"Paxtakor"ning sobiq ustozi "Nasaf"ni final favoriti ekanligini aytdi. Sababi esa...
Samarqandda o‘tadigan O‘zbekiston Kubogi finali orqali joriy yildagi chempionat butunlay tugaydi.
“Paxtakor” va “Nasaf” ishtirokida jiddiy jang kechishi aniq. Ko‘pchilikda bu o‘yin katta qiziqish uyg‘otayotgani ham rost. Kimdir yutishi aniq. Faqat bu qaysi klub bo‘lishini uchrashuvdan so‘ng bilib olamiz.
Bir necha yil mobaynida “Paxtakor”da ishlagan va bosh murabbiylik qilgan Murod Ismoilov final oldidan jamoalarning imkoniyatlari borasida o‘z munosabati bilan o‘rtoqlashdi.
O‘yin oldidan
- Haqiqiy sport tamoyillaridan kelib chiqib aytsak, chempionlikdan keyin “Paxtakor”ning ruhiyati ham, kayfiyati ham yaxshi. Ularda bosim yo‘q. Shu sababdan maydonda bemalol va xotirjam o‘ynashadi. “Paxtakor” xotirjam o‘ynaganida o‘yini yaxshi chiqishi mumkin. “Nasaf”ga kelsak, klub sovrinli o‘rinlarni boy berib qo‘ydi. Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etishi uchun albatta Kubokni yutishi kerak, to‘g‘rimi? Ularda orqaga hech qanday yo‘l yo‘q. Tabiiyki, “Nasaf”da bosim katta bo‘ladi. Agar finalda “Nasaf” o‘sha bosimni engib oladigan bo‘lsa, jamoaning o‘yini qiziqarliroq bo‘lishi kerak. Faqat aytganimdek, bosimni engib olishi kerak. Rostdan “Nasaf”ning o‘yini menga yoqadi. O‘yin Samarqandda bo‘ladi, ikkala jamoa uchun betaraf maydon. Menimcha, Qarshidan ko‘proq muxlislar kelsa kerak. Ularning qo‘llab-quvvatlashi ham “Nasaf”ga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ikkala jamoaga ham omad tilagan holda faqat chiroyli futbolni kutib qolamiz. Shaxsan men ham chiroyli futbolni kutaman. Masalan, kuni kecha “Olimpik” bilan “Mash’al” o‘ynadi. Menga “Olimpik”ning o‘yini yoqdi. Natijaga ahamiyat bermayman, faqat futbolni o‘zini olyapman. Maydonda o‘ynayotgan o‘yinchilarning harakatiga qarayapman. “Olimpik” munosib tarzda g‘alaba qozondi. Samarqanddagi finalda ham shunaqa o‘yin kutib qolamiz. Natijasi klublarning o‘zlariga. Biz esa mutaxassis va muxlis sifatida chiroyli futboldan rohatlanishni istaymiz.

Finalda “Paxtakor” favoritmi?
- Yo‘q, favorit sifatida “Nasaf” deb o‘ylayman. Nimaga deng, chunki g‘alaba ularga ko‘proq kerak-da. Boya aytdim-ku, “Paxtakor” chempion bo‘ldi, xotirjam to‘p suradi. Bunday pallada klubning o‘yini chiqishi mumkin. Ammo o‘ta xotirjamlikka berilib qolsa, muammolar paydo bo‘lishi ham hech gap emas. G‘alaba “Nasaf”ga suv va havodek zarur. Hozirgi kunda “Nasaf” Kubokni olishga loyiq. Jamoaning o‘yini ajoyib. To‘g‘ri, “Paxtakor” ham chiroyli o‘ynaydi. Biroq qarshiliklarning o‘yini menga ko‘proq yoqadi. Bu bilan “Paxtakor”ning imkoniyatini past baholamoqchi emasman. Faqat o‘z fikrimni aytyapman va chiroyli futbol tarafdoriman. Yana bir tomoni ham bor-da, agar “Nasaf” yutadigan bo‘lsa, Osiyo Chempionlar ligasida qatnashadigan o‘zbek klublari soni oshadi. Aynan shu ma’noda “Nasaf”ni favorit deb hisoblayapman. Yosh futbolchilarimizga xorij klublari bilan o‘yinlar katta tajriba bo‘ladi.

Qanday hisob qayd etiladi?
- Final o‘yiniga jamoalar qanday holatda kelishiga ko‘p narsa bog‘liq. Nazarimda, qaysi jamoa g‘alaba qozonsa ham ikkita to‘p farqi bo‘lishi mumkin. O‘zi men bashorat qilishni yoqtirmayman. Ammo jamoalarning salohiyati shunga olib kelyapti. Ikkala klub ham hujumkor o‘yin ko‘rsatadi. Demak, himoya chiziqlarida bo‘sh hududlar, muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ikkala klubda ham standart vaziyatlardan foydalana oladigan futbolchilari bor.
Cheran va Stanoevichning yo‘qligi ko‘proq qaysi klubga zarar?
- Finalda “Paxtakor”dan Dragan Cheran, “Nasaf”dan Marko Stanoevich o‘ynamaydi. To‘g‘risi, bu ko‘proq “Nasaf”ga zarar. Cheranning yo‘qligini bilgandim, to‘g‘risi, Stanoevichni ham o‘ynamasligini bilmagandim. Markoning ajoyib uzatmalari, zarbalari bor edi. Albatta, Ro‘ziqul Berdiev endi boshqacha tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lsa kerak. Stanoevichning yo‘qligi albatta bilinadi. Cheranni esa qaysidir o‘yinda “yopib” qo‘yishgandi, o‘yini umuman chiqmadi. Unga biroz bo‘sh hudud berilsa, qiladigan ishini qiladi. Baribir yaxshi o‘yin bo‘lishi kerak.

Qiyinchiliklarni engib o‘tayotgan jamoa
- Yil boshida “Nasaf” tarkibi deyarli tarqalib ketadigan holatda edi. Qishda ular bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazaylik deganimizda bosh murabbiyning o‘zi, “Murod aka, hali muammolarimiz hal bo‘lgani yo‘q. hattoki, Toshkentga borishimiz ham muammo bo‘lib turibdi”, deb aytgandi. O‘sha paytlarda bu yil “Nasaf” qanday bo‘larkin, degan savollar paydo bo‘lgandi. Ular tayyorgarlikni ham boshqa jamoalarga nisbatan juda kech boshlashgan. Shunga qaramay, jamoa o‘z yoshlariga va tizimni ishlashi evaziga shakllandi. Mavsumni yomon o‘tkazmadi. Hattoki, OFK Kubogi finaligacha etib bordi. Bunga qoyil qolish kerak. Albatta, mana shularni ham e’tirof etish lozim. Klub irodasini ko‘rsatyapti.

Fikrlar