"Paxtakor" - "Navbahor": O‘zaro o‘yinlarda ustunlik kim tomonda? (prevyu)
O‘zbekiston Superligasi 4-turi doirasida “Navbahor” safarda “Paxtakor” mehmoni bo‘ladi.
Oliy ligamizning muntazam ishtirokchisi bo‘lgan mazkur klublarning o‘zaro uchrashuvlari tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, jamoalar hozirgacha 62 marta o‘zaro ro‘baro‘ kelgan. O‘zaro o‘yinlar bo‘yicha ustunlik poytaxtliklar tarafida.
O‘tkazilgan bahslarning 38 tasida “sherlar” zafar quchgan bo‘lsa, 13 ta o‘yinda “lochinlar” g‘alaba qozonishgan, 11 ta uchrashuvda esa durang qayd etilgan. “Paxtakor” “Navbahor” darvozasiga 103 ta to‘p kiritib, o‘z darvozasidan 48 ta to‘p o‘tkazib yuborgan.
O‘zaro o‘yinlarda “sherlar” 125, “lochinlar” esa 50 ochkoni qo‘lga kiritgan. Ushbu jamoalarning o‘zaro o‘yinlari tarixida qayd etilgan eng yirik hisob - 7:0. Ushbu hisob 2009 yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qayd etilib, unda “Paxtakor” zafar quchgandi.
Mazkur klublar shu kungacha Toshkentda 31 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, ushbu uchrashuvlarning 25 tasida “sherlar” g‘alaba qozonishgan, 5 ta o‘yinda durang qayd etilgan va 1 ta bahsda “lochinlar” zafar quchishgan.
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan o‘yinlarda “Paxtakor” “Navbahor” darvozasiga 67 ta gol urib, o‘z darvozasidan 19 ta to‘p o‘tkazib yuborgan. Eslatib o‘tamiz, “Paxtakor” – “Navbahor” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 1 aprel kuni soat 19:00 da “Paxtakor” stadionida boshlanadi.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati

Fikrlar