O‘zbekiston terma jamoamizning mundial uchun yakuniy qaydnomasi qachon e’lon qilinadi?
2026 yildgi futbol bo‘yicha jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Turnir tarixda ilk bor 48 ta milliy terma jamoa ishtirokida yangi formatda o‘tkaziladi. Avvalgi — 1998–2022 yillar oralig‘idagi mundiallarda esa final bosqichida 32 ta jamoa qatnashgan edi.
Musobaqa uch davlatning 16 shahrida tashkil etiladi. AQShda o‘yinlar Atlanta, Boston, Dallas, Xyuston, Kanzas-Siti, Los-Anjeles, Mayami, Nyu-York, Filadelfiya, San-Fransisko va Sietlda bo‘lib o‘tadi. Meksikadan Gvadalaxara, Mexiko va Monterrey shaharlar mezbonlik qiladi. Kanadaning Toronto va Vankuver shaharlar ham mundial uchrashuvlarini qabul qiladi.
FIFA qoidalariga ko‘ra, jahon chempionatida ishtirok etadigan har bir jamoa tarkibida ko‘pi bilan 26 nafar futbolchi bo‘lishi mumkin. Ular orasida kamida 3 nafar darvozabon bo‘lishi shart.
Dastlabki kengaytirilgan ro‘yxatga 35 nafar dan 55 nafar gacha futbolchi kiritiladi. Yakuniy qaydnoma esa 23 nafar dan 26 nafar gacha o‘yinchidan iborat bo‘ladi.
Jamoalar tarkibni istalgan kunda e’lon qilishi mumkin, ammo 2 iyun kuni FIFA tomonidan rasmiy tasdiqlanadi.
JCh–2026 uchun tarkiblarni e’lon qilish taqvimi:
— 11 may: terma jamoalar 35–55 nafar futbolchidan iborat dastlabki ro‘yxatni topshirishi kerak. Unda 5 nafar gacha darvozabon bo‘lishi mumkin.
— 25 may: milliy jamoaga chaqirilgan barcha futbolchilarni e’lon qilishning so‘nggi muddati.
— 25 may — 1 iyun: jamoalar 23–26 nafar futbolchidan iborat yakuniy tarkibni e’lon qiladi. Unda 3 nafar darvozabon bo‘lishi shart.
Shuningdek, agar futbolchilardan biri jarohat olsa, jamoa turnirdagi ilk uchrashuvidan 24 soat oldinga qadar uni boshqa o‘yinchiga almashtirishi mumkin.

Fikrlar