Peres Xabi Alonsoni iste'foga chiqarishda xato qilganini tan oldi
"Real" prezidenti Florentino Peres Xabi Alonsoni bosh murabbiylikdan olish masalasida xatoga yo‘l qo‘yganini hisoblamoqda.
Alonso 12 yanvar kuni Ispaniya Superkubogi finalida "Barselona"dan 2:3 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng lavozimini tark etgan, uning o‘rnini Alvaro Arbeloa egallagandi.
"ABC" ma'lumotiga ko‘ra, Peres murabbiyni dekabr boshida "Selta"ga qarshi chempionatdagi 1:2 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyinyoq iste'foga chiqarmoqchi bo‘lgan. Biroq klub bosh direktori Xose Anxel Sanches uni biroz kutishga ko‘ndirgan. Florentinoning fikricha, murabbiy almashinuvi kech amalga oshgan va bu Arbeloa uchun vazifani murakkablashtirgan.
Manbaga ko‘ra, klub prezidenti Arbeloadan minnatdor va unga alohida hurmat bilan qaraydi, ammo uni kelasi mavsumda bosh murabbiy sifatida qoldirish niyatida emas. Peresning fikricha, na Alonso, na Arbeloa kutilgan ishonchni oqlay olgan.
"Real" rahbari jamoa futbolchilari so‘nggi ikki mavsumga nisbatan yaxshiroq o‘yin ko‘rsatayotganini va top darajadagi murabbiy ularning salohiyatini to‘liq ochib bera olishini o‘ylamoqda. Shu bois, u yozda jamoani kim boshqarishi masalasini sinchiklab ko‘rib chiqmoqchi.
Shuningdek, Peres tarkibda katta inqilob shart emas, deb hisoblaydi. Klub markaz va o‘ng qanot himoyasini, shuningdek yarim himoyani kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Qolgan pozitsiyalar esa faqat kichik tuzatishlarga muhtoj deb baholanmoqda.
Madridliklar "Komo"dan Niko Pas va "Osasuna"dan Viktor Munyosni qayta sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Ijaradan "Lion"da to‘p surayotgan Endrik ham qaytishi kutilmoqda.
Franko Mastantuono ijaraga berilishi, Gonsalo Garsiya esa qayta sotib olish sharti bilan sotilishi mumkin.
Ayni paytda "Real" 32 turdan keyin 73 ochko bilan La Ligada ikkinchi o‘rinda bormoqda. Jamoa bir o‘yini kam bo‘lgan "Barselona"dan 6 ochko ortda qolmoqda.

Fikrlar