"O‘zbekistonda kuchli jamoa paydo bo‘ladi" - Berdiev yana 2 ta xaridni amalga oshirmoqchiligi, futbolchilardan nimani talab qilayotgani hamda va’da haqida

  • 20 fevral, 2022, 15:10
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Turon” klubi barchasini yana boshidan boshlayapti. Pro ligaga qaytgan jamoa tushkunlikka tushmasdan, olg‘a sari intilyapti. “Turon”ning maqsadi Superligaga qaytish. Bosh murabbiy lavozimiga tayinlangan Anvar Berdievga katta ishonch bildirildi. Ushbu mutaxassis muhim masalalar yuzasidan Sports.uz muxbiriga o‘z munosabati bilan o‘rtoqlashdi.

“Turon”da ish boshlashi

- Haqiqatan jamoa oldiga bu yil ham katta vazifalar qo‘yilgan. Bu yo‘lda menga ishonch bildirishgani uchun klub rahbarlariga va “Turon”ga befarq bo‘lmagan insonlarga rahmat aytmoqchiman. Menga yuklatilgan vazifani astoydil qo‘limdan kelganicha bajarishim kerak. Qolgani nima bo‘lishini mavsum oxirida ko‘ramiz. O‘tgan yili “Turon” Superligadan tushib ketganidan so‘ng gap-so‘zlar ham bo‘ldi. Jamoada kim ishlashidan qat’iy nazar “Turon” hamisha yuksalishda davom etadi. Hozir ham bu erda yaxshi ishlar amalga oshirilyapti. Akademiya ham qurilyapti. Klub egalari katta sarmoya sarflashyapti. Bemalol ayta olamanki, yaqin yillar ichida O‘zbekistonda kuchli jamoa shakllanishiga zamin yaratilyapti. Men ham jamoaning bir bo‘lagi sifatida shu erda ishlayapman. Bor kuchimni va bilimimni jamoaga sarflashga harakat qilaman.

anvar berdiev1

Tayyorgarlik qanday o‘tyapti?

- Avvalo hammasi Xudodan. Bu yil pro liga juda qizg‘in kechadi. 5-6 ta jamoa Superligaga chiqish uchun kurashadi. Har bir o‘yinga g‘alaba uchun chiqib, oxirigacha kurashamiz. Bizga buning uchun rahbarlar hamma sharoitlarni yaratib berishgan. Misol uchun boshliqlar bu yil jamoamizni Turkiyada yig‘in o‘tkazish uchun jo‘natishmoqchi edi. Lekin o‘zimiz xohlamadik. Undan ko‘ra, Toshkentda yig‘in o‘tkazishni va o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkil etishni ma’qul ko‘rdik. Shunga ko‘ra, “So‘g‘diyona”, “Lokomotiv” singari klublarga qarshi maydonga tushdik. Shuncha sharoit va e’tiborga yarasha biz ham o‘zimiz tomonimizdan “Turon”ni Superligaga chiqishida jonbozlik ko‘rsatishimiz lozim. Oldimizga qo‘yilgan vazifa qiyin, ammo jamoani Superligaga qaytarish yo‘lida astoydil kurashamiz.

Pro ligadagi favoritlar

- Hamma jamoa bilan o‘ynash kerak, oson bo‘lmaydi, qiyin kechadi. Pro ligada o‘tkinchi o‘yinlar qolmadi. Har bir uchrashuv og‘ir bo‘ladi. Asosiy favoritlar sifatida “Andijon”, “Buxoro”, “Mash’al” kabilarni aytish mumkin. Qolaversa, “Sho‘rtan” ham Superligaga chiqmoqchi. Qolgan klublar – “Yangier”, “Zomin”, “Xorazm” va kerak bo‘lsa, “Aral”ni ham hisobdan chiqarmaslik kerak. Har bir o‘yinda 3 ochko uchun kurash jiddiy kechadi.

anvar berdiev2

Jamoaga yana kimlar keladi?

- Yana ikkita joyimiz bor. Shu bois yangi futbolchilar bilan muzokaralar o‘tkazyapmiz. Agar hammasi hal bo‘lsa, ikkita o‘yinchi qo‘shiladi. Qolgan pozitsiyalar bo‘yicha ko‘ngil to‘q, o‘zimizga kerakli futbolchilarni qo‘lga kiritdik.

Legionerlar haqida

- Ikkita yosh legionerlar bor, tojikistonlik va rossiyalik yigitlar. Ularni iqtidori katta. O‘ylaymanki, kelajakda juda ajoyib futbolchi bo‘lib etishishadi. Yaxshi futbolchilar oldida ular ham o‘sishga erishishadi. Keyin bizda koreyalik Kim Bo Yong ham bor. Bu o‘yinchini jamoamizda qoldirishgani uchun rahbarlarga minnatdorchilik bildiraman. Men bu futbolchini “Turon”da saqlab qolishni juda xohlagandim. O‘tgan yili uning o‘yinlarini kuzatib yurgandim, potentsiali katta futbolchi. Bu mavsumda uni jamoamizga ancha yordami tegadi.

anvar berdiev3

Qur’adan qoniqdimi?

- Qur’adan nimanidir kutganim yo‘q. O‘sha kuni qur’a tashlash marosimini televizor orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib bordik. Birinchi turda “Sho‘rtan” jamoasiga qarshi maydonga tushishimiz o‘ziga xos bo‘ladi. Men bu jamoaga hurmat bilan qarayman. Umuman aytganda, nafaqat “Sho‘rtan”, balki hamma klublarni hurmat qilaman. Lekin “Sho‘rtan”da uzoq yillik do‘stim Asror Aliqulov bosh murabbiy bo‘lib ishlayapti. Uning o‘z o‘yin uslubi bor. FIFA “Sho‘rtan”dan ta’qiqni olib tashladi va jamoa selektsiya ishlarini amalga oshirdi. Masalan, oldin qo‘l ostimda to‘p surgan bir qator futbolchilar hozir “Sho‘rtan”da to‘p surishyapti. G‘uzorliklarga qarshi yaxshi o‘yin bo‘ladi. To‘g‘ri, biz Aliqulov bilan do‘stmiz. Lekin o‘yin davomida bir-birimizga raqib sifatida turamiz. Ishontirib aytamanki, maydonda haqiqiy jang bo‘ladi.

Ishonch...

- Jamoada ishonch katta. O‘tgan yilgi tarkibdan 4-5 tasi qolgan. Biz deyarli yangi tarkibni shakllantiryapmiz. Ularni birlashtirish jarayoni ham olib borilmoqda. Maydonga tushishganida borini berib o‘ynashlarini talab qilaman. Ana shunda futbolda o‘sishi mumkin. Xudoga shukr, qo‘l ostimdagi barcha o‘yinchilar shu talabimga javob berishyapti. Futbolda xato bo‘ladi. Futbol o‘ynamasdan chekkada o‘tirganlar xato qilmaydi. To‘p uchun jon-jahdi bilan talashadiganlarni hurmat qilaman.

anvar berdiev4

Berdiev qanday uslubni qo‘llaydi?

- Mavsum oldidan sizlarga katta va’da berib gapirmayman. “Turon” o‘zining o‘yin uslubiga ega bo‘ladi, deb umid qilaman. Men uchun eng muhimi, futbolchilarim maydonda borini berib o‘ynashlari juda muhim. Maydonning har bir qarich erida to‘p uchun kurashishlarini ko‘rsam bu mening yutug‘im. Ha, raqibdan kelib chiqib turli taktikalarni qo‘llash mumkin. Ishontirib aytamanki, “Turon” tarkibidagi har bir o‘yinchi maydonda o‘zidagi bor imkoniyatni ishga soladigan darajada bo‘ladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!