
"Paxtakor"ga oson, "Nasaf"ga qiyin. "Navbahor"gachi?
Tez orada Superligada eng muhim palla boshlanadi. Xo‘sh, hozir chempionlik uchun kurash olib borayotgan jamoalarning qay biri taqvimdan xursand bo‘lishi mumkin? Yana kimlar uchun musobaqa yakunidagi o‘yinlar anchagina kuchli raqiblar bilan to‘qnash kelishga majbur qilmoqda? Bugun kuchli to‘rtlikdagi jamoalarning chempionat yakuniga qadar kimlarga qarshi to‘p tepishini ko‘rib chiqamiz!
4-o‘rin. “Sug‘diyona”
Amalda chempionlik poygasidan chiqib ketgan bo‘lsa-da, rasman hali kurashda ishtirok etayotgan “Sug‘diyona” musobaqa so‘ngida qolganlarga nisbatan ancha engilroq raqiblar bilan kuch sinashadi. Jizzaxliklar o‘zidan oldinda ketayotganlardan faqat “Nasaf” mehmoni bo‘ladi, xolos. Baqoev shogirdlarida mavsumni yuqori notada yakunlash imkoni bor. Grandlarning barchasi o‘zaro o‘yinlarda ochko boy berishi aniq.
Bu vaziyatda o‘rtamiyona klublarga qarshi bellashuvlarda “bo‘rilar” ochko jamg‘arishda davom etsa, yakunda kuchli uchlikda ham bo‘lishi hech gap emas. Umuman olganda, taqvim jizzaxliklarga pistirmada kutish va kerak paytda turnir jadvalining yuqorirog‘ini ishg‘ol etish imkonini taqdim etmoqda.
3-o‘rin. “Paxtakor"
“Sherlar” butun mavsum davomida juda ko‘p keraksiz vaziyatlarda boy berilgan ochkolar sababli peshqadamga aylana olmadi. Maksim Shatskix kelgach, vaziyat biroz ijobiy tomonga o‘zgara boshladi. Hozir, “Paxtakor” urilgan va o‘tkazib yuborilgan gollar soni borasidagina Qarshi klubdan ortda bormoqda. E’tiborlisi shundaki, toshkentliklar qolgan 7 ta o‘yinning atigi ikkitasini mehmonda o‘tkazadi.
Aniqroq qilib aytsak, amaldagi chempion faqat “Surxon” bilan mehmonda o‘ynaydi. “Bunyodkor” bilan bahsda jamoa o‘zini mehmondagidek his etmasa kerak. "Paxtakor" muxlislarini xursand qilayotgan yana bir omil bor: “Nasaf” bilan uydagi to‘qnashuv. Agar maydon egalari “ajdarlar”dan 3 ochko olsa, oltin medallar taqdiri to‘liq o‘z qo‘llariga o‘tadi. Qolgan jamoalar o‘zining barcha o‘yinida zafar quchsa ham, “sherlar”ning ochko yo‘qotishini kutishga majbur. So‘nggi 7 turdagi o‘yinlarning 6 tasi Toshkentda o‘tishi Shatskix shogirdlariga chempionlik poygasida yaxshigina impuls berishi aniq.
2-o‘rin. “Navbahor”
Barcha-barchasi Samvel Babayan jamoasining o‘z qo‘lida edi, ammo “Sug‘diyona” bilan o‘yinda boy berilgan 2 ochko “Navbahor”ning turnir jadvalidagi ustunligini yo‘qqa chiqardi. Bir qarashda, “lochinlar” Superliganing o‘rtamiyona jamoalari bilangina maydonga tushadigandek tuyulishi mumkin, ammo so‘nggi turlarda “Neftchi”, “Metallurg” singari klublardan 3 ochko tortib olish oson bo‘lmasligi aniq.
Shunga qaramay, “Navbahor”da chempionlik uchun yaxshigina imkoniyat bor. “Paxtakor” yoki “Nasaf”ning birgina qoqilishi namanganliklarni poygada oldinga chiqib olishi uchun etarli bo‘lishi aniq. Boz ustiga, "lochinlar"da 6 ochkolik o‘yinlar qolmadi. Chempionlik uchun asosiy da’vogar “Nasaf” va “Paxtakor” bo‘lsa-da, “Navbahor” ularni zimdan ta’qib qilib kelmoqda.
1- o‘rin. "Nasaf"
Superligada peshqadamlik qilayotgan “ajdarlar”ni oldinda naqd ettita jang kutib turibdi. Ularning birinchisi juda ko‘p narsani hal etib berishi mumkin. Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari keyingi turda “Paxtakor” bilan kuch sinashish maqsadida Toshkentga tashrif buyuradi. Keyin, o‘z uyida Ulug‘bek Baqoev shogirdlari bilan to‘qnash keladi. Desertga Navoiyda Lazarevichning "jangari yigitlari" “ajdarlar”ni sinovdan o‘tkazadi.
Hozir, Berdiev jamoasi yaxshi formada. Mavsum o‘rtasida qarshiliklar safiga kelib qo‘shilgan legionerlar mana endi katta sahnaga chiqishi kerak. Shuningdek, “Nasaf” etakchilari qahramonlik ko‘rsatishiga to‘g‘ri keladi. Bu o‘rtaga 30 yillik orzu tikilgan ettita o‘yin. Qarshilik charm to‘p ustalarining xato qilishga haqqi yo‘q! Oldinda “Nasaf”ni kutayotgan raqiblarga nazar solar ekansiz, buni uddalash oson bo‘lmasligini anglash qiyin emas. Shunga qaramay, Superliga oltin medallari uchun “Nasaf” hozir kurash olib bormasa, keyin bu qadar qulay imkoniyat bo‘lmasligi aniq.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar