
Paralimpiya assotsiatsiyasi Paralimpiya qo‘mitasiga aylantirildi, unga Muxtorxon Tashxodjaev rais etib saylandi
Joriy yilning 18 may kuni O‘zbekistonda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishlarini ta’minlash va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoev “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Shu munosabat bilan 25 may kuni O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasining Bosh Assambleya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Paralimpiya qo‘mitasi rahbariyati, xodimlari, trenerlari, sportchilari va qo‘mitaning viloyat bo‘limlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri A.Abduhakimov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda paralimpiya harakatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan yutuqlarga alohida to‘xtalib, bu jarayonda O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasining xizmatlarini alohida e’tirof etdi.
Shu bilan birga soha rivojida bir qator muammolar to‘planib qolgani, ularni bartaraf etishda yaqinda imzolangan “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi Bosh Assambleyasi o‘z ishini boshladi. Uni assotsiatsiya raisining o‘rinbosari Sharif Mo‘minjonov olib bordi.
Bosh Assambleya kun tartibiga 3ta masala kiritilgan edi. Bular:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 18 maydagi “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–5114-sonli qarori asosida O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasini tashkil etish;
2. O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasining Nizomini tasdiqlash;
3. O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi rahbariyatini saylash.
Shuni alohida ta’kidlash kerak, Prezident qarori bilan mamlakatimizda Paralimpiya harakatini yangi bosqichga olib chiqish ko‘zda tutilgan. Bu borada bir qator ishlar amalga oshirilishi ham qarorda belgilab qo‘yilgan. Jumladan:
– barcha turdagi sport ta’lim muassasalarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sport bo‘limlarini bosqichma-bosqich tashkil etish hamda iqtidorga ega bo‘lgan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni tanlab olish, ularni sport turlariga yo‘naltirish, tayyorlash hamda oliy sport mahoratiga erishishni ta’minlovchi uzluksiz yagona kompleks tizimni joriy etish;
– paralimpiya sport turlari bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yaratish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish;
– jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashlarini rag‘batlantirish, jismoniy va ijtimoiy moslashuvi integratsiyasini dasturiy-uslubiy ta’minlash;
– Sport ta’lim muassasalarida (shu jumladan, oliy ta’lim muassasalarida) faoliyat yuritayotgan paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarning mehnatiga haq to‘lash va rag‘batlantirish tizimini kuchaytirish;
– paralimpiya sport turlarini rivojlantirish va muvofiqlashtirish, uslubiy qo‘llab-quvvatlash va monitoring qilish maqsadida Paralimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘linmalarini tashkil etish;
– O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Paralimpiya fakulteti hamda Paralimpiya qo‘mitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash institutini ham tashkil qilish kabi masalalar ham qarorda o‘z ifodasini topgan
Yangi tashkil etilayotgan Milliy Paralimpiya qo‘mitasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:
• paralimpiya sport turlarini ommaviylashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (selektsiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish;
• yozgi va qishki paralimpiya sport turlarini rivojlantirishga ko‘maklashish, sport ob’ektlari va inshootlarining kontseptsiyalari, texnik topshiriqlari, texnik-iqtisodiy asoslari/parametrlari va boshqa loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
• paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanadigan trenerlar, uslubchi-yo‘riqchilar hamda boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish va kasbiy rivojlantirishning zamonaviy va samarali tizimini joriy etish;
• respublikada yoki boshqa xalqaro sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari) va boshqa tashkilotlarida o‘z a’zolarining huquq va qonuniy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish, o‘z a’zolarini axborot, ilmiy-uslubiy va moddiy-texnik jihatdan ta’minlash;
• paralimpiya sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha klublar faoliyatini tashkillashtirish va samarali boshqarish, milliy va xalqaro sport tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilish va tajriba almashish.
Bosh Assambleya yig‘ilishida “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori asosida O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasini tashkil etish taklifi ma’qullandi.
Shuningdek, Milliy Paralimpiya qo‘mitasining Nizomi loyihasi ham delegatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
Nihoyat, kun tartibidagi asosiy masala, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi rahbariyatini saylash masalasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri A.Abduhakimov so‘z olib, ushbu lavozimga shu kunga qadar O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi sifatida faoliyat olib borgan Muxtorxon Maxsudovich Tashxodjaev nomzodini ilgari surdi.
Rio-2016 Paralimpiya o‘yinlari hamda Jakarta-2018 (Indoneziya) ParaOsiyo o‘yinlarida yurtimiz paraatletlari tomonidan qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar zamirida ham Muxtorxon Maxsudovichning xizmatlari beqiyos bo‘lganligi e’tirof etildi.
Bosh Assambleyaga taklif etilgan delegatlar bir ovozdan M.Tashxodjaev nomzodini O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi etib saylashdi.
Shuning bilan O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi Bosh Assambleyasi o‘z ishini yakunladi.
Fikrlar