
O‘zbekistonlik yana qaysi jangchilar UFCda faoliyat yurita oladi? Mutaxassislar javob berdi
MMA olamidagi eng nufuzli UFC promoushenining nazariga tushishning o‘zi bo‘lmaydi. Albatta, bu promoushenda jahonning eng kuchli jangchilari yig‘ilgan. Ular orasida esa yurtdoshlarimiz borligi yanada quvonarlidir. Ha, UFCda bugunga kelib, uch nafar hamyurtimiz o‘z janglarini o‘tkazayapti. Jumladan, Mahmud Murodov bu promoushendagi ilk vakilimiz bo‘ldi va uchta jangning barchasida g‘alabaga erishdi. Zarruh Adashev esa startni biroz muvaffaqiyatsizlik bilan boshladi. Shuningdek, Liliya Shakirovaning debyuti ham omadsiz chiqqanligini yaxshi bilasiz. Albatta, mag‘lubiyatlarning ham o‘ziga yarasha sabablari bor va o‘ylaymizki, har uchalasining keyingi faoliyati omadli tarzda davom etadi.
Bejizga bu mavzuda so‘z yuritmadik. Sababi, bugun biz mutaxassislardan UFC promoushenida yuqoridagilardan tashqari o‘zini ko‘rsata oladigan yana uch nafar jangchimiz sirasiga kimlarni qo‘shishi borasidagi savol bilan murojaat qildik.
Jahongir Qoraboev - murabbiy
- Bunday jangchilarimiz juda ko‘plab topiladi. Agar, uchtalikka to‘xtaladigan bo‘lsak, Muzaffar Rajabov, Ahliddin Mirzadavlatov va Avliyoxon Hamidovni aytib o‘tishim mumkin.
Otabek Musaev - O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi hakamlar kengashi raisi
- Jahongir Jumaev, Olim Normurodov hamda Avliyoxon Hamidovning imkoniyatlarini yuqori baholagan bo‘lardim.
Farruh Madaminov - murabbiy
- Juda ko‘p sportchilarimiz bor. To‘g‘ri, UFC chempioni bo‘la oladi, deyishga shoshilmayman. Lekin yo‘qolib ham qolmaydi. Har bir viloyatimizda kuchli jangchilar bor va shuning uchun ham asta-sekin raqobat kuchayib, yaxshi saviyadagi jangchilar etishib chiqmoqda. Hech birini xafa qilgim yo‘q. Biroq Nursulton Ro‘ziboev, Ahliddin Mirzadavlatov va Avliyoxon Hamidov hozirda ham ushbu promoushenda bemalol o‘z o‘rnini topib oladi. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim.
Hojiakbar Hakimov - O‘zbekiston K-1 federatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi raisi
- Avliyoxon Hamidov hamda Nursulton Ro‘ziboevni aytgan bo‘lardim. Qolganlarga biroz tajriba kerak nazarimda…
Nurali Bakirdinov - sobiq sportchi (ACB hamda Alash Pride promoushenidagi o‘zbekistonlik ilk jangchi)
- Albatta, hammaning bu borada o‘z shaxsiy fikri bor. Meni nazarimda Amin Ergashev, Sirojiddin Eshonboev va Ahliddin Mirzadavlatov ham bu promoushenda o‘zlarini ko‘rsata oladi.
Suhrob Ro‘zimatov - O‘zbekiston K-1 federatsiyasi bosh kotibi
- Bobur Tagiev, Mavlud Tifiev hamda Anvar Boynazarovni aytib o‘tishim mumkin. To‘g‘ri, bular asosan muaytayning professional yo‘nalishi hamda K-1 da jang qilib kelishadi. Anvar esa, MMAdagi faoliyatini boshlab yubordi. Bobur hamda Mavlud hali bu yo‘nalishda harakat qilmagan bo‘lsa ham, ularning salohiyati etadi, deb o‘ylayman.
Sardor Rahimov - jurnalist
- UFCda jang qilishning o‘zi bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa-da, Jahongir Jumaev, Nursulton Ro‘ziboev hamda Azamat Nuftillaevning mahorati mazkur promoushenda faoliyat olib borishga etadi.
Farrux Muhiddinov - bloger
- Kuchli jangchilarimiz istalgancha topiladi. Biroq ular orasida Nursulton Ro‘ziboev, Avliyoxon Hamidov va Jahongir Jumaevning bu promoushenda ham yaxshi janglarni o‘tkazishga imkoniyatlari etadi. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim!
Jasur Alijonov -murabbiy
- Ayni kunda Nursulton Ro‘ziboevni aytishim mumkin. Nasib qilsa, qolganlar yaqin 1-2 yilda etishib chiqadi.
Fikrlar