
O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi vitse prezidenti: "Yoshlar ittifoqi tashkiloti bilan emas, xodimi bilan muammo bo‘lgan"
Bugun, poytaxtimizda joylashgan shaxmat akademiyasi binosida “Markaziy Osiyo Shaxmat Festivali”ga bag‘ishlangan ommaviy axborot vositalari hodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Jurnalistlar tomonidan yo‘llangan savollarga asosan FIDE Prezidenti maslahatchisi Berik Balgabaev hamda O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi vitse-prezidenti Husan Turdalievlar javob berishdi. Biz ba’zi savol-javoblarni e’tiboringizga havola etamiz...
- Sport telekanali muhbiri: O‘zbekistonlik shaxmatchilarning saviyasini qanday baholaysiz?
- Berik Balgabaev: Bilasizmi bu yurt shaxmatchilarining saviyasi juda yuqori. Ajoyib, natijalar qayd etib kelishadi. Qolaversa, mening yurtim Qozog‘iston vakillari bilan ham ko‘p to‘qnash kelganligi uchun bu borada ijobiy fikr bildira olaman.
- UZ24.uz muhariri: Balki ushbu turnir geografiyasini kengaytirish kerakdir. Chunki, hozir ishtirok etayotgan mamlakat vakillarini har qanday musobaqada shaxmatchilarimiz mag‘lub etib kelishgan. Balki, Rossiya, xitoylik aql gimnastikachilari bilan to‘qnash kelishsa bizning sportchilarning saviyasi ham oshgan bo‘larmidi?
- Husan Turdaliev : Albatta kengaytiramiz. Lekin ushbu mamlakat vakillarining saviyasi borasidagi fikringizga qo‘shilmagan bo‘lardim. Ular orasida xalqaro toifadagi grossmeysterlar ham ishtirok etmoqda. Juda kuchli, iste’dodli shaxmatchilar ham bor.
- Sports.uz muhbiri: Savolim avvalgisining mantiqiy davomi desak bo‘ladi. Hamkasbimiz shaxmatchilarimizning saviyasiga urg‘u berdi. Men esa mazkur musobaqani nufuziga e’tibor qaratmoqchi edim. Ya’ni, ushbu turnir an’anaviy o‘tkaziladigan bo‘lsa, butunjahon shaxmat olamining e’tiborini tortish uchun ochiq Markaziy Osiyo shaxmat festivali tarzida o‘tkazilishini imkoni bormi?
- Berik Balgabaev: Albatta, shunday tarzda o‘tkazilishi mumkin. Asta-sekin bu tomonini ham o‘ylab ko‘ramiz. Buning uchun moliyaviy tomonini ham inobatga olish kerak bo‘ladi.
- MY5 kanali muhbiri: Federatsiya hamda Yoshlar ittifoqi bilan biroz kelishmovchilik yuzaga kelgan edi. Balki bu borada o‘zingiz batafsil aytib o‘tarsiz?
- Husan Turdaliev : Bilasizmi, ushbu tashkilot G‘arbiy Osiyo chempionatiga borishimiz uchun homiylik qilmoqchi bo‘ldi. Lekin Yoshlar ittifoqining bir xodimi shaxmatchilarimizni o‘zining vakili olib borish borasida shart qo‘ydi. Biz unga u erda mutaxassis bo‘lishi lozim. Chunki, shunga oid har-xil holatlar bo‘ladi deb tushuntirdik. U inson esa, tushunishni hohlamadi va bu borada kelisha olmadik. Bor gap shu holos.
- Sports.uz muxbiri: Yoshlar ittifoqi bilan homiylik borasida kelisha olmadik deb aytib o‘tdingiz. Nahotki, O‘zbekiston Shaxmat Federatsiyasi moliyaviy ta’min etadigan doimiy homiyga ega bo‘lmasa?
- Husan Turdaliev : O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy loyihalashiirish agentligi bizni moliyalashtirib keladi. Lekin, ularning ham o‘ziga yarasha hisob-kitobi bor. Ba’zan shunday holatlar yuzaga kelib turadi. Yana shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, biz Yoshlar Itifoqi bilan oramizda xech qanday muammo yo‘q. Ularning rahbarlari bilan o‘zaro tushunmovchilikni hal qilib olganmiz. Biz umumiy tashkilot bilan emas, balki tashkilotning bir hodimi bilan kelisha olmadik. Buni to‘g‘ri talqin qilasizlar degan umiddaman.
- Shaxmat akademiyasi murabbiyi: Shunday nufuzli turnirni yosh bolajonlar o‘rtasida tashkil qilinsa yanada yaxshi bo‘lardi...
- Bu borada ham yaxshi rejalarimiz bor. O‘ylaymanki, tez orada bu ham amalga oshadi.
- Sports.uz muhbiri: Savolim ushbu turnir mavzusidan biroz yiroq bo‘lsada, fursat tug‘ilgani uchun imkoniyatdan foydalanib qolmoqchiman. Ya’ni, shaxmat vatani Hindiston emas, balki O‘zbekiston degan ma’lumotlar tarqaldi. Bu qanchalik haqiqat va bu FIDE tomonidan tan olindimi?
- Bilasizmi, tarixchilarimiz, arxeologlarimiz yurtimiz janubidan qadimiy suyakdan ishlangan shaxmat donachalarini topishgan. Bu topilma tufayli, shunday hulosaga kelingan. Bilasiz, Amir Temur bobomizning o‘g‘li Shohruhning ismi ham shoh va ruhdan olingan. Lekin bu o‘z isbotini topish kerak bo‘ladi.
Ahmadbek EShMATOV yozib oldi.
Fikrlar