
O‘zbekiston ITKF karate-do federatsiyasi tomonidan brifing o‘tkazildi
Karate sharq yakkakurashlari orasida eng qadimiy sport turlaridan biri desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Ayniqsa, an’anaviy karate azaldan insonlarni e’tiborini tortib, o‘zini himoya qilish uchun asosiy qo‘llanma bo‘lib xizmat qilgan.
Karatening ko‘plab yo‘nalishlari qatorida yurtimizda an’anaviy (ITKF)ning rivoji uchun ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2019 yil 11 noyabrda "An’anaviy karate-do"ni yanada rivojlantirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan qayta ro‘yxatdan o‘tkazildi va Shuhrat Kushmurodov boshchiligida federatsiya tashkil etilgandi.
Albatta, pandemiya sababli, yurtimizda ushbu yakkakurash bo‘yicha o‘tkaziladigan bir qator turnirlar qoldirildi. Endi esa ushbu masalalarni hal qilish borasida ya’ni, qoldirilgan turnirlarni o‘tkazilishi, yurtimizda ushbu sport turini yanada rivojlantirish, hududiy bo‘linmalar tashkil qilish va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzining targ‘iboti federatsiyaning kun tartibidan o‘rin olgan. Shuning uchun, 27 sentyabr kuni O‘zbekiston ITKF karate-do federatsiyasida brifing o‘tkazildi.
Brifingda yuqorida ta’kidlab o‘tilgan masalalar o‘rin oldi va federatsiya rahbari Shuhrat Kushmurodov kelajakdagi rejalar bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, hal qilinmagan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish va tez sur’atlarda chekka qishloqlarda ham ushbu sport turini rivojlantirish uchun dastur yo‘lga qo‘yilishini bayon etdi. Qolaversa, yil yakunida O‘zbekiston Kubogini yuqori saviyada tashkil etilishi ham asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilandi.
Fikrlar