O‘zbekistonlik murabbiylarning avstraliyalik shogirdi UFCda navbatdagi g‘alabasiga erishdi
Bugun “UFC on ESPN 21” turniri bo‘lib o‘tganligi va unda qayd etilgan natijalarni e’tiboringizga havola etgan edik. Mazkur turnirda bir-biridan shiddatli va qiziqarli janglar bo‘lib o‘tdi.
Markaziy jangda o‘rta vazn toifasi vakillari Kevin Xolland hamda Derek Branson to‘qnash keldi va unda Branson ochkolar hisobida g‘alaba qozongandi. Ushbu turnirda yana bir to‘qnashuv bor ediki, bu bevosita bizni hayajonga solganligi rost. Aniqroq qilib aytganda, asosiy kardda oktagonga ko‘tarilgan og‘ir vazn toifasidagi avstraliyalik Tay Tuyvasa hamda AQSh vakili Xarri Xansaker jangi ham bizda katta qiziqish uyg‘otgandi. Nega, degan savol tug‘ilishi tabiiy...?

Sababi, birinchi raunddayoq texnik nokaut bilan g‘alaba qozongan “Bam Bam” nomi bilan mashhur Tuyvasaning ustozi o‘zbekistonlik murabbiylar hisoblanadi. Ya’ni, avstraliyalik jangchi ko‘p vaqtlarini Dubayda o‘tkazadi va u erda Hasan va Husan Majlimovlar qo‘l ostida mashg‘ulotlar olib boradi. Ma’lumki, ushbu yurtdoshlarimiz Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida TKMMAFIT klubida murabbiylik faoliyatini olib boradi.

Aslida, aka-uka Majlimovlar qo‘l ostida mashg‘ulot olib boruvchi mashhur jangchilar talaygina. Jumladan, Umar Nurmagomedov, Movsar Evloev, Gokxan Sake, Muslim Salixov, Rustam Kerimov, Ali Isaev, Ramazan Kuramagomedov va yana bir nechta ko‘zga ko‘ringan MMA vakillari Dubayga kelgan vaqtlari ushbu vatandoshlarimiz qo‘l ostida mashg‘ulotlar olib boradi.
Shu o‘rinda, Hasan va Husan Majlimovlarni shogirdining ushbu muvaffaqiyati bilan tabriklagan holda, murabbiylik faoliyatida yanada ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishiga tilakdoshmiz!
Fikrlar