
O‘zbekiston Superligasida yangi klub paydo bo‘lishi mumkin. Jamoa rahbari xorijdan. U Evropa standarti bo‘yicha stadion qurish niyatida
“Yunired” 2021 yilda Samarqand chempioni bo‘ldi. Biroq Surxondaryo mezbonlik qilgan pulka o‘yinlarida undan omad yuz o‘girdi. Klub uchtalikka kira olmadi.
Shunga qaramay, jamoa O‘zPFL e’tiborini tortdi va shu yilning 9 fevral sanasida Diyor Imomxo‘jaev uni o‘rganish uchun Samarqandga bordi. Jamoa Birinchi liganing minimal talablariga mos kelardi.
Jamoani samarqandlik tadbirkor Laziz Rahmatov va uning slovakiyalik turmush o‘rtog‘i Lyusiya Shchipova moliyalashtiradi. PFL matbuot xizmati “Yunired”ni muxlislarga yaqinroq tanishtirish maqsadida jamoa prezidenti Shchipova bilan kichik suhbat tashkil etdi.
“Ko‘p yillar Birlashgan Qirollikda ishlaganman. Turmush o‘rtog‘im bilan ham o‘sha erda tanishganmiz. Oila qurganimizga 14 yil bo‘ldi. Sabina va Amir ismli ikki farzandimiz bor”, — dedi Lyusiya biz bilan suhbatda.
“Men O‘zbekistonni yorqin kelajakka ega davlat deb bilaman. Farzandlarim bu go‘zal madaniyat o‘chog‘ida katta bo‘lishini istayman. O‘zim haqimda to‘xtalsam, jismoniy tarbiya bo‘yicha malakali o‘qituvchi maqomiga hamda magistr darajasiga egaman. Biz 2017 yilda O‘zbekistonga ko‘chib keldik va bir yil o‘tib, xususiy maktablar ochishni boshladik”.
Darhaqiqat, oila Samarqandda ingliz tili hamda matematikaga ixtisoslashtirilgan 2 ta maktab va bitta bog‘chaga ega. Bu sohalar orasida futbol sog‘lom turmush tarzini shakllantirish vositasi. Investitsiya birinchi navbatda ta’limga yo‘naltirilayotgani biz uchun eng asosiy omil bo‘lib xizmat qildi.
O‘zbekiston kubogi va Birinchi liga haqida
“O‘zbekiston kubogining saralashi juda yaxshi tashkil etildi. Musobaqa jamoamiz uchun katta motivatsiya berdi. Biz Birinchi liga jamoalariga qarshi o‘ynab, ulardan nimani kutish mumkinligini ko‘rib oldik”.
“Yunired” saralashning ilk o‘yinida ajoyib kambek namoyish etdi. Uychining “Paxtakor-79” klubi dastlabki bo‘limda 2 ta gol farqi bilan oldinga o‘tib olgandi. Ikkinchi taymda samarqandliklar bunga 4 ta gol bilan javob qaytarishdi — 4:2. Keyingi uchrashuvda “Shahrixonchi” taslim etildi — 3:2. Biroq hal qiluvchi o‘yinda “Yunired” Andijonning boshqa bir jamoasi “Andijon II”ga imkoniyatni boy berdi — 0:1.
“Katta afzallik shunda ediki, tomoshabinlarga barcha uchrashuvlarni onlayn tomosha qilish imkoniyati yaratilgandi. Bu jamoalarga keyingi o‘yinlarga tayyorgarlikda katta yordam berdi. Birinchi liga esa endigina boshlandi. Hozircha biz tashkilotchilik ishlaridan xursandmiz” — deb fikrida davom etdi suhbatdoshimiz.
Pro liga yo‘llanmasi haqida
“Menimcha, birinchilikdagi raqiblar ancha kuchli. Mavsum juda qiziqarli va ko‘plab shiddatli o‘yinlarga boy o‘tadi deb o‘ylayman”.
“Biz duch kelgan eng katta qiyinchilik — yanvarda 8 nafar futbolchimiz jamoani tark etgani bo‘ldi. Ulardan 6 nafari Superligada ishtirok etayotgan “Dinamo” jamoasiga yo‘l oldi. Bizda ularning o‘rnini to‘ldirish uchun vaqt juda oz edi. Boshqa tomondan bosh murabbiy Alisher Latipov va uning yordamchisi Sulaymon Abdullaevning qisqa vaqt ichida qilgan ishlaridan mamnunman. Men juda optimist insonman, mavsum so‘ngida jamoam Pro liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi, deb umid qilaman”.
Kelgusi rejalari haqida
“Yaqin 4 yil ichida O‘zbekiston futboli va ta’limiga bir necha million dollar sarmoya kiritishni rejalashtirganmiz. Shu asosda Samarqandda Evropa standarti bo‘yicha stadion qurish va futbol akademiyamizni kengaytirishni davom ettirish niyatimiz bor. Va, albatta, “Yunired”ni Superligada ko‘rish — bosh maqsadimiz”, — deya fikrini yakunladi Lyusiya Shchipova.
Fikrlar
Таер сотиладиган стадионлар бор экан Ичи стадион ташкариси музей овкатланиш жойлари магазин ресторанлари бор киска вактда йигма ва куриладиган. 50 .000 гача одам сигдирадиган замонааий . даври ва вакти хам аллакачон етиб келди стадионга келиб маданий дам олиш керак . Махаллага ухшаб на факат спорт балки маданият маркази булиб коллади (сукинмасдан , еввойи инсонга ухшамай ишкибозлар тахлил килишиб. Дам олАдиган жой керак ) Хамма вилоятга куриш керак. Канча буш адирлик ва Шахар атрофида Буш жойлар бекор етибди.
Стадионлар футбол булмаса кечалари ва кундизи хам хамма учун куркинчли вахимали жангохга жойга ухшайди. ( Уйинда УЗИ хакакатдан хам жанг булади)
Футболчилар ишдан ташкари
Вактда ишкибозлар Билан куришади улардан рухий кучни олишади босимни йуколишига хам сабаб булади узлари хам маза килишади. Дам олишади. Янгиликларни мухокама килишади.