O‘zbekiston 2018 yilda velosport bo‘yicha Osiyo kubogi va chempionatini qabul qiladi
Xalqaro velosipedchilar ittifoqi (UCI) prezidenti David Lapparten va Osiyo velosiped sporti konfederatsiyasi (ASS) prezidenti Usama Ahmad Abdulloh al-Shafar boshchiligidagi delegatsiya hamda O‘zbekiston velosiped sporti Federatsiyasi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi rahbarlari o‘rtasidagi rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar ushbu sport turini yurtimizda yanada rivojlantirish, yoshlarni bunga ommaviy jalb qilish orqali etuk va barkamol insonlar etib voyaga etkazish, ularning iqtidori va qobiliyatlarini to‘la namoyon etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish hamda O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi va Xalqaro velosipedchilar Ittifoqi o‘rtasida hamkorlikdagi loyihalarni kengaytirish va ularni amalga oshirish borasida ishlar muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuv davomida O‘zbekistonda velosport turini yanada rivojlantirish maqsadida 2018 yilda Toshkent velotrekida Osiyo kubogi, 2019 yilda esa shosse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionatini o‘tkazish, Prezidentimizning “Chorvoq” erkin turistik zonasini yaratish to‘g‘risidagi qaroriga asosan “Tour de Charwak Lake” xalqaro velopoygasi o‘tkazilishi masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari Olimpiya turi hisoblangan “BMX” va “Mauntinbayk” yo‘nalishlarida sportchi va murabbiylarning tajribasini oshirish maqsadida Toshkent viloyati hududida mazkur turlar uchun sport kompleksini (velodrom) qurishda amaliy yordam berishga kelishib olindi, O‘z navbatida Xalqaro velosipedchilar ittifoqi va Osiyo velosiped sporti konfederatsiyasi qaytadan tashkil qilingan “Tashkent City” mintaqaviy velosiped klubining turli xalqaro musobaqalarda ishtirok etishini ta’minlash va amaliy yordam berishni qo‘shimcha qilishdi.

Shunday qilib, “Tashkent City” mintaqaviy velosiped klubi 2018 yil dunyoning sakkizta davlatida shosse va trek yo‘nalishlari bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan 14 nufuzli musobaqada qatnashadi.

Uchrashuv yakunida Xalqaro velosipedchilar ittifoqi, Osiyo velosiped sporti konfederatsiyasi va O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi o‘rtasida memorandum imzolandi va esdalik sovg‘alari topshirildi.


Mazkur delegatsiya tarkibidan shuningdek, UCI Xalqaro munosabatlar bo‘limi boshlig‘i Guillame Majorie, UCIning shosse velosporti bo‘yicha komissiyasi a’zosi, Evropa velosipedchilar Ittifoqi vitse-prezidenti Aleksandr Gusyatnikov, UCIning xalqaro munosabatlar bo‘limi mutaxassisi, Ozarbayjon velosport federatsiyasi Bosh kotibi Farxod Aliev, Qozog‘iston velosport federatsiyasi Bosh kotibi Tulpar Mansurov, ushbu federatsiya vitse-prezidenti, “Astana” Prezident sport klubi ijrochi direktori Amanbek Kulchikovlar joy olishgandi.


Fikrlar