O‘zPFLning ishchi guruhi Nukusdagi stadionni ko‘zdan kechirdi

  • 07.12.2025 21:26
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Liganing stadionlar bo‘yicha ishchi guruhi MTRK mutaxassisi bilan birgalikda Nukus shahridagi Turon stadionida bo‘lib, ta’mirlash jarayonini o‘rgandi. Bu haqida O‘zPFL matbuot xizmati xabar bermoqda. Hozirda "Turon" stadioni to‘liq yangilanish jarayonida bo‘lib, qurilish bosqichida translyatsiya standartlari va texnik talablarning inobatga olinishi kelgusida muhim ahamiyat kasb etadi. 

Tecno

Stadionni o‘rganish davomida translyatsiya bo‘yicha qator muhim jihatlar kelishib olindi:

• asosiy va ofsayd kamera platformalari hamda maydon atrofidagi kameralar joylashuvi nuqtalari, ularni kabellashtirish va jihozlash masalalarida o‘zgarishlar amalga oshiriladi;

• markazlashgan VAR tizimi uchun alohida zona va uning texnik ta’minoti masalasi rejaga kiritiladi;

• VAR va ko‘chma televzion stantsiyaning joylashuvi, ularning uzluksiz ishlashi uchun zarur internet va elektr ta’minoti masalasi joriy qilinadi.

"Turon" stadionida barcha kamera platformalarini kabellashtirish va ulanishlarni yagona "Patchroom"da markazlashtirish tizimini joriy etish Liganing asosiy talablaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizdagi ko‘plab stadionlar bunyod etilayotganda mazkur masala inobatga olinmagan bo‘lib, ushbu holat translyatsiyalar sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatib keladi.  

Rekonstruktsiya qilinayotgan stadioni 12 000 tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘lib, tomoshabinlar uchun yopiq tomga ega zamonaviy inshootga aylantirilmoqda. Stadion FIFA standartlariga javob beradigan so‘nggi turdagi sun’iy chim, zamonaviy yoritish tizimi bilan jihozlanadi va kelgusida Superliga uchrashuvlarini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. "Aral" klubi Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa, stadion 2026 yil bahorida to‘liq foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Har qanday holatda ham uning ishga tushishi 2026 yilgi mavsumda amalga oshirilishi belgilangan.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!