
O‘zbekiston - Eron: Raqamlar, faktlar, imkoniyatlar yoxud bugun qasos olishimiz kerak! (Katta prevyu)
Bugun O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionati saralashi doirasida Eronga qarshi maydonga tushadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 18:00 da start oladi. O‘yinga "Bunyodkor" stadioni mezbonlik qiladi.
Ushbu bahs oldidan SPORTS.uz sayti ijodkorlari sizga maxsus ishlangan katta prevyuni taqdim etadi.
Demak, biz boshladik. O‘zbekiston va Eron milliy terma jamoalari shu vaqtga qadar umumiy hisobda 12 ta qarama-qarshilik doirasida kuch sinashgan. Vakillarimizda atigi bitta g‘alaba bor, yana bir o‘yin durang natija bilan yakun topgan. Qolgan 10 ta uchrashuvning barchasida eronliklarning qo‘li baland kelgan.
Ko‘rib turganingizdek, ushbu raqib biz uchun Osiyoda o‘ta noqulayligi bilan ajralib turadi.
Mazkur jamoalar o‘tkazgan o‘zaro bellashuvlarda Sardor Azmun va Ali Dai 3 ta gol bilan to‘purar hisoblanadi. Qolaversa, Mehdi Torabi, Mehdi Taremi va Saidjalol Hossayni kabi futbolchilar 2 martadan darvozamizga yo‘l topa olishgan.
To‘plar farqi bo‘yicha ham katta ustunlik raqiblarimiz tomonida, afsuski - 3:16. Bizning 3 golimizdan bittasi avtogol sifatida qayd etilgan. Yana ikkita golni Ulug‘bek Baqoev va Eldor Shomurodov kiritgan.
Ushbu bellashuv oldidan vakillarimiz bosh murabbiyi Srechko Katanets matbuot anjumanida ishtirok etdi va o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Futbol 0:0 hisobi bilan boshlanadi. Shu sabab, imkoniyatlarni teng deyish mumkin. Yigitlarga motivatsiya shart emas. Ular oldilarida qanday raqib turganini yaxshi anglab turishibdi.
Turkmanistonga qarshi ozroq muammolar bo‘ldi, tan olaman. Biroq bu bizga jiddiy ta’sir ko‘rsata olmaydi. Ertaga biz ajoyib muhitda va stadionda to‘p tepamiz. O‘ylaymanki, hammasi biz uchun ijobiy yakunlanadi", - dedi vakillarimiz bosh murabbiyi.
Uchrashuv oldidan Eron terma jamoasi bosh murabbiyi Amir Galenoi betobligi sabab matbuot anjumanida ishtirok eta olmadi. Uning o‘rniga yordamchi murabbiy Antonio Manikone o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Bosh murabbiy Amir Galenoi biroz betob bo‘lib qoldilar, shu sabab bugun men savollaringizga javob beraman. O‘yin haqida gapiradigan bo‘lsam, ertaga qiziqarli uchrashuv bo‘lishi aniq.
O‘zbekiston terma jamoasi bilan iyun oyida to‘qnash kelgan edik, ertaga ham bizni jiddiy uchrashuv kutib turibdi. O‘zbekiston Osiyoda eng kuchlilardan biri hisoblanadi. Sloveniyalik mutaxassis juda tajribali murabbiy", - dedi forslar yordamchi murabbiyi.
Bugun quyidagi ko‘rinishda Eronga qarshi maydonga tushishimiz kutilmoqda:
Darvozabon: O‘tkir Yusupov ("Navbahor").
Himoyachilar: Farruh Sayfiev ("Paxtakor"), Abduqodir Husanov ("Lans", Frantsiya), Rustam Ashurmatov ("Rubin", Rossiya), Husniddin Aliqulov ("Rizespor", Turkiya), Hojiakbar Alijonov ("Paxtakor").
Yarim himoyachilar: Otabek Shukurov ("Fotih Karagyumryuk", Turkiya), Odil Hamrobekov ("Paxtakor").
Hujumchilar: Jaloliddin Masharipov ("Panserraykos", Gretsiya), Eldor Shomurodov ("Kalyari", Italiya), Oston O‘runov ("Navbahor").
Yana bir bor eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston - Eron bellashuvi Toshkent vaqti bilan 18:00 da start oladi. O‘yinga "Bunyodkor" stadioni mezbonlik qiladi. Chiptalarni iTicket.uz platformasi orqali xarid qilishingiz mumkin.
Foto: Husan Sabitov, matn muallifi: Shohrux Zoirov.
Fikrlar