
O‘zbekiston va Kamerun terma jamoalarining FIFA reytingi va transfer narxlaridagi farqi qanday?
23 sentyabr kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Janubiy Koreyada Kamerun bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 11:00da boshlanadi.
Mazkur bahs oldidan jamoalarning FIFA reytingidagi o‘rni va transfer narxlaridagi farq borasida ma’lumot beramiz.
Kamerun terma jamoasi FIFA reytingida 38-o‘rinda bormoqda. Bu Afrikadagi 5-jamoa degani. Reytingda ertangi raqibimizdan o‘z qit’asidan Senegal (18), Marokash (23), Tunis (30) va Nigeriya (31) yuqorida joylashgan.
O‘zbekiston esa 77-pog‘onani band etgan. Hamyurtlarimiz Osiyoning ayni paytdagi o‘ninchi jamoasi hisoblanadi. Qit’amizda bizdan yuqorida Eron (22), Yaponiya (23), Janubiy Koreya (28), Avstraliya (39), Qatar (48), Saudiya Arabistoni (53), BAA (69), Iroq (70) hamda Ummon (75) kabi jamoalar joylashgan.
Transfermarkt portaliga e’tibor qaratsak, O‘zbekiston milliy terma jamoasining umumiy narxi 25.95 million evroni tashkil qiladi. Eng qimmat futbolchimiz Eldor Shomurodov – 8 million evro (“Roma” klubi hujumchisi). Terma jamoadagi transferi eng arzon vakilimiz Botirali Ergashev – 350 ming evro (AGMK darvozaboni).
Kamerunda bu ko‘rsatkich ancha yaxshi. Ularning ayni paytdagi umumiy narxi deyarli 155 million evroga baholangan. Terma jamoaning eng qimmat futbolchisi Mbeumo Bryan – 25 million evro (Angliyaning “Brentford” klubi hujumchisi). Eng arzon futbolchi Simon Ngapanduentnbu – 400 ming evro (Frantsiyaning “Marsel” klubi posboni).
P/S. Transfermarkt portalidagi terma jamoalar ro‘yxatida ayrim o‘zgarishlar bor. Masalan, O‘zbekiston MTJ ro‘yxatida Hojimat Erkinov o‘rniga Doston Hamdamov turibdi (qolganlar o‘z o‘rnida). Raqibimizda ham shunday kichik xatoliklar bor.
Fikrlar