
O‘zbek klublarining e’tiboridan chetda qolayotgan legionerimizga eronliklar qiziqmoqda
Iste’dodli futbolchimiz Siroj Hamroev mavsum boshida Tojikistonning “Xo‘jand” klubiga ko‘chib o‘tgandi va hozirgacha uning ushbu jamoadagi faoliyati ko‘ngildagidek kechmoqda. Boisi u “Xo‘jand”ning asosiy tarkibidan muqim joy egalladi.
Hamroev Sports.uz sayti uchun muloqot jarayonida bir qator e’tiborli fikrlarni bildirdi. Avvaliga u yakuniga etgan birinchi davra haqida va “Xo‘jand”dagi faoliyati xususida to‘xtaldi.
- Xudoga shukr, birinchi davrani ko‘ngildagidek o‘tkazdik, desak bo‘ladi. Birinchi davradan so‘ng, jamoamiz ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Oldimizga qo‘yilgan maqsadlardan biri OFK Kubogi guruh bosqichiga chiqish edi. Alloh yuzimizni yorug‘ qildi va biz guruh bosqichiga chiqa oldik. Oldingi bosh murabbiyimiz Nikola Lazarevich ayrim sabablarga ko‘ra uyiga – Serbiyaga ketib qoldi. Uning o‘rniga esa jamoamizga yangi murabbiy – Hakim Fuzaylov keldi. Bilasiz, u “Lokomotiv”, “Buxoro”, “Dinamo” va “Andijon”ni boshqargan. Yaxshi mutaxassis ekan. Uning qo‘li ostida mashg‘ulotlarda ishtirok etib kelyapmiz.
Ko‘z tegmasin, oxirgi paytlarda ushbu legionerimiz haqida faqat ijobiy gaplarni eshityapmiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak, unga yanada yaxshiroq takliflar vujudga kelayotgani borasida ham ma’lumotlar yo‘q emas. Masalan, Hamroevga Eron klublaridan takliflar borligi haqida ham eshitgandik. Bu masalaga Sirojning o‘zidan oydinlik kiritishini so‘raganimizda barchasini tasdiqladi.
- Takliflarga kelsak, har bir futbolchiga boshqa klublardan chaqiruvlar bo‘lib turadi. Boshqa jamoalarning qiziqishini uyg‘otishi uchun futbolchidan ko‘p mehnat talab qiladi. Natijada o‘z saviyangiz va tajribangizni oshirish uchun ko‘proq harakat qilasiz. Tan olaman, menga ayrim futbol agentlari aloqaga chiqishdi. Ular bilan gaplashganimda covid-19 koronavirus pandemiyasi tufayli bu erga kela olmayapmiz, deyishdi. Menga ma’lum qilishicha, Eron klublari o‘yinlarimni kuzatib borayotgan ekan. Shuning uchun mendan Eronda to‘p surishga bo‘lgan qiziqishim haqida so‘radi. Menimcha, bu qiziqarli variant va qaysi o‘yinchi yo‘q, derdi? Misol uchun har bir futbolchi faoliyatida yanada o‘sishga erishishni va yaxshi-yaxshi klublarda to‘p surishni xohlaydi. Xudoga shukrki, “Xo‘jand”da o‘ynayotganimdan beri ayrim jamoalar taklif bilan chiqyapti. Shuningdek, menga bog‘langan agent asli eronlik, ammo hozirda Turkiyada istiqomat qilar ekan. Boya aytganimdek, u hozirgi vaziyat tufayli Tojikistonga kela olmayapti.
Ko‘rib turganingizdek, Hamroev mehnatiga yarasha jiddiy qiziqishlarga sabab bo‘lmoqda. Lekin uning ketishiga “Xo‘jand”dagilar qanday munosabatda? Bu haqida hamyurtimiz shunday dedi:
- “Xo‘jand” jamoasi bilan ham gaplashib oldim. Ular mening transferim borasida qarshiligi yo‘q. Agar yaxshi jamoadan taklif bo‘lsa, qo‘yib yuboramiz, deyishdi. Aslida esa “Xo‘jand”dagilar mening qolishimni istamoqda. Shu sababli meni olib qolishga harakat qilishyapti. Bu yog‘ini vaqt ko‘rsatadi.
Hamroev bungacha O‘zbekistonda, jumladan “Mash’al”, “Sho‘rtan”, “Andijon”, “Dinamo” singari jamoalarda to‘p surgan va doim o‘zidan yaxshi taassurotlar qoldirgan. “Xo‘jand”dagi ishonchli o‘yinlaridan keyin ham uni yana ortga qaytarish uchun o‘zimizning klublardan takliflar bormi, degan savol bilan futbolchimizga murojaat qilganimizda quyidagicha javob qaytardi:
- To‘g‘risini aytsam, hozircha menga O‘zbekiston chempionatidan hech kim aloqaga chiqqani yo‘q. Birorta klubdan taklif bo‘lmadi. Lekin Eronning ikkita jamoasidan menga aniq taklif borligi ma’lum bo‘ldi. Ammo hozircha ularning nomlari sir bo‘lib tursin. Agar nasib bo‘lsa, ikkinchi davrani ham “Xo‘jand”da boshlarman, bo‘lmasa boshqa klubda o‘zimni sinab ko‘raman degan niyatdaman. Hozircha esa “Xo‘jand”dagi ishlarim a’lo darajada. Boya aytganimdek, ular ham meni klubda saqlab qolishga harakat qilishyapti.
Bundan tashqari, Siroj Hamroev o‘zaro muloqotimiz jarayonida Tojikiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Usmon Toshevga alohida minnatdorchilik bildirib o‘tdi. Boisi, futbolchining faoliyatida o‘zgarish yuz berishida ushbu mutaxassisining ham yordamlari tegmoqda. Bu haqida quyida o‘qishingiz mumkin:
- Siz yaxshi bilasiz, men hozirda Tojikiston milliy terma jamoasini boshqarayotgan Usmon Toshev bilan yaxshi munosabatdaman. Shuning uchun u bilan maslahatlashdim. Agar senga yaxshi jamoalardan takliflar bo‘layotgan bo‘lsa, o‘ylab ko‘r va agar biror nimaga tushunmayotgan bo‘lsang, ayt menga yordam beraman dedi. Umuman olganda, Toshevning menga ko‘p yordami tegyapti. Shuning uchun ayni paytda yangilik bo‘lishini kutib o‘tiribman. Agar vaziyat iziga tushib, yo‘llar ochilib qolsa, o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Har qanday holatda ham Toshevga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Chunki mening “Xo‘jand” klubiga o‘tishimda ham Usmon Qudratovichning hissasi katta bo‘lgan.
Fikrlar