
O‘zbekiston terma jamoasining navbatdagi raqibi - Kosta Rika. Ular qanday jamoa, kuchli tomonlari va kamchiliklari nimada?
Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi Kamerun bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi va 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindagi gollarga Hojimat Erkinov va Oston O‘runov mualliflik qildi.
Katanets shogirdlari 27 sentyabr kuni KONKAKAF vakili hisoblangan Kosta-Rikaga qarshi maydonga tushdi. Shu bois, mazkur o‘yin oldidan raqib terma jamoaning o‘yin uslubi, ustun va kamchiliklari haqida batafsil to‘xtalishga qaror qildik.
Kosta-Rika
Laqabi: "Los Tikos"
P.S. Kosta-Rika terma jamoasining laqabi "Los Tikos" deb ataladi. Taxallus mamlakat aholisining nutqining o‘ziga xos xususiyatlari tufayli paydo bo‘lgan. Kosta-Rikaliklar kichiklashtiruvchi so‘zlarni yaxshi ko‘radilar. Ularning so‘zlarida "-ikos" va "-tikos" qo‘shimchalari qo‘llaniladi. Bunday so‘z boyligi ko‘p bo‘lgani uchun Kosta-Rikaga shunday laqab qo‘yishgan.
FIFA reytingi: 34-o‘rin.
Olti karra jahon chempionatiga ishtirokchisi (1990, 2002, 2006, 2014, 2018, 2022).
Murabbiy va o‘yin uslubi
Luis Fernando Suares Kosta-Rika terma jamoasining bosh murabbiyi hisoblanadi. Kolumbiyalik mutaxassis 2021 yilning yozidan buyon jamoani boshqarib kelmoqda.
Kosta-Rikaga qadar Suares Gonduras va Ekvador kabi jamoalarda ham ishlagan. Ta’kidlash kerakki, mutaxassis Ekvador bilan 2006 yilda Germaniyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida qatnashib, tarixiy natijaga erishdi - 1/8 final. Ekvador terma jamoasida hozirgacha uning natijasini hech kim takrorlay olgani yo‘q.
Murabbiy Lotin Amerikasida yaxshi tanilgan. Klublar va terma jamoalar darajasida u oltita davlatda ishlashga muvaffaq bo‘ldi: Kolumbiya, Ekvador, Peru, Gonduras, Meksika va Kosta-Rika.
Kosta-Rika terma jamoasining o‘yin sxemasi: 4-2-3-1, ba’zi paytlarda 5-4-1 va 4-3-3.
O‘yin uslubi: to‘psiz o‘ynash, chuqur himoya va qarshi hujum
Kosta-Rika deyarli barcha o‘yinlarda to‘p nazoratini raqibga beradi. Ba’zida raqamlarni keltiradigan bo‘lsak, statistika dahshatli ko‘rinish oladi, masalan: Panamaga qarshi 36%, AQShga qarshi 35% va Meksikaga qarshi 28%.
“Los-Tikos” himoyasida bunday taktikalar o‘z natijasini berayotganini guvohi bo‘lishimiz mumkin. Misol tariqasida, jahon chempionati saralashi doirasidagi bellashuvlar buning isboti bo‘la oladi. Kosta-Rika chuqur himoyalanishni va tezkor qarshi hujumga o‘tishni yaxshi ko‘radi. Terma jamoaning qanot chizig‘i yaxshi harakat qiladi.
O‘yin davomida taktik sxema o‘zgarib turishini kuzatish mumkin - 4-3-3 va 5-4-1.
Kosta-Rikaliklar o‘ng qanotdan hujum uyushtirishni afzal ko‘radilar. Asosan, qanotdan raqib jarima maydonchasi ichidagi ochiq turgan futbolchiga to‘p etkazib beriladi.
Terma jamoa etakchilari
Keylor Navas dunyoning eng yaxshi darvozabonlaridan biri.
Kosta-Rika terma jamoasi sardori, hozirgacha jamoa safida 107 ta o‘yin o‘tkazgan. Ushbu futbolchini ortiqcha tanishtirishga hojat yo‘q. Sababi, "Real" Madridning sobiq futbolchisi "qaymoqranglilar" tarkibida klubning barcha mumkin bo‘lgan sovrinlarini, shuningdek, PSJ bilan Frantsiya chempionati oltin medallarini qo‘lga kiritdi. Pantera - Navasning laqabi. Ajoyib reaktsiyasi tufayli muxlislar Keylorni shunday atashadi. Hozirda futbolchi 35 yoshda bo‘lsa-da, o‘zining yuqori saviyasini saqlab kelmoqda. Ammo shuni ham aytib o‘tish kerakki, Navas O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi o‘ynamaydi. Murabbiylar shtabi futbolchining hozirgi holatidan mamnun. Shu sababli, sentyabr oyidagi yig‘inga uni taklif qilishmadi.
Joel Kempbell Kosta-Rikaning asosiy hujum kuchi hisoblanadi.
"Arsenal"ning sobiq futbolchisi Kosta-Rikaning hujum chizig‘idagi eng tajribali futbolchidir.
Joel 30 yoshda, lekin hamon uning ajoyib tezligi va kuchli zarbasi saqlanib qolgan. U terma jamoa safida 117 ta o‘yin o‘tkazib, 25 ta gol urgan va Kosta-Rika uchun ajralmas futbolchi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, aynan Kempbellning goli Kosta-Rikaga jahon chempionati yo‘llanmasini taqdim etdi.
Fransisko Kalvo jamoaning eng muhim himoyachisi
30 yoshli markaziy himoyachining bo‘yi 180 sm. Shu sababli, Fransisko havoda yaxshi o‘ynaydi va muntazam ravishda boshi bilan gol uradi.
Kalvo tezkor, taktik jihatdan yaxshi harakat qiladi. U markaziy zonadan tashqari himoyaning chap qanotida ham o‘ynay oladi. Fransisko jamoaning himoyaviy o‘yinini qurishda katta ahamiyat kasb etadi. U hozirgacha Kosta-Rika safida 74 ta o‘yin o‘tkazgan.
Afzalliklari va kamchiliklari
Kuchli tomonlari: tezlik, havoda kurash, intizom
Kamchiliklari: o‘yinchilarning darajasi, yosh, hujumdagi variantlari
Kosta-Rikaliklar jismonan juda yaxshi tayyorlangan. Ko‘pincha to‘psiz o‘ynasa-da, 90 daqiqa davomida bir tempda harakat qila oladi. Oxirgi statistik ma’lumotlariga ko‘ra, Kosta-Rika Shimoliy va Janubiy Amerikada Braziliyadan keyin eng ko‘p yuguruvchi jamoa hisoblanadi.
Havoda o‘ynash “Los Tikos” futbolining ham himoyadagi, ham hujumdagi muhim qismidir. Qanotlardan hujum qilish yoki jamoa bo‘lib himoyalanish paytida ularning asosiy quroli – ikkinchi qavatdagi kurash.
Intizom Kosta-Rikaliklar uchun yuqorida sanab o‘tilganlardan kam emas. Futbolchilarning tajribasi o‘zaro bir-birini tushunishga katta yordam beradi. Boisi, o‘nga yaqin futbolchilar terma jamoa safida 60 va undan ortiq o‘yin o‘tkazgan, bundan tashqari, ko‘plab futbolchilar Kosta-Rika chempionati birga harakat qilishadi.
Kosta-Rikada yosh - jiddiy muammo. Avlodlar almashinuvi uzoq cho‘zildi va eski futbolchilarning o‘rnini bosa oladigan yoshlar deyarli topilmayapti. Buning ajablanarli joyi yo‘q, Kosta-Rika aholisi taxminan 5 million kishini tashkil qiladi. Shu bois, ular bunga o‘xshash qiyinchiliklarga duch kelishi tabiiy holat.
O‘yinchilarning darajasi ham yuqori emas. Hozir Evropada faqat ikkitasi - Keylor Navas (Frantsiya) va Fransisko Kalvo (Turkiya) o‘ynamoqda. Qolganlari asosan Kosta-Rika chempionatida, shuningdek, MLSda to‘p tepadi.
Kosta-Rikada hujum pozitsiyasida o‘ynaydigan variantlar juda kam. Jamoa to‘psiz o‘ynashga o‘rganib qolgan, bu esa g‘alaba qozonish kerak bo‘lgan paytda qiyinchilik tug‘diradi. Shu sababli, ular odatda raqibni to‘pni yo‘qotishini kutishga va tezkor qarshi hujum uyushtirishga majbur bo‘ladi.
Mahmudov Jamshidbek
Fikrlar