qishlog‘ida tavallud topgan. Asosiy zarbani o‘ng qo‘lda beradi. Andijon Olimpiya Zaxiralari Kollejini tamomlagan. WBA Asia kamari soxibi. Oilali, bir nafar farzandi bor.

xusha

Otasining bolasi

- Xusniddin boksga kirib kelishingiz tarixi qanday bo‘lgandi?

- Assalomu alaykum. Barcha yurtdoshlarimizga Vetnamdan sog‘inchli salomimni yo‘llab qolaman. Savolingizga kelsak, ota kasb desak to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, otam bokschi bo‘lgan. Bir qator sovrinlarni qo‘lga kiritgan. O‘zbekiston chempionligiga ham erisha olgandi. Dadamning orqasidan yurib, boks olamiga kirib kelganman desam to‘g‘ri bo‘ladi.

- Ringdagi harakatlaringizni kuzatgan inson, juda kuchli zarbangiz bor ekanligiga amin bo‘ladi. Bu borada alohida mashg‘ulotlar olib borganmisiz yoki tug‘ma iste’dodmi?

- Bu borada, dastlab dadam tomonidan ko‘p mashg‘ulotlar yuklanar edi. Misol uchun, og‘ir bolg‘a bilan ko‘p ishlardim, tosh otardim. Shunga uxshab, zarba kuchini oshirishga harakat qilardik. Qolaversa, dadamdan o‘tgan iste’dod desam ham bo‘ladi. Hozirda, ham murabbiyim bilan bu borada mashg‘ulotlar olib borayapmiz.Chunki professional boksda ushbu omil muxim rol o‘ynaydi.

WBA Asia kamari soxibi yoshlikda mashg‘ulotlarga kiritilmagan edimi?

 - Ko‘plab sportchilar mashhurlikka erishgunga qadar, juda katta qiyinchiliklarga duch kelgan. Sizda ham shunday xolatga o‘xshagan voqealar bo‘lganmi?

- Albatta, bunday xolatlar ham uchragan. Andijon olimpiya zaxiralari kollejiga xujjat topshirganmiz. Bilasizki, u erga 7 sinfdan qabul qilar edi. O‘shanda bizni zaxira sifatida qabul qilishgan. 8-9 sinfda o‘qiyotgan vaqtimizda bizni ba’zan mashg‘ulotlardan chiqarib yuborishardi. Butun bir sinfni oldida zaxiradagilarga javob berib yuborardi. Ko‘nglimiz o‘ksirdi. Ba’zilar uyga ketib qolardi. Biz esa, ochiq maydonlarda, stadionlarga chiqib bo‘lsa ham o‘zimiz mashg‘ulot o‘tkazardik. Qizig‘i, aynan o‘sha mashg‘ulotlardan chiqarib yuborilgan zaxiradagi bolalar, maktab davri tugab, kollejga qayta imtixon topshirganda birinchilardan bo‘lib kirganmiz.

50770338_10214394551246634_5532170502929383424_n

- Odatda, natija ko‘rsata olmagan bokschilarning ko‘pchiligida qiziqish so‘nib, boksni tashlab ketishadi. Sizda bunday xolat kuzatilmaganmidi?

- Yoshligimda juda ko‘p yutqazib qo‘yganimda ham boksdan sovub ketmaganman. Aksincha, yanada yaxshiroq harakat qilishga intilganman. Katta bo‘ldik va ba’zan natija ko‘rsata olmayotganligimda tark etmoqchi bo‘lgan xolatlarim ham uchragan.

Muxammadqodir Abdullaev bilan jang qanday bo‘lgandi?

-  Muxammadqodir Abdullaev bilan ham jang o‘tkazgan ekansiz, Bu shunchaki sparring jangmidi yoki rasmiy musobaqa?

- Muxammadqodir akani juda xurmat qilaman.Xaqiqiy afsona. Undan juda ko‘p narsani o‘rganganman. To‘g‘ri, kuch sinashganmiz. Sparring emas rasmiy musobaqada, turnir doirasida to‘qnash kelganmiz. Andijonda kuchlilar turniri bo‘lgan. O‘shanda barcha, ikki minutdan uch raund urushgan bo‘lsa, biz professional yo‘nalishda final baxsida uch minutdan  to‘rt raund jang o‘tkazgan edik. Garchi, mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsamda, o‘zim uchun ko‘p narsalarni kashf qilganman.

- Professional boksda ushbu natijalarga erishishingizda murabbiy Nabijon Ismanovning mexnati qay darajada deb o‘ylaysiz?

- Bu inson nafaqat professionalda bklki xavaskorda ham katta yordam bergan. Havaskor boksda natija ko‘rsata olmaganimda, mayli ko‘nglingni cho‘ktirma, sen professional yo‘nalishga xos harakat qilasan. Profida omading keladi deya doimo, qo‘llab-quvvatlab keldi. Tashlab qo‘ymadi. Nimagaki erishgan bo‘lsam, ushbu insonning xizmatlari juda katta bo‘ldi.

66680766_638851473300102_1522493291419926528_n

Qahramonimiz ko‘cha jangida ishtirok etganmidi?

- Xurshidbek Normatov hamda Azizbek Abdug‘ofurovlar bilan ko‘p kuch sinashgansiz. O‘sha janglardan qanday taassurotlar qolgan?

- Hozirda professional boksda mag‘lubiyatsiz odimlayotgan Xurshidbek Normatov hamda Azizbek Abdug‘ofurovlar juda kuchli va o‘ziga xos bokschilar edi. Ayniqsa, men uchun juda noqulay raqib bo‘lishgan. Har ikkisi bilan bitta kollejda o‘qiganmiz. Azizbek kursdoshim bo‘lgan. Ular bilan rasmiy musobaqalarda  ko‘p to‘qnash kelmagan bo‘lsamda, doimo, sparring janglarda ishtirok etardik.

 - Biror marta bo‘lsa ham ko‘cha janglarida ishtirok etganmisiz?

- Xech qachon ishtirok etmaganman. Bundan buyog‘iga ham aslo bunday bo‘lmaydi. Meni yuksak maqsadlarim bor, ya’ni professional boksda yurtimiz sha’nini munosib ximoya qilish men uchun birlamchi hisoblanadi.

-  69 kgda WBA Asia kamarini qo‘lga kiritdingiz. Endi esa bir vazn pastga tushib, xuddi shunday kamar uchun jang qilmoqchisiz. Bu qarorga nima uchun keldingiz. Keyingi faoliyatingiz qaysi vaznda bo‘ladi?

- Aslida, shu oy kamarimni ximoya qilishim kerak edi. Promouterlarim tailandlik Teva Kiram bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ushbu bokschi faoliyati mobaynida 42 ta jang o‘tkazib, 41 ta g‘alaba qozongan. Bir marotaba WBA jahon chempionlik kamari uchun Lukas Matissega qarshi jangda mag‘lubiyatga uchragandi. Ushbu bokschi Janubiy Koreyaga kelishga ko‘nmadi. Shundan so‘ng tashkilotchilar 66.7 kgda ham WBA Asia kamari uchun jang qilaversanmi deb so‘rashdi. Avval har qanday bokschi bilan jang o‘tkazaveraman deb aytgan edim. Rozi bo‘ldim. Endi, janubiy koreyalik bokschi bilan ushbu kamar uchun ringa chiqaman. Keyingi faoliyatim ham aynan 66.7 da bo‘ladi deb o‘ylayman.

51283495_828629187469583_8581293710505934848_n

“O‘zbek Kanelosi” ta’rifini kim bergan edi?

- Hozirda, Janubiy Koreyaning "Socky Buffalo" promouterlik kompaniyasi tarkibida faoliyat olib bormoqdasiz.  Aytingchi bu variant qanday bo‘lgandi?

- Bu  yaratgan tomonidan inom etilgan ajoyib imkoniyat edi. Albatta, bunga sababchilar Bobur Najmiddinov hamda Nabijon Ismonovlar bo‘ldi. O‘sha vaqtlar ustozim Bobur Najmiddinov ushbu promouterlik tashkiloti safida o‘z faoliyatini boshlagan edi. Biz internet tarmoqlari orqali xabarlashganimizda,jiddiy mashg‘ulot qilib turishimni , yaqinda janubiy koreyalik promouterlar O‘zbekistonga borishini aytdi. O‘sha erda o‘zlariga maqul tushganlari bilan shartnoma imzolashi borasida ham ma’lumot berdi. Ularning kelishiga Nabijon aka Toshkentda professional boks oqshomi tashkil qildi va o‘shanda menga jang qilish imkoniyatini ham taqdim etdi. Yaratganni o‘zi qo‘llab, raqibimni birinchi raundda nokautga uchratdim. Harakatlarim ularga maqul kelib, shartnoma tuzdik va hozirda ushbu promouterlik kompaniya safidaman.

- Yuqorida ta’kidlab o‘tdingiz  hozirda murabbiyingiz yosh iste’dodli  Bobur Najmiddinov hisoblanadi. Meni qiziqtirayotgan xolat, Bobur bilan yoshingiz teng. Aytingchi, munosabatlar qanday ko‘rinish oladi. Ustoz va shogird sifatidami?

- Darxaqiqat, Yoshimiz ham teng, oy borasida ham bir xillik faqatgina kunida farqi bor xolos ????. Bu erga ya’ni Vetnamga kelganimda Boburdan o‘zim iltimos qilganman. Siz bugundan boshlab ustozimsiz va meni kamchiliklarimni o‘zingiz xoxlagan tarzda tushuntirishingiz mumkin. Bundan xafa bo‘lmayman. Chunki, shogirdingizman deb. Birgalikda ishlayapmiz. Nasib qilsa, yaxshi natijalar qayd eta olamiz.

-  "O‘zbek Kanelosi" ushbu nomni sizga kim berdi? Yoki o‘zingiz qiziqanligingiz uchun tanlov o‘zingiz tomonidan bo‘ldimi?

- Bu erdagi harakatlarimni ko‘rib, promouterlarim jang olib borish uslubing Saul Kanelo Alvaresga o‘xshar ekan deya “Kichik Kanelo” nomini berishdi. “O‘zbek Kanelosi”esa o‘zimning ideyam. Aslida, “Kanelo” ta’rifini promouterlarim bergan. Shu bokschi darajasiga chiqish uchun yaxshi niyat ila bu nom ostida janglarga chiqa boshladim.

x

Vetnam guruchining mazasi Andijon devzirasi bilan baxslasha oladimi?

-  "Cocky buffalo" Janubiy Koreya promouterlik tashkiloti. Lekin ba’zasi Vetnamda joylashgan. Bu nima bilan bog‘liq. Qolaversa, ba’zaning imkoniyatlari, qulayliklari borasida ham so‘zlab bersangiz?

- Bu erning o‘ziga xos tabiati bo‘lsa kerak. Chunki, mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun ajoyib joy. Tog‘, dengiz barchasi bor. Sharoitlar a’lo darajada. Barcha qulayliklarni yaratib berishgan. Ideal darajada desam ham bo‘ladi.

-   Vetnamdagi mashg‘ulotlar jarayonida engil yugurish mashqlarini axoli orasida bo‘lib o‘tayotganligini kuzatish mumkin. Umuman ushbu yurt xalqining bunga munosabati, qiziqishi qanday?

- Vetnam xalqini ochiqko‘ngilligi, rostgo‘yligi qoyil qoldiradi. Juda iliq munosabatda bo‘lishadi. Ko‘chalarda mashg‘ulotlar o‘tkazsak, xatto qarsak chalib olqishlab turishadi.

-  Sizlar mashg‘ulot olib borayotgan Xo Shi Min shahri kattaligi, rivoji bo‘yicha Vetnamda qaysi o‘rinlarda turadi?

- Bu shahar Vetnamning avvalgi poytaxti sanalar ekan. Hozirda, Xanoyga ko‘chganligini barcha biladi. Poytaxt bo‘lgan shahar albatta har tomonlama rivojlangan bo‘ladi. Xo Shi Min iqtisodiy tomonlama birinchi o‘rinda turuvchi shahri hisoblanar ekan.

- Ovqatlanish tartibi borasida nima deya olasiz. Dengiz maxsulotlari menyuda ko‘proq bo‘lsa kerak. Qolaversa, Vetnam odatda, guruch etishtirishda ilg‘or mamlakat hisoblanadi. Ushbu yurt  guruchining ta’mi Andijon devzirasiga o‘xshar ekanmi?

- Albatta, dengiz maxsulotlar juda ham ko‘p. Chunki, ushbu maxsulotlar inson organizmi uchun juda foydali ekan. To‘g‘risi, bu erga kelganimdan so‘ng, ushbu dengiz taomlaridan iste’mol qildim. To‘g‘rirog‘i iste’mol qilishga ko‘nikdim. Shubxasiz, turli xil guruch turlari bor. Lekin o‘zimizning devziraga etmaydi.

photo_2019-07-13_20-46-17

Shohjaxon Ergashev borasidagi shov-shuvga munosabati qanday?

-  Siz uchun, yaqin masofa va oyoqda betakror ishlaydigan eng kuchli bokschi kim?

- Saul Kanelo Alvares.

- Shoxjaxon Ergashev borasidagi shov-shuvni eshitgan bo‘lsangiz kerak. Agar, bu " piar" bo‘lsa, buni qanday izoxlagan bo‘lardingiz. Aslida shunday "piar" kerakmi?

- Sportchi uchun “piar” tabiiy xolat. Lekin bu tarzda emas. Agar, bu o‘zidan chiqqan ideya bo‘lsa, yaxshi ish qilmagan.
- Navbatdagi kamar uchun jangingizda koreyalik In Duk Seo ga qarshi jang o‘tkazasiz.Uni o‘rganishlar qanday kechmoqda?

- Bu raqibim bilan bitta boks kechasida ringa chiqqanmiz. Bu borada ham ishlar olib borilyapti. O‘ylaymanki, barchasi yaxshi bo‘ladi.

51568360_2327517547526454_427385491181010944_n

Endi blits savollar:

Bokschilardan birini tanlashingiz kerak bo‘ladi.

- Murodjon Ahmadaliev yoki Daniel Roman?

- Murodjon Ahmadaliev.

- Vasiliy Lomachenko yoki Orlando Solido
- Shubhasiz Lomachenko.

- Saul Alvares yoki Floyd Meyvezer

- To‘g‘ri, Meyvezer g‘alaba qozongan. Lekin baribir Kanelo

- Xuan Manuel Markes yoki Menni Pakyao

- Markes.

Jo Kalzage yoki Roy Jons
- Afsonaviy Roy Jons

- Andre Uord yoki Aleksandr Kovalyov
- Kovalyov.

- Aleksandr Povetkin yoki Nikolay Valuev

- Povetkin.

- Xosim Raxmon yoki Devid Tua
- Xosim Raxmon.

Batafsil intervyuni ertaga YouTube kanalimiz orqali tomosha qilishingiz mumkin.


 Ahmadbek EShMATOV suxbatlashdi.

boxing-pulatov

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Musa Abdurasulov
14/07/2019 15:20
Qayerda bolsaxam uzbek nomini kuklarga kutarib yurgan yurdoshlarimizga OMAD