
O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi Rossiya premer-ligasi klubi bilan uzoq muddatli shartnoma imzoladi!
Bir necha xorijiy ommaviy axborot vositalari Rossiyaning matchtv.ru saytiga tayanib, premer-liga ishtirokichisi – “Nijniy Novgorod” klubi tarkibidagi o‘zbekistonlik legioner Ibrohimxalil Yo‘ldoshev bilan yangi shartnoma imzoladi.
Manbalar yangi bitimning qancha davom etishiga aniqlik kiritmagan bo‘lsa-da, shartnoma uzoq muddatli ekani alohida ta’kidlandi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, “Nijniy Novgorod” klubi rahbariyatining birdaniga o‘zbek futbolchisi bilan shartnomani uzaytirish qaroriga kelgani bejiz emas.
Yaqinda o‘zbek futbolchisiga Moskvaning “Spartak” klubidan jiddiy qiziqish bo‘layotgani haqida xabarlar chiqqan edi. Garchi ish rasmiy taklifgacha etib bormagan bo‘lsa-da, 21 yoshli iqtidorli himoyachining premer-ligada ko‘rsatayotgan barqaror o‘yini bundan buyon uning bozori qizishidan dalolat bermoqda.
Shu o‘rinda, “spartakchilar”ning qizig‘i bejiz emas. Hamyurtimiz ikki jamoaning o‘zaro uchrashuvida moskvaliklar darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasiga bir ochko olib bergandi.
Tabiiyki, “Nijniy Novgorod” ham bu topilmasini osonlikcha boshqalarga berib qo‘ymaydi. Qolaversa, klubda 250 ming evroga olib kelingan futbolchining keyingi transferidan mo‘may daromad qilish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Ibrohimxalil Yo‘ldoshev o‘zbek futboliga ko‘plab iste’dodlarni etkazib bergan “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Iste’dodli himoyachi 2019 yilda asosiy tarkibga jalb qilindi. O‘sha mavsum bitta uchrashuvda qatnashdi va jamoasi bilan O‘zbekiston chempioni bo‘ldi.
“Paxtakor” murabbiylar shtabi yosh futbolchi muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi uchun 2020 yilgi mavsumda uni poytaxtning yana bir nomdor klubi “Bunyodkor”ga ijaraga yubordi. Bu jamoa safida 21ta uchrashuvda qatnashib, o‘z nomiga bitta gol yozdirib qo‘ydi.
Shundan keyin “Paxtakor” tarkibiga qaytgan Yo‘ldoshev “sherlar” safida o‘ndan ziyod uchrashuvda bir juft gol urishga ham erishdi.
Ibrohimxalil xorij klublari e’tiboriga ancha tushdi. O‘tgan yili Yo‘ldoshevga “Jenoa”dan qiziqish bo‘ldi. Genuyaliklar u bilan shartnoma imzolab, keyin boshqa klubga ijaraga berishi aytilgandi. Biroq, o‘sha paytlar “Jenoa”da o‘ynagan Eldor Shomurodov yosh futbolchiga avval Rossiya premer-ligasida mahorat oshirishni tavsiya qilgani ham ma’lum.
Xullas, Ibrohimxalil 2021 yilning 26 avgustida “Nijniy Novgorod” taklifini qabul qilib, ular bilan 2023 yilning yarmigacha davom etadigan shartnoma imzoladi. Yosh o‘yinchimiz Rossiya premer ligasida shu kunga qadar 19 ta uchrashuv o‘tkazib, himoyadagi vazifalarini uddalashdan tashqari, raqiblar darvozasini bir bor ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga ikki marta golli pas uzatdi.
Uning muvaffaqiyatli o‘yinlari ortida transfer summasi 800 ming evrogacha ko‘tarildi.
Rossiya klubi bilan 2023 yilning yozigacha shartnoma imzolagan hamyurtimizning transfer summasi oshib, bugungi kunda 800 ming evroni tashkil qilmoqda.
Ibrohimxalil Yo‘ldoshev 2020 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. Iste’dodli himoyachi shu kunga qadar 23 ta uchrashuvda qatnashib, Malayziya terma jamoasi darvozasini ishg‘ol qilishga ham muvaffaq bo‘lgan.
Fikrlar