Pele va «Santos» Nigeriyadagi urushni to‘xtatib qolganmi?

  • 23 mart, 2020, 16:55
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pelening faoliyati juda ko‘p ajoyib sovrinlar bilan to‘la. Ularni takrorlash imkonsizdek tuyuladi. Hanuzgacha hech bir futbolchi u kabi 3 ta jahon chempioni unvonini qo‘lga kirita olmadi, bundan keyin ham ushbu natijani takrorlash imkonsizdek ko‘rinadi. Yoki u tomonidan kiritilgan 1000 ta golni olaylik. To‘g‘ri, bu gollar urilgan jamoalarning sifati yuzasidan hali-hanuz munozaralar davom etadi. Biroq fakt bu – fakt. Biror futbolchi Pelening rekordini yangilay olgani yo‘q. Yuqoridagi natijalarning o‘ziyoq uning futbol tarixidagi o‘rnini o‘chmas mavqega olib chiqishga etadi. Ammo Pele faoliyatida yana bir o‘ziga xoslik borki, bu uning nomidan butun tarix minnatdor bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi. 50 yildan buyon uning muxlislari bir savolni o‘zlariga berib kelishadi: rostdan ham u ikki davlat urushining to‘xtashiga, tinch aholiga osoyishtalik berilishiga sabab bo‘lganmi? Ushbu hikoyaning tub ildizlari 1969 yil «Santos»ning dunyo bo‘ylab uyushtirgan turnesi davriga to‘g‘ri keladi.

Pele 11_1

Pele, Pepe (Masia), Koutino (Didi) va «Santos» hujumining oldi chiziq vakillari 60 yillarning birinchi yarmida Janubiy Amerika futbolida etakchilik qilishgan. 5 karra Braziliya chempioni, 2 marta Libertadores kubogi va yana o‘sha davr futboli gegemonlari «Milan» va «Benfika»ni mag‘lub etish orqali erishilgan 2 ta xalqaro kuboklar bunga dalil bo‘lib xizmat qiladi.

Pele pepe kou

1966 yili «Santos» hech qanday titul qo‘lga kirita olmadi. Klub jahon bo‘ylab sayohat qilish maqsadida Libertadoresdan chiqib ketdi. 1966 yili AQShda, 1967 yili Italiya, Germaniya va Afrika davlatlarida bo‘lishdi. 1968 yili Argentinada «beshlik» musobaqasida ishtirok etishdi. «Boka Xuniors»ning «Bombonera» stadionida kechgan turnirda maydon egalari va «Santos»dan tashqari, «Benfika», «River Pleyt» hamda Urugvayning «Nasonal» jamoalari qatnashgan.

Pele o‘yinda

«Santos» chegara nimaligini bilmasdi. Klub o‘z yulduzlaridan maksimal foyda olish uchun har qanday ishni qilar edi. Futbolchilarning oxirgi tomchi kuchlarini ham siqib olishdan tap tortmas edi. 1959 yilgi Evropa sayohati mobaynida futbolchilar 22 kun ichida 9 ta turli mamlakatlardagi 15 ta uchrashuvda maydonga tushishga majbur bo‘lishgan. Pelening o‘zi Andres Kampomarning «Golaso» kitobida o‘sha davrlarni og‘ir jazoni o‘tash paytlaridek yodga oladi:

«Hisoblab chiqqanimda, 1960 yilning o‘zida jami 109 ta bahsda maydonga tushgan ekanman. Jamoa rahbariyati tanaffus nimaligini bilishmasdi».

1961 yilda Braziliya hukumati ham «Santos»ning ishlarini qo‘llab-quvvatlagan holda Peleni mamlakatning milliy boyligi deb e’lon qildi va uni hech qaysi xorijiy klubga sotmaslik haqidagi billga imzo chekdi. Shu tariqa «Santastikos»ning shafqatsiz safarlari davom etadigan bo‘ldi.

Pele foto

1969 yilda braziliyaliklar Afrikada qonli qo‘zg‘olonlar bo‘layotganiga qaramasdan, «qora qit’a»ga yo‘l olishdi. Nigeriyadagi urush ikki yil avval, 1967 yildayoq boshlangandi. Biafraning markaziy hokimiyatni rad etishi bilan boshlangan fuqarolik urushining 2 yilligi davomida 2 mln tinch aholi halok bo‘lgan va 4,5 mlndan ortiq nigeriyaliklar 2 yil ko‘chada qolishga majbur bo‘lishgan.

Mana shunday qaltis bir paytda «Santos» urushning qoq markazi bo‘lgan shahar - Lagosga kirib keladi. Pele va uning jamoadoshlari kelishi bilan avtomatlar ovozi tinib qoladi. Braziliyalik yulduzlarning tashrifi munosabati bilan Nigeriya va Biafra o‘rtasidagi urush 48 soatga to‘xtatiladi. «Santos» va «Super Igl» jamoalari bahsi 2:2 hisobida yakuniga etadi. «Santos»dan gollarni Pelening urishi hamda mezbonlarga ham gol urish imkoni yaratib berilgani muxlislarning olqishlariga sabab bo‘ladi. Ayrim manbalarda yozilishicha, ayni o‘sha paytda Biafra va Benin o‘rtasida urush bo‘lib o‘tgan. «Santos»ning rasmiy veb-saytida esa, mintaqa harbiy gubernatori Samuel Ogbemudia «Santos»ning tashrifini milliy bayram kuni deb e’lon qilgan. Bayram munosabati bilan Benin va Biafrani bog‘lab turuvchi ko‘prik qayta ochilgan. 25000dan ziyod muxlislar «Santos» va Nigeriya to‘qnashuviga guvoh bo‘lgan. Ushbu bellashuv Lotin Amerikasi vakillarining 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan.

guerra

Pelening jamoadoshlari Jilmar va Koutinoning eslashlaricha, o‘sha o‘yin urushni 2 soatgagina to‘xtata olgan. O‘yin yakuniga etishi bilan yana urushni davom ettirishga belgi beruvchi o‘q ovozlari va samolyotlarning uchib o‘tayotgani eshitilgan.

«Hattoki urushni to‘xtata olganimiz bizning naqadar kuchli bo‘lganimizning yana bir isboti»,- deydi Pelening yana bir jamoadoshi Lima, «Biz urush bo‘layotgan joyga kirmasligimiz mumkin edi. Lekin unday qilmadik. Biz o‘ynashni xohladik va shunday qildik».

Bu voqea 2005 yili «Taym» jurnalida bosilib chiqdi. Undagi maqolada: «Qanchadan qancha diplomatlar va siyosatchilar 2 yil mobaynida to‘xtata bilmagan urushni, «futbol afsonasi» va uning jamoadoshlari 3 kunga bo‘lsa-da yo‘q qilishdi»,- deyiladi.

river

2012 yili Pele Gabonga tashrif buyurganida tarixni esladi va o‘sha qonli yillarda ularning urush bo‘layotgan joyga ketayotganlarini ba’zilar ahmoqlik deb ta’riflaganlarini yodga oldi:

«Biz Librevil va Kinshasada o‘ynagan edik. O‘sha paytlardagi prezident Ali Bongo odamlarga qarata: «Biz urushni to‘xtatishimiz kerak. Biz Peleni ko‘rgani boramiz», degandi. Urush haqiqatan qam to‘xtadi. Biz uchrashuvni ajoyib o‘tkazib, yurtimizga qaytdik. Hammasi fantastik tarzda bo‘lib o‘tgan. Bu voqealarni unuta olmasam kerak»

Yuqorida sizlarga taqdim etilgan voqealar bo‘lganiga yarim asrdan oshdi. Faktlar ham tahmindek jaranglaydi. Ha, barchasi klubning moliyaviy foydasi fonida bo‘lib o‘tgan. Biroq mana shu turne qanchadan qancha odamlarning tinchligini qisqa muddatga bo‘lsa ham ta’minlab bergan. Qaysidir ma’noda, kelgusidagi mutlaq osoyishtalikka ham zamin yaratgandir. To‘g‘ri, Pele davrida futbol bugungidek rivojlanmaganligi uning 1000 goli narxini biroz tushirishi mumkin. Ammo bu gollarning umumjahon tarixidagi o‘rni beqiyos. Mana nima uchun uning gollarining qiymati baland. Mana nima uchun uni «futbol qiroli» deb atashadi…

Goal.com nashri ma’lumotlariga tayanib

Abdulvosid Valixonov tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!